SPORTS.uz talqini bo‘yicha Coca Cola Superliga 11-tur ramziy terma jamoasi

  • 23 avgust, 2020, 14:18
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Darvozabon: Ignatiy Nesterov

Tecno

Ushbu tur milliy chempionatimiz tarixidagi eng sermahsullaridan biri bo‘ldi. Shu jihatdan, darvozabon masalasida biroz qiyinchilikka duch keldik. Tajribali posbon ushbu turda seyvlari bilan emas, Alisher Sanoevga uzatgan golli pasi bilan esda qoldi. Darvozabonlarga atalmagan turdan Nesterov unumliroq foydalanishga harakat qildi. 

Nesterov

Chap qanot himoyachisi: Ibrohimxalil Yo‘ldoshev

Turning eng sermahsul o‘yinida chap qanot himoyachisi, ayniqsa, ko‘proq ko‘zga tashlanib turdi. Uning jizzaxliklar jarima maydonchasi ichiga qo‘rqmay amalga oshirgan reydlari xavfli ko‘rinish oldi. Shunday tezlik bilan yorib kirishlarning biri Lutfulla To‘raevning goli bilan yakunlandi. 

Yo‘ldoshev

Markaziy himoyachi: Vladislav Kasminin

“Metallurg” Superliganing o‘z o‘rniga ega, shiddatli jamoalaridan biri. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida bekobodliklar bosh murabbiyi Andrey Shipilov kuyungancha, jamoaning o‘z o‘yinini namoyish etmayotganini gapirib berdi. Ammo raqib faktorini ham unutmaslik kerak. Transferlar oynasining eng faol jamoalaridan biri bo‘lib turgan navoiyliklar himoyasi Kasminin boshchiligida o‘ta ishonchli harakat qildi. O‘zPFL rasmiy “Telegram” sahifasi uni uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi, deb e’lon qilgani ham so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Ikkinchi taymda “Qizilqum” asosiy e’tiborni himoyaga qaratishga majbur bo‘ldi. Jamoa etakchisi Alisher Sanoevning kutilmaganda jarohat olishi bunga sabab bo‘ldi, desak adashmaymiz. 

Kasminin

Markaziy himoyachi: Egor Krimets

Har qanday musobaqa, har qanday holatda ham istalgan jamoa “Nasaf” bilan hisoblashishga majbur. Jamoa doim o‘z printsiplariga egaligi bilan milliy chempionatimizga fayz kiritib turadi. “Paxtakor” himoyachilari yaxshi harakatlari orqali “ajdarlar”ning hujumlarini qaytarib qolmaganida hisob biroz boshqacha ko‘rinish olishi mumkin edi. Ya’ni, natija 4-1 bo‘lishiga qaramay, “Nasaf” bir daqiqa bo‘lsin ortga chekinmadi va balki shuning uchun ham o‘z darvozasidan shuncha to‘p olib chiqdi. Kenjaboev va Abdixoliqovdek tezkor hujumchilarni to‘xtatib qolish himoya chizig‘idan ulkan hajmdagi mehnatni talab qiladi. A’zamov o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatda avtogol muallifiga aylanib qoldi. Krimets esa o‘sha kuni deyarli toza o‘ynadi.

Krimets

O‘ng qanot himoyachisi: Akmal Shorahmedov

AGMKning mag‘lubiyatsiz seriyasi davom etmoqda. Jamoa chempionlik uchun “Paxtakor” bilan jiddiy kurashga kirishgan. Go‘yoki, Superliga bir dunyo, ularning kurashi boshqa dunyodek. 11-turda biror marta mag‘lubiyatga uchramagan jamoa biror g‘alabani qo‘lga kirita bilmagan klubga qarshi o‘ynashi lozim edi. Ular o‘z an’analarini davom ettirishdi. Dastlab, “Andijon” penaltidan gol urib olgach, barcha mana shu o‘yinda vodiyliklar g‘alaba qozonishiga sal bo‘lsa ham ishona boshladi. Jarima maydoni ichidagi pala-partish holatda himoyaga yordamga kelgan Arslanmirat Omonov raqibiga nisbatan qo‘pollik ishlatdi. Ushbu vaziyatdan tashqari Shorahmedov boshliq olmaliqliklar himoyasi xatoga yo‘l qo‘ymadi. 

Shorahmedov

Markaziy yarim himoyachi: Nurillo To‘xtasinov 

“Bunyodkor”ni o‘tgan mavsumdagi “Ayaks”ga o‘xshatish mumkin. Har bitta chiziqda bittagina veteran, tajribali futbolchi bor. Qolgan barchasi yosh va kuchga to‘lgan yigitlar. O‘sha yoshlar orasida ham etakchilar saralanib borayotgandek: Qobilov, Qodirqulov, To‘xtasinov… Nurillo ketma-ket muhim bahslarda gol urib kelmoqda. Bir matbuot anjumanida Vadim Karlenovich jamoasini “Manchester Siti”ga qiyoslagandi. Darhaqiqat, bugun “qaldirg‘ochlar” juda ko‘p paslarga asoslangan, kombinatsion futbol namoyish etmoqda. To‘xtasinov esa doim mana shu uzatmalar markazida. 

To‘xtasinov

Chap qanot vingeri: Jasur Hasanov

“Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvda tajribali Hasanov tinim bilmadi. Jizzaxliklarning asosiy standartchisi o‘yin davomida jarima maydoniga bir nechta xavfli uzatmalar amalga oshirdi. Ikkita golli pas muallifiga aylangan Hasanovni ramziy terma jamoamizga kiritmasligimiz mumkin emasdi. Grigalashvili bizni kechiradi, deb umid qilamiz.

Jasur Hasanov

O‘ng qanot vingeri: Muhammadanas Hasanov

Qo‘qonliklar qiyin g‘alabaga erishdi. Hujumlar bir maromda bo‘lib turganiga qaramay, yangi murabbiy bilan ishlay boshlagan “temiryo‘lchilar” himoyada ancha vaqtgacha yaxshi harakat qilishdi. Qaysidir ma’noda, ba’zi vaziyatlarda omad ham yuz o‘girdi. Ammo uchrashuv yakuniga yaqin vaziyat butkul o‘zgarib ketdi. Muhammadanasning goli esa jamoasiga g‘alaba keltirdi. Aslida, jarimadan uzatilgan yaxshi bir pas himoyachi va hujumchilarning ulgurmasligi natijasida darvozadan joy oldi. 

Muhammadanas Hasanov

Hujumkor yarim himoyachi: Dragan Cheran

Serbiyalik futbolchi printsipial o‘yinda sobiq jamoasini ayab o‘tirmadi. Xet-trikni biroz avval nishonlashi ham mumkin edi. Ammo u uchrashuv davomida yaxshi harakat qilgan Sergeevga to‘pni topshirdi. Bu haqida keyinroq. Biroz o‘tib rekashet orqali Ne’matov darvozasiga uchinchi golini ham kiritdi. 

To‘purarlar reytingida u yana anchaga oldinlab ketdi. Unga eng yaqin futbolchi “Qo‘qon-1912” himoyachisi Murod Xolmuhammedov.

Cheran

Markaziy hujumchi: Shohruz Norxonov

So‘nggi paytlardagi sermahsul o‘yini uning terma jamoaga nomzod futbolchiga aylantirib qo‘ydi. “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvda ham Norxonov hujumchilarga xos sovuqqonlik va aniqlik evaziga ikkita to‘pni raqib postiga yo‘llashga erishdi. Shu orqali, jizzaxliklar muqarrar mag‘lubiyatdan qutilib qolishga erishdi. 

norxonov

Markaziy hujumchi: Igor Sergeev

“Nasaf”ni bu kabi katta hisobda enggan jamoadan bir nechta futbolchi ramziy terma jamoaga kirishi tabiiy hol. Sergeev golgacha bo‘lgan vaziyatda ham faolligi bilan ajralib turdi. Penalti ishlagan vaziyatidagi mohirona harakatlari esa tahsinga sazovor. Bir necha bora Abduvohid Ne’matov darvozasiga noqulay vaziyatda turganiga qaramay, zarba yo‘llashga muvaffaq bo‘ldi. 

Cheran unga penaltidan gol urish imkonini berib to‘g‘ri qildi, nazarimda.

sergeev_1

superliga (2)

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Бахтиер Бобоев
23/08/2020 19:27
Егор Кримес умуман нолойик. Факат котла бузиш б.н банд.
Javlon Abdullaev
23/08/2020 18:15
Mashalni uyinchilari qani