BEPUL PROPAN

Bir necha kun oldin Olmaliqning AGMK klubi shov-shuvli transferni amalga oshirdi. Tojikiston milliy terma jamoasi sardori Alisher Jalilov faoliyatini O‘zbekiston Superligasida davom ettiradi. Bu yaxshi yangilik. Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etuvchi klubini tashlab keldimi, demak, O‘zbekiston chempionati saviyasini yuqori deb hisoblamoqda. Bundan tashqari, elitaga ko‘tarilgan "Dinamo" ham tarkibni 2 legioner bilan kuchaytirdi. Biz mavzudan yiroqlashmagan holda, Superligamizda to‘p tepayotgan legionerlardan tuzilgan ramziy terma jamoa tuzib chiqdik.

Darvozabon: Milan Mitrovich "So‘g‘diyona"

2018 yildan beri jizzaxliklar sharafini himoya qilib kelayotgan serbiyalik posbon bugungi kunda chempionatimizning eng yaxshi futbolchilaridan biri sanaladi. Saviyali legioner nomini oqlayotgan Mitrovich 3 yil ichida "bo‘rilar" libosida 65 uchrashuvda harakat qilgan. Bu o‘yinlarda darvozasidan 62 bor to‘p olib chiqqan bo‘lsa, 26 ta bahsda gol o‘tkazmagan. Baqoev tuzayotgan jamoada orqa chiziq muhim ahamiyat kasb etadi. Milan esa, mudofaaning asosiy ustunlaridan biri. "So‘g‘diyona" uning yordami bilan ichki chempionatda sekin-astalik bilan yuqorilamoqda. Bu mavsum xalqaro arenadagi ishtirok davomida ham Mitrovich klubga asqatishi tayin.

milan mitrovich

Chap qanot himoyachisi: Ivan Yosovich "Qo‘qon-1912"

O‘zbek futbolida ikki mavsumdan beri to‘p tepayotgan Ivan ijobiy hislatlari bilan yodda qolmoqda. Himoyadagi ishonchli harakatlaridan tashqari, hujumda ham faol o‘ynaydigan serb allaqachon klub etakchisiga aylandi. Murod Xolmuhammedov hamda Yosovich boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan bahslarda "Qo‘qon-1912" raqiblariga oson bo‘lmaydi. Asl pozitsiyasi markaziy himoyachi bo‘lsa-da, qahramonimiz qanotda ham birdek foydali o‘yinchiga aylanadi. Uning mavsum davomida gol+pas tizimida ishlagan 7 ochkosi (5 gol, 2 assist) ham so‘zimizga isbot bo‘lishi mumkin. Bu ham kamlik qilsa, 31 yoshli himoyachi 3 bor turning eng yaxshi futbolchisi deb topilganini keltirib o‘tamiz.

IMG_6310

Markaziy himoyachi: Luka Chermel "So‘g‘diyona"

Serbiyalik futbolchilardan yana biri ichki chempionatimizda muvaffaqiyatli harakat qilishda davom etmoqda. "So‘g‘diyona" olib kelgan eng yaxshi legionerlardan biri hisoblangan Chermel o‘tgan mavsum Superligada ajoyib natija qayd etdi. Gap shunda-ki, Luka yil davomida barchadan ko‘proq maydonda harakat qilgan futbolchi bo‘ldi. Serb umumiy hisobda 2266 daqiqa o‘ynagan.

chermel

Markaziy himoyachi: Kaxi Maxaradze "Lokomotiv"

O‘zbek futbolida to‘p tepayotgan eng tajribali legioner sifatida aynan Kaxini ko‘rsatishimiz mumkin. O‘rta Osiyodagi faoliyatini 2009 yil aynan "temiryo‘lchilar" libosida boshlagan gruziyalik futbolchi keyingi yillarda "Paxtakor" va "So‘g‘diyona" jamoalari sharafini ham himoya qildi. So‘nggi ikki mavsumni yana "Loko" safida o‘tkazgan Maxaradze doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti, bu ayni haqiqat. Ammo 34 yoshli futbolchi 10 yildan ortiq vaqtini O‘zbekistonda o‘tkazmoqda. Bu ramziy terma jamoamiz himoyasiga uni joylashtirishimizga etarlicha asos bo‘la oladi.

maxaradze

O‘ng qanot himoyachisi: Marko Kolakovich "So‘g‘diyona"

Yana serbiyalik legioner, yana "So‘g‘diyona"! Ha-da, yana kim ham bo‘lsin?! Baqoev serblar yordami bilan mudofaani deyarli o‘tib bo‘lmas "qo‘rg‘on"ga aylantirayotgan bir paytda, boshqa klubdagi legionerlar ko‘zga tashlanardimi?! Ustiga-ustak, bir necha yillar davomida yaxshi saviya namoyish etgan Igor Golban mahalliylashtirildi. Oleg Tolmasov va Davron Ergashevning kelganiga ko‘p bo‘lmadi, Darko Stanoevich bir maromda o‘yin ko‘rsatmaydi. Qolgan yaxshi darajadagi himoyachilar qorako‘z o‘zbek yigitlari. Bevosita Kolakovichga to‘xtaladigan bo‘lsak, eng kam gol o‘tkazib yuborgan klubning asosiy tarkib futbolchisi. Hamyurtlari bilan birga shu tempni ushlab tursa, "bo‘rilar" OFK Kubogida muvaffaqiyatli ishtirok eta oladi. (Yaxshi niyat-da!)

kolakovich

Tayanch yarim himoyachisi: Marko Stanoevich "Nasaf"

Stanoevich legioner tanlashda benazir bo‘lgan Ro‘ziqul Berdievning haqiqiy topilmasi! Markoning kayfiyati va maydondagi harakatlari ko‘p hollarda "Nasaf"ning o‘yiniga katta ta’sir ko‘rsatadi. Uzoq masofadan yo‘llaydigan "pushka"lari jabrini tortib ko‘rmagan darvozabon Superligamizda deyarli yo‘q. To‘g‘ri, Markoning o‘zbek futbolidagi "sarguzasht"lari boshlanganiga u qadar ko‘p bo‘lmadi. Ammo Stanoevich allaqachon muxlislarning sevimlisiga aylanib ulgurdi. Aksariyat muxlislar uni mahalliylashtirish lozim degan fikrni ilgari surmoqda, lekin endi biroz kech, menimcha. Hozir 34 yoshda bo‘lgan Marko 2026 yilgi Jahon chempionati saralashigacha qanday formada bo‘lishi katta so‘roq ostida.

IMG_1688

Tayanch yarim himoyachisi: Yovan Jokich "Navbahor"

Jokich - haqiqiy jangchi! U to‘p uchun havodagi kurashlarda o‘zini ayamaydi, raqib bilan ehtimoliy to‘qnashuvlardan qochmaydi, raqib hujumlarini markazdayoq to‘xtatilishiga javob beradi. Sheriklari manzili tomon uzatadigan paslari ham aksariyat vaziyatlarda mo‘ljalga aniq boradi. Ma’lumot uchun, o‘tgan mavsumda Yovan uzatmalar aniqligi bo‘yicha 88,2 foizlik natijani qayd etgan. Bundan tashqari, u vaqti-vaqti bilan hujumga ham o‘tib turadi. Qahramonimiz ayni paytda O‘zbekiston Superligasida to‘p tepayotgan eng qimmat legioner hisoblanadi.

jokich2

Markaziy yarim himoyachi: Ehsoni Panshanbe "Navbahor"

Chempionatimizdagi eng umidli legioner Panshanbe Namanganga ko‘chib o‘tganiga 1,5 mavsum bo‘ldi. Bu vaqt oralig‘ida nafaqat "Navbahor", balki butun O‘zbek futboli ixlosmandlari nazariga tushgan yarim himoyachi "lochinlar"ning ham almashtirib bo‘lmas a’zosiga aylanib bo‘ldi. Tojikiston terma jamoasining ham etakchilaridan biri bo‘lgan Ehsoni mamlakatning xorijda to‘p tepayotgan eng yaxshi futbolchisi nomini qo‘lga kiritdi. 

panshanbe

Markaziy yarim himoyachi: Alisher Jalilov AGMK

O‘zbek futboli ixlosmandlari uchun yangilik bo‘lgan Jalilov haqida to‘xtalamiz. Alisher hujumkor yarim himoyachi pozitsiyasida o‘ynaydi, kezi kelsa, vinger sifatida ham o‘zini namoyish eta oladi. Suyagi Rossiya futbolida qotgan Jalilov OChL havosidan ham nafas olib ulgurgan. Rossiya terma jamoasining turli yosh toifalarida harakat qilgan va milliy terma jamoa borasida Tojikistonni tanlagan. 28 yoshli futbolchi faoliyati davomida 197 uchrashuvda maydonga tushgan va 46 bor raqiblari darvozasini ishg‘ol etgan. Shuningdek, 15 assist muallifiga aylangan.

photo_2022-01-17_20-07-58

Hujumchi: Dragan Cheran "Paxtakor"

Dragan Superligamizning ayni damdagi eng kuchli futbolchisi. U legionerlar ramziy jamoasidan ham o‘rin olishi tabiiy edi. Serbiyalik yarim himoyachi avvaliga "Nasaf", so‘ng esa "Paxtakor" etakchisiga aylangandi. Yuqorida ta’kidlanganidek, Berdiev legioner olib kelishda benazir, Cheran ham uning kashfiyotlari ro‘yxatida. E’tiboringizga statistikaning "yomoni"ni keltirib o‘tamiz: Superliga chempionligini qo‘lga kiritgan "sherlar" Cheran maydonga tushmagan o‘yinlarda g‘alaba qozona olmagan! Bu ham Draganning darajasi qanday ekanligini isbotlaydi.

cheran

Hujumchi: Elguja Grigalashvili "Navbahor"

Elguja Grigalashvili eng qiyin tanlovlardan biri bo‘ldi. 4-4-2 taktikasidan foydalanganimiz uchun markaziy hujumchi sifatida undan foydalandik. Yildan yilga ochilib borayotgan hujumchi aslida chap qanot vingeri bo‘lsa-da, ichki chempionatimizda namoyish etib kelayotgan 3 yillik o‘yini davomida uni markazda ham yaxshi harakat qila olishiga guvoh bo‘lganmiz. Elguja kelasi mavsumni chempionlik uchun kurash olib borishi taxmin qilinayotgan "Navbahor" safida boshlaydi. Bu uning uchun yangi chaqiruv. O‘z formasini yo‘qotib qo‘ymasa, Grigalashvili Babayan qurayotgan jamoa etakchilaridan bo‘lishi aniq.

guja_1

Javohir Azimov

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!