
SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (12-son)
Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.
Janubiy Koreya oxirgi turda Portugaliyani engishni uddaladi. Endi JCh tarixida ilk bor Osiyodan 3 ta terma jamoa pley-offda ishtirok etadi.
Urugvay Ganani yutsa ham pley-offga chiqa olmadi. Shu tariqa, eski tanishlar uyga bir paytda ketadigan bo‘ldi.
Serbiyaga musobaqada omad etishmadi. Braziliya 3 ta gol urib, 1-o‘rinni egalladi. Serblarga guruhdan chiqishi uchun 5 ta gol ham kamlik qildi.
Braziliya so‘nggi turda kutilmaganda yutqazib qo‘ydi. Ammo 5 karra jahon chempionlari guruhda 1-o‘rinni egalladi.
Janubiy Koreya - Portugaliya 2:1
Kunning qiziqarli kechgan ilk ikki o‘yinidan biri Janubiy Koreya va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Mazkur to‘qnashuvda qit’adoshlarimiz iroda namoyish etib, 2:1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Dastlabki gol 5-daqiqadayoq "ko‘hna qit’a" vakillari tomonidan urildi. Rikardu Orta qanotdan oshirilgan to‘pni darvozaga kiritdi. Ko‘pchilik portugallarning yana gol urishini kutib turgan bir paytda, aniqrog‘i 27-daqiqada koreyaliklar muvozanatni tikladi. Burchak zarbasi tepish huquqiga ega bo‘lgan Sonning jamoadoshlari raqib jarima maydonidagi tartibsizlikdan unumli foydalandi.
90+1-daqiqaga qadar tabloda shu hisob aks etib turgandi. Biroq Son bunga rozi bo‘lmadi. U ildam harakatlar bilan jamoasini qarshi hujumga boshladi va sherigiga ajoyib uzatma berdi. Xvan ham bu imkoniyatni ko‘kka sovurmadi va o‘ta muhim gol muallifiga aylandi.
Jahon chempionati tarixida bundan oldin hech qachon Osiyodan 3 ta terma birvarakayiga pley-offda ishtirok etmagan.
Endi Portugaliya 6 dekabr kuni nimchorak finalda Shveytsariya bilan to‘qnash keladi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 00:00da boshlanadi.
Gana - Urugvay 0:2
Yana bir qiziqarli qarama-qarshilik "eski tanishlar" Gana hamda Urugvay terma jamoalari o‘rtasida kechdi. 2010 yilda ular qanday shov-shuvli o‘yinda ishtirok etgan bo‘lsa, bu safargisi ham avvalgisidan qolishmadi. Murosasiz o‘tgan bahsda janubiy amerikaliklar 2:0 hisobida zafar quchdi.
21-daqiqada Ayyu penaltidan imkoniyatdan foydalana olmadi, uning zarbasini darvozabon bartaraf etdi.
Oradan 5 daqiqa o‘tib, ganaliklar xatosi uchun jazolandi. Suaresning kuchli zarbasini Afrika jamoasi posboni qaytardi. Biroq qaytgan to‘pni Urugvay vakili Arraskaeta darvozaga kiritdi. Mazkur gol Otto Addo shogirdlarining ruhiyatini tushirib yubordi. 32-daqiqada yana o‘sha Arraskaeta "zargarona" zarbasi bilan hisobni 0:2 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi. Shundan so‘ng bellashuvda ko‘plab xavfli vaziyatlar yuzaga kelganiga qaramay, tabloda hisob o‘zgarmay qoldi.
Urugvay g‘alaba qozonganiga qaramasdan guruhdan chiqish vazifasini uddalay olmadi. Parallel o‘yinda Portugaliyani enggan Janubiy Koreya hisobida ham 4 ochko, Urugvayda ham shuncha ochko mavjud edi. To‘plar farqiga ko‘ra tenglik. Lekin koreyslar ko‘proq gol urgani sabab (Koreyada 4:4, Urugvayda 2:2) pley-off chiptasini qo‘lga kiritdi.
2010 yilda Ganaga qarshi bellashuvda qizil kartochka olgan Luis Suares, 2022 yilgi mundialda ogohlantirish oldi.
Urugvay Ganaga qarshi o‘yinda o‘zining joriy turnirdagi ilk golini kiritdi. Jamoa buning uchun raqiblari darvozasi tomon 25 ta zarba yo‘lladi.
Ushbu muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng Gana bosh murabbiyi Otto Addo iste’foga chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, u endilikda "Borussiya" Dortmundda bosh murabbiy yordamchisi sifatida ish olib boradi.
Serbiya - Shveytsariya 2:3
Serbiya - Shveytsariya bahsi gollarga boy o‘tdi. Unda nominal mehmonlar 3:2 hisobida raqibdan ustun keldi.
O‘yinda dastlab jarima maydoni ichidan himoyachilardan qaytgan to‘pni Shakiri kuchli zarbasi bilan hisobni ochdi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay chap qanotdan oshirilgan to‘pni Mitrovich boshi bilan to‘rga joyladi. Keyin markazda shveytsariyaliklar xatoga yo‘l qo‘ydi. Natijada serblar raqibni jazoladi. Gol muallifi Vlaxovich. Taym oxirlarida Embolo muvozanatni tikladi. U jamoadoshining ajoyib uzaymasidan samarali foydalandi. Iroda namoyish etishni boylagan Shveytsariya ikkinchi bo‘lim boshlarida yana darvozani ishg‘ol qildi. Remo Froyler jamoasining g‘alabasini ta’minladi.
Shu tariqa, Shveytsariya 6 ochko bilan o‘z guruhida 2-o‘rinni egalladi va pley-off yo‘llanmasiga ega chiqdi. 1 ochko to‘plagan Serbiya so‘nggi pog‘onani band etdi.
Qiziq tomoni, Braziliya guruhda 3 ta gol urib birinchi o‘rinni egalladi. Serbiya 5 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilib ham oxirgi pog‘onani band etdi.
Kamerun - Braziliya 1:0
Jahon chempionati guruh bosqichining so‘nggi turidan o‘rin olgan Kamerun va Braziliya terma jamoalari o‘rtasidagi bellashuvda afrikaliklar kutilmaganda 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
5 karra jahon chempionlari guruh masalasini allaqachon hal etgani bois etakchilarni asosiy tarkibda maydonga tushirmadi. Jamoa ortiqcha o‘zini qiynamadi. Natijada braziliyaliklar imkoniyatni boy berdi.
Yagona gol qo‘shib berilgan daqiqalarda Vensen Abubakar tomonidan kiritildi. O‘ng qanotdan oshirilgan to‘pni Abubakar ikkita himoyachining orasidan to‘pni chiroyli tarzda darvozaga yo‘lladi.
G‘alabaga qaramay, Kamerun termasi guruhda qolib ketdi. Braziliya 6 ochko to‘plagan holda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Kamerun esa 4 ochko bilan guruhda uchinchi bo‘ldi.
Kamerundan uchralgan mag‘lubiyat ham Braziliya terma jamoasining ijobiy statistikasini "buzib" qo‘ya olmadi.
Braziliya terma jamoasi o‘z tarixida 16-marta jahon chempionatlari guruh bosqichini 1-o‘rinda yakunladi. Janubiy Amerika grandi bu borada eng yaqin taqibchisi hisoblangan Germaniyadan (12) 4 martaga ko‘proq natijaga erishgan.
Pentakampeonlar 1982 yildan buyon ketma-ket 11 ta jahon chempionatida o‘z guruhida g‘olib chiqishgan. Yana bir e’tiborli jihati, Braziliya terma jamoasi jahon chempionatlarining guruh bosqichida 17 ta o‘yindan buyon ilk bor mag‘lub bo‘ldi.
Braziliyani yutgan Kamerun tarixga kirdi. Kamerun jahon chempionatlarida Braziliyani mag‘lub etgan Afrikadagi birinchi mamlakatga aylandi. Bungacha ushbu qit’a vakillari 7 marta o‘ynab, ularning barchasida yutqazgan.
Fikrlar