SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (17-son)

  • 10 dekabr, 2022, 15:15
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.

Tecno

Neymar boshchiligidagi braziliyaliklar to‘xtadi. Pentakampeonlar yana evropa jamoasidan o‘ta olmadi. Xorvatiya iroda ko‘rsatdi.

Argentina 2 ta gol urib, keyingi bosqich haqida o‘ylay boshlaganda, Niderlandiya muvozanatni tikladi. Ammo evropaliklar penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchrab, mundialni tark etdi.

Xorvatiya - Braziliya 1:1 (penaltilar seriyasi 4:2)

Jahon chempionati chorak final bosqichi doirasida ilk to‘qnashuv Xorvatiya va Braziliya terma jamoalari o‘rtasida kechdi. Qiziqarli o‘tgan bahsning asosiy vaqtida muxlislar gol ko‘rmadi. Ekstra-taymlarda bittadan to‘p kiritgan ikki terma yakunda penaltilar seriyasiga murojaat qildi. Unda omad evropaliklarga kulib boqdi va ular sensatsion tarzda mundial asosiy favoritlaridan birini musobaqadan chiqarib yubordi.

Gollarning birinchisiga Neymar mualliflik qildi. U o‘zi boshlab bergan ajoyib kombinatsiyani chiroyli tarzda yakunladi va jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Ammo 117-daqiqada xarakterga ega xorvatlar muvozanatni tikladi. Orshichning uzatmasidan so‘ng Petkovich aniq zarbasi bilan hisobni 1:1 ko‘rinishiga keltirdi. 

Xorvatiya so‘nggi ikki JCh pley-off o‘yinlarida 5 marotaba qo‘shimcha-taymlarga murojaat qildi.

Tiago Silva oxirgi 2 mundial ramziy jamoasidan o‘rin olgandi. Bu safar unga bunday sharaf nasib etmaydigan bo‘ldi.

Braziliyaliklarning yagona golini kiritgan Neymar terma jamoadagi gollari soni bo‘yicha Pelega etib oldi. Uning hisobida ham endi 77 gol mavjud.

1992 yil FIFA jahon reytingini tuzishni boshlagandan beri hali biror marta peshqadam jamoa jahon chempioni bo‘lmagan. Bu safar ham an’ana davom etdi.

Xorvatiyalik darvozabon Dominik Livakovich penaltilar seriyasida Rodrigo tepgan to‘pni qaytardi. Yaponiya bilan nimchorak final bosqichida esa u 3 ta penaltini qaytargandi. Shu tariqa, Dominik Livakovich penaltilar seriyasida seyvlar bo‘yicha jahon chempionati rekordini takrorladi. Futbolchi bitta mundialda penaltidan 4 ta seyv amalga oshirdi va bu ishni uddalagan uchinchi darvozabonga aylandi. Bungacha 1990 yil Serxio Goykochea va sobiq jamoadoshi Daniel Subashich 2018 yil mana shunday qahramonlik ko‘rsatgan.

Mardonavor tarzda g‘alabani qo‘lga kiritgan Xorvatiya yarim finalga yo‘l oldi. Braziliya alamli tarzda mundial bilan xayrlashdi. Bellashuvdan keyin "pentakampeonlar" bosh murabbiyi Tite rasman iste’foga chiqarildi. Bunga jamoaning mundialda ko‘rsatgan salbiy natijalari sabab bo‘ldi. 61 yoshli mutaxassis fevral oyida Qatardagi jahon chempionati uning uchun Braziliya boshqaruvidagi so‘ngisi bo‘lishini aytgandi. U 2016 yilda jamoani qabul qilib olgan.

 

Niderlandiya - Argentina 2:2 (penaltilar seriyasi 3:4)

Chorak finaldan o‘rin olgan Niderlandiya - Argentina bahsi ancha qiziqarli kechdi. Bu o‘yinda ham dastlab gol o‘tkazib yuborgan jamoa iroda ko‘rsatib o‘yinga qayta oldi. Biroq penaltilar seriyasida omad Janubiy amerikaliklarga kulib boqdi. Uchrashuvning asosiy vaqtida 2:2 hisobi qayd etildi. Lotereyalar bahsida esa 3:4 hisobida Messi boshchiligidagi argentinaliklar g‘olib chiqdi.

Dastlab, Molina hujumni o‘zi boshlab to‘pni Messiga uzatdi. Leo esa ochilib borayotgan Molinaga zargarona pas berdi. U Blinddan o‘tib, darvozani ishg‘ol qildi. 

73-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda Messi oradagi farqni ikkitaga etkazib qo‘ydi. U jamoadoshi ishlagan penaltidan samarali foydalandi. Oradan 10 daqiqa o‘tib, Niderlandiya qayta oldi. Chap qanotdan oshirilgan to‘pni Vegxorst boshi bilan to‘rga kiritdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarning oxirida Vegxorst jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. 

Ekstra taymlarda darvozalarga yo‘l topilmadi. Natijada penaltilar seriyasiga murojaat qilindi. Lotereyalar bahsida argentinaliklar 4:3 hisobida g‘alaba qozonib, yarim final yo‘l oldi.

DSC04209

Argentinaliklar sardori Lionel Messi jahon chempionati tarixiga kirdi. Molinaga bergan golli uzatma Messi uchun mundiallar pley-off bosqichidagi beshinchisi bo‘ldi va u Pelening rekordini yangiladi. Pele hisobida esa to‘rtta golli pas mavjud.

O‘yindan so‘ng Lui van Gal Niderlandiya terma jamoa bosh murabbiyi lavozimini tark etmoqchiligini bildirdi. Shuni aytish kerakki, van Galning Niderlandiya bosh murabbiylik lavozimiga qaytganidan keyingi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Ushbu mutaxassis qo‘l ostidagi 14 g‘alaba va 5 durangdan iborat seriya yakunlandi.

E’tiborlisi, uchrashuvda hakam Antonio Laos jami 17 ta sariq kartochka ko‘rsatdi. Bu JCh antirekordi hisoblanadi. Undan oldingi eng yomon natija 2002 yil Kamerun – Germaniya bellashuvida qayd etilgandi: 12 ta sariq, 2 ta qizil.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!