
SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (15-son)
Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.
Xorvatiya nimchorak final bosqichida Yaponiyani penaltilar seriyasida mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Xorvatlar darvozaboni doimgidek qahramon.
Yana bir qit’adoshimiz mundial bilan xayrlashdi. Son vatandoshlari Braziliya oldida ojiz qoldi. Jarohatdan qaytgan Neymar o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.
Yaponiya – Xorvatiya 1:1
Nimchorak finalning beshinchi uchrashuvi doirasida Yaponiya hamda Xorvatiya terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Murosasiz kechgan bahs ekstra-taymlardan ham o‘tib, penaltilar seriyasigacha bordi. Unda omad "shashkachilar"ga kulib boqdi.
Asosiy vaqtda 1:1 hisobi qayd etildi. 43-daqiqada Mayeda raqib jarima maydonidagi tartibsizlikdan unumli foydalanib, deyarli bo‘sh qolgan darvozaga to‘pni joylab qo‘ydi - 1:0. 55-daqiqada xorvatlar muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Lovrenning qanotdan oshirib bergan uzatmasidan so‘ng to‘pga Perishich boshi bilan zarba berdi va darvozani ishg‘ol qildi - 1:1.
"JCh-2022"da biz birinchi marta ekstra taymlar va penaltilar seriyasini ko‘rdik. 120 daqiqa davom etgan o‘yinda 1:1 hisobi o‘zgarmasdan qoldi. Penaltilar seriyasida esa evropaliklar posboni chinakamiga qahramonlik ko‘rsatdi. U 3 ta 11 metrlik jarima zarbasini bartaraf etdi va jamoasining lotereyalarda zafar quchishiga ulkan hissa qo‘shdi.
Perishich terma jamoasi safida Jahon chempionatlaridagi gollari sonini 6 taga etkazib oldi. Jamoada hech kim u kabi ko‘p gol kiritmagan. Shuningdek, Ivan 3 mundialda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygan birinchi xorvatiyalik futbolchiga aylandi. Oldinroq, "Tottenxem" vakili 2014 va 2018 yilgi dunyo birinchiligida ham to‘p kiritishga erishgandi.
Xorvatiyaning katta musobaqalardagi oxirgi 8 pley-off uchrashuvidan 7 tasi ekstra-taymlarga cho‘zilgan. Faqat mundial finalidagi bellashuvda hammasi asosiy vaqtda hal bo‘lgan va unda Dalich shogirdlari imkoniyatni boy bergandi.
Livakovich penaltilar seriyasida 3 ta zarbani qaytargan mundiallar tarixidagi ikki darvozabon qatoridan joy oldi. 2006 yilda portugal Rikardu Angliyaga qarshi, 2018 yilda xorvat Subashich Daniyaga qarshi uchrashuvda shunday natija qayd etgan.
Xorvatiya chorak finalda Braziliya terma jamoasiga qarshi saf tortadi. Yaponiya esa mardonavor tarzda musobaqa bilan xayrlashdi.
Braziliya – Janubiy Koreya 4:1
Braziliya hamda Janubiy Koreya terma jamoalari kunning ikkinchi to‘qnashuvida chorak final chiptasi uchun bir-biriga qarshi saf tortdi. Unda qit’adoshlarimiz yirik 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi.
7-daqiqadayoq "pentakampeonlar" gol urishga erishdi. Tezkor gol muallifi - Vinisius Junior. 6 daqiqa o‘tib, endi Neymar o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. PSJ hujumchisi penaltidan ajoyib tarzda gol urdi.
Janubiy amerikaliklar shu bilan to‘xtab qolmadi. Bellashuvning 29-daqiqasida Risharlison super kombinatsiyadan so‘ng raqib darvozasini nishonga oldi - 3:0. 36-daqiqada esa Paketa Vinisiusning "zargarona" pasidan so‘ng hisobni yirik 4:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Braziliyaliklarning bu gollariga javoban Pak Sin Xo koreyaliklarning yagona goliga mualliflik qildi. U uzoqdan "pushka" yo‘lladi va Alissonni ojiz qoldirdi.
38 yosh 74 kunligida Tiago Silva assist qayd etgan eng yoshi katta futbolchiga aylandi. U Risharlisonning goliga hammualliflik qilgandi.
Risharlison JChdagi gollari sonini 3 taga etkazib oldi. Bu orqali u Ronaldino va Adrianodan o‘zib ketdi.
Uchrashuv o‘tkazilgan "974 Stedium" o‘yingohi uchun bu so‘nggi mundial o‘yini edi. Yuk tashuvchi konteynerlardan tashkil topgan o‘yingoh demontaj qilinadi va kerak bo‘lganda qayta barpo etiladi.
Braziliya bosh murabbiyi Tite bellashuvda 3-darvozabon Vevertonni zaxiradan maydonga tushirdi. Shu tariqa, mutaxassis kengaytirilgan tarkibdagi barcha futbolchilar xizmatidan foydalandi. Joriy mundialda bu holat ilk marotaba kuzatildi.
Braziliya chorak finalda Xorvatiya terma jamoasi bilan kuch sinashadi. Janubiy Koreya esa so‘nggi Osiyo vakili sifatida musobaqa bilan xayrlashdi.
Fikrlar