
Srechko Katanetsning Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston U-23 terma jamoasidan ko‘ngli to‘lmayaptimi?
Kecha O‘FAda Srechko Katanets ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Janubiy Koreya safari oldidan murabbiy jurnalistlar savollariga javob berdi. Xabaringiz bor, u erda Kamerun va Kosta-Rika terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik bahslarida maydonga tushamiz.
Ushbu bellashuvlarlar oldidan Srechko Katanets kengaytirilgan tarkibni e’lon qilgandi. Shunda ko‘pchilik futbolchilar tanlovi borasida murabbiyga o‘z variantlari bilan birga tanqidlarini yog‘dirdi. Jumaladan, men ham.
Srechko Katanets tarkib e’lon qilinganidan to 18 sentyabrgacha OAVda chiqqan materiallarni ko‘rgan va o‘rgangani sezildi. Kamida bir kun avval notiqlik mahorati bo‘yicha darsga borgan bo‘lsa ham ajablanmayman. Chunki jurnalistlar bermoqchi bo‘lgan savollarga oldindan javob berib, hammasiga tayyorligini ko‘rsatib qo‘ydi. Berilgan savollarga ancha xotirjamlik bilan yondashdi.
Tan olish kerak ayrim savollarga javobdan ko‘nglim to‘lmadi. O‘zi tanlagan tarkib va doim shu futbolchilarga ishonishini aytdi. Hatto klubda asosiy tarkibga kirmayotgan bo‘lsa ham. Biroq uning xotirjamligida nimadir bordek edi… yaxshi niyat.
Katanetsning ayniqsa, ravobat bilan bog‘liq va Jamshid Iskanderov borasidagi savollarga javobini eshitib, ko‘pchilik hayron qoldi. Nega? Chunki mutaxassis Shomurodov “Roma”da zaxirada qolib ketayotgan bo‘lsa-da, tarkibga jalb etilishini bildirdi. Chunki unda tajriba bor. Jamshid Iskanderovning bo‘yi past ekanligini, Kamerun gavdali futbolchilardan tashkil topgani uchun uni tarkibga chaqirmaganini ma’lum qildi. Biroq keyin gap orasida Iskanderovda viza bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgani uchun ro‘yxatga kiritilmaganligi aytildi.
Futbolda bo‘y hamma narsani hal qilmasligini yaxshi bilamiz. Agar Jamshid himoyachi yoki hujumchi bo‘lganida, murabbiyning fikrida jon bor, derdim. Biroq yarim himoyachi, qolaversa, engil harakatlari bilan ajralib turadigan Iskanderovga bunday bahona qilinishi g‘alati...
Jamshid Iskanderov nega O‘zbekiston terma jamoasiga kerak?
Katanets Superligada to‘purar bo‘lib turgan va ayni paytda o‘zini ko‘rsatayotganlarni noyabrdagi yig‘inga chaqirishi mumkinligini aytdi.
Ha, yana bir gap. Aftidan Katanetsning O‘zbekiston U23 jamoasidan ko‘ngli u qadar to‘lmayapti. Buni matbuot anjumanidagi fikrlaridan bilsa bo‘ladi. Yosh futbolchilar u kutgandek o‘yin namoyish etmayotganini, terma jamoada ba’zi o‘yinchilar ham oldingi o‘yinini ko‘rsatmayotganini aytdi. Shuning uchun mutaxassis olimpiyachilardan tarkibga futbolchi jalb qilmagan ekan.
Katanetsning matbuot anjumanidagi fikrlaridan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, u tajribaga ishonadi. O‘sha tajriba qachondir qo‘l kelishiga umid qiladi. Va asosiysi, avvalroq saytimizda yozganimdek, u tarkibni tanlab olgan va shu futbolchilarga doimiy tarzda o‘z taktikalarini o‘rgatib boradi. Bu bir tomondan to‘g‘ri. Lekini shundaki, ayni paytda yaxshi formadagi 2-3 futbolchini sinab ko‘rsa yomon bo‘lmasdi. Biz fikrimizni bildirdik. Natijaga murabbiy javob beradi. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi. Katanetsning fikri to‘g‘ri, jurnalistlarniki noto‘g‘ri chiqishini juda xohlardim.
Bekzod ISAEV
Fikrlar