SPORTS.uz talqiniga ko‘ra "Evro-2020" guruh bosqichi ramziy terma jamoasi

  • 25 iyun, 2021, 17:53
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Evropa chempionati guruh bosqichi kutilganidan ham shiddatli tarzda o‘tdi. Bir necha grandlar o‘zidan kutilgan o‘yinlarni ko‘rsata olmadi va sensatsiyalarga sabab bo‘ldi. Etakchilardan Ispaniya Shvetsiyani oldinga o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, Turkiya, Polsha kabi termalar muxlislarini ranjitdi. Guruh bosqichi bizga bir necha yangi yulduzlarni kashf etib bergan bo‘lsa, ayrim futbolchilar yanada yorqinroq o‘yin namoyish etdi. Biz e’tiboringizga “Evro-2020” guruh bosqichi ramziy jamoasini taqdim etishni maqsad qildik.

Tecno

Murabbiy: Roberto Manchini

“Skuadra Adzurra” ketma-ket 30 o‘yindan beri yutqazmayapti, 10 uchrashuvdan beri o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolmoqda. Bunga erishish oson emasligini barcha bilib turibdi. Milliy jamoa safida shunday tartib o‘rnata olgan italiyalik murabbiy guruh bosqichida ham shogirdlarini har bir o‘yinga a’lo darajada tayyorlay oldi. Italyanlarni uchrashuv oldidan madhiya kuylaganini ko‘rganmisiz? Bunday ruhiyat o‘z-o‘zidan kelib qolmaydi, futbolchilarga vatanparvarlikni singdirish oson emas. Bu ishni bajara olgan murabbiy esa e’tirof etilishga loyiq.

goal_italy-boss-roberto-mancini_mlfxkbhqp0d51fseyhmbqm1qg

Darvozabon: Lukash Gradetskiy

Bir qarashda undan yaxshiroq nomzodlar bor, deyishingiz mumkin. 3 ta “quruq o‘yin” o‘tkazgan Donnarumma, darvozasidan 1 tagina to‘p olib chiqqan Kurtua va boshqalar hayolingizga kelgani tabiiy. Yuqoridagi posbonlarning natijalari kuchli himoya ortidan shu holatga keldi, super harakatlardan emas! Darvozabonning kuchi va qolganlardan ustunligi uning seyvlari bo‘yicha aniqlanadi, nazarimizda. Shu nuqtai nazardan Gradetskiyni eng yaxshi posbon, deb atash mumkin. Garchi jamoasi pley-offga chiqa olmagan bo‘lsada, qahramonimiz 13 ta seyv amalga oshirdi, 1 ta penalti qaytardi. Skandinaviyaliklarning darvozasi ishonchli qo‘llarda, biroq hujum haqida bunday deb bo‘lmaydi.

gettyimages-1233417789-2048x2048

Chap qanot himoyachisi: Robin Gosens (Germaniya)

Gosens bu musobaqada porlagan yangi yulduzlardan biri. Katta ehtimol bilan, Robin kelasi mavsum “Atalanta”ni takr etadi. Uni kattaroq klublar o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Chap qanot himoyachisining har uchala o‘yindagi harakatlari tahsinga sazovor. Tezlikda raqiblarini ortda qoldiradigan futbolchi jarima maydoni ichidagi sheriklarini to‘p bilan ta’minlashni ham yaxshi uddalaydi. “O‘lim guruhi”dan keyingi bosqichga yo‘l olgan “bundestim” safida o‘ziga muqim joy kafolatlab ulgurgan 26 yoshli futbolchi 3 o‘yinda 1 gol va 2 assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Yomon natija emas!

gettyimages-1324504227-1024x1024

Markaziy himoyachi: Leonardo Bonuchchi (Italiya)

Yuqorida ta’kidlangan “olov” aynan Bonuchchi ko‘zlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Uning sardorlik qobiliyati himoya markazida ancha qo‘l kelmoqda. Azaldan “moviy gvardiya” mudofaasi eng zo‘ri, deya e’tirof etilishi bejiz emas. Kellini, Bonuchchi kabi tajribali fulbeklar Italiyaning raqiblarini zararsizlantirishda hamon eplamoqda. Guruh bosqichida o‘tkazilgan 3 ta “quruq o‘yin” so‘zimizning isboti bo‘la oladi. 

E4BuwnlVIAM4Ari

Markaziy himoyachi: Jon Stounz (Angliya)

Angliya musobaqaning eng qimmat jamoasi hisoblanadi. Bu “uch sherlar” tarkibi yulduzlarga to‘lib-toshganligidan dalolat. Mana shunday holatda asosiy tarkibdagi o‘rnini hech kimga bermayotgan Stounz ramziy jamoamizdan joy olishga munosib, deb hisobladik. Ishtiyoqqa to‘lib turgan Mingz, Koadi kabi himoyachilarga imkoniyat bermayotgan Jon allaqachon Sautgeytning ishongan futbolchilaridan biriga aylanib ulgurdi. Endi nimchorak finalda Germaniya sinovidan o‘tishi kerak bo‘lgan inglizlar Maguayr-Stounz tandemidan foydalanishi katta ehtimol. Bunday holatda “Manchester Siti” himoyachisi yana o‘zini ko‘rsatishi talab etiladi. Endigi raqiblar ancha jiddiy.

gettyimages-1233428710-2048x2048

O‘ng qanot himoyachisi: Denzel Dumfris (Niderlandiya)

Umuman olganda, bu pozitsiya tanlovi katta muammo tug‘dirmadi. Boisi, Dumfris o‘zidan talab etilganidan-da yaxshiroq o‘yin ko‘rsatdi. 3 o‘yinda 2+1 natijasini qayd etgan PSV futbolchisi katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Yana bir e’tiborli jihati shundaki, Denzel bu natijani shunchaki bir o‘yinda qayd etmadi. Har bir uchrashuvda o‘ng qanotni “yondirib tashlagan” 25 yoshli himoyachiga ramziy jamoamizning o‘ng qanot himoyasini ishonib topshirdik.

gettyimages-1233511131-2048x2048

Tayanch yarim himoyachisi: Per-Emil Xyoyberg (Daniya)

Eng muhokamali pozitsiya aynan maydon markazi bo‘ldi. Chunki tayanch yarim himoyada ishonchli o‘yin ko‘rsatgan futbolchilar etarlicha topildi. Kante, Lokatelli, Kimmix kabi o‘yinchilarga hurmat saqlagan holda aytishimiz mumkinki, Xyoyberg eng munosib variant! Ruhiy tomondan tushkunlikka tushib qolgan daniyaliklarning kambeki barchaga manzur bo‘lgani shubhasiz. Bu holatning asosiy qahramonlaridan biri Per-Emil Xyoybergdir. 3 o‘yindagi 3 assist “Tottenxem” futbolchisining arzirli nomzodligini isbotlaydi.

gettyimages-1324762774-1024x1024

Markaziy yarim himoyachi: Luka Modrich (Xorvatiya)

O‘z terma jamoasi safida gol urgan eng yoshi katta futbolchiga aylangan Modrich o‘sha aniq zarbani o‘ta muhim pallada yo‘lladi. Shotlandiya darvozasiga kiritilgan chiroyli goldan tashqari, uning  boshqa harakatlari ham tahsinga sazovor. 35 yoshli futbolchi uchun maydon markazini mustahkam ushlash oson emas. Uni ustiga, Modrich 3 o‘yinda bir daqiqa bo‘lsa-da tinim bilgani yo‘q. Xorvatiya terma jamoasi ustozi Zlatko Dalich o‘yin uslubini qahramonimiz atrofida qurgan. “Real” yarim himoyachisi ramziy jamoamizda Xoybergga sherik bo‘ladi.

photo_2021-06-23_01-26-26

Hujumkor yarim himoyachi: Jorjino Veynaldum (Niderlandiya)

Kuchli o‘yin ko‘rsatgan “uchar gollandlar”ning yana bir munosib futbolchisi! Biroq bu pozitsiyada Veynaldumga ancha jiddiy raqobatchi bor edi. Gap uning vatandoshi Frenki De Yong haqida ketmoqda. “Barselona” futbolchisi ancha harakatchan, aniq paslar borasida ustun, bo‘lsa-da, Jorjino 3 bor raqib darvozasini ishg‘ol etgan. Bu faktordan ko‘z yumish shunchaki imkonsiz. Undan tashqari, PSJ futbolchisi hali zaxiraga olinmadi va 3 o‘yinda to‘liq harakat qildi. Garchi Veynaldumning o‘zi ham Frenkining o‘yinini e’tirof etgan bo‘lsa-da, biz Jorjinoni tanladik.

photo_2021-06-14_01-18-03

Hujumkor yarim himoyachi: Emil Forsberg (Shvetsiya)

Ko‘pchilik uchun yangi va ayni paytda muhokamaga sabab bo‘luvchi futbolchi! Ispaniya terma jamoasi bor guruhda birinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqish oson ish emas, albatta. Buni uddalagan shvedlardan ramziy jamoaga futbolchi olmaslik ham adolatdan bo‘lmasdi, nazarimizda. 3 ta gol urgan 29 yoshli futbolchi terma jamoasi keyingi bosqichga chiqishiga benazir hissasini qo‘shdi. Zlatandan keyin Shvetsiya terma jamoasini elkasida ko‘tarib yurish aynan Forsbergning navbati, shekilli.

photo_2021-06-23_21-18-32

Hujumchi: Romelu Lukaku (Belgiya)

Lukaku shunchaki o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish etmoqda. Raqobatchilaridan farqli o‘laroq, u gol urishdan to‘xtamayapti. Masalan, uning o‘rniga Levandovski, Keyn kabi hujumchilar da’vogarlik qilishi ham mumkin edi. Ammo ularning biri jamoasini keyingi bosqich sari etaklay olmagan bo‘lsa, boshqasi birorta gol ura olmadi. Shaxsan men bugungi kundagi Belgiya terma jamoasi etakchisi sifatida Lukakuni e’tirof etgan bo‘lardim. Endi Romeluning o‘zi nimchorak finalda Portugaliya to‘sig‘idan jamoasini olib o‘tishi va “qizil iblislar” bilan bitta bo‘lsa-da sovrin yutishi lozim. Hozir eng qulay imkoniyat!

photo_2021-06-13_00-47-27

Hujumchi: Krishtianu Ronaldu (Portugaliya)

Ronaldu ushbu 11 futbolchi orasidagi eng munosib nomzod, buni hech kim inkor eta olmaydi. Guruh bosqichidagi barcha o‘yinda 2 ta golli harakat amalga oshirgan hujumchi istalgan nashr ramziy jamoasidan o‘rin olgani aniq. To‘g‘ri, Krishtianu kiritgan gollarning 3 tasini 11 metrlik nuqtadan kiritdi. Ammo ushbu musobaqada penaltini aniq amalga oshirish borasida muvaffaqiyatsizliklar ko‘p bo‘lganini ko‘rdik. Ronaldu esa metin asablarga egaligini barchaga isbotlab qo‘ydi. Terma jamoa safida eng ko‘p gol urgan Ali Daeiga etib olgan 35 yoshli hujumchida yana bir rekord o‘rnatish imkoniyati bor. Chempionlikni himoya qilish uchun katta qadam tashlagan portugallar pley-offda Belgiya bilan kuch sinashadi. Ronaldu uchun katta sinov!

image_2021-06-24_00-54-22

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!