
SPORTS.uz talqini bo‘yicha Coca Cola Superliga 10-tur ramziy terma jamoasi
Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat sabab qoldirilgan Superliga bellashuvlari 14-avgustdan e’tiboran Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi o‘yingohlarda markazlashgan holda davom ettirilmoqda. Kecha bo‘lib o‘tgan “Surxon” - “Navbahor” uchrashuvi bilan 10-tur bahslari poyoniga etdi. Saytimiz talqini bo‘yicha ushbu turda eng yaxshi harakat qilgan futbolchilarni ramziy terma jamoaga yig‘ishga harakat qildik.
Darvozabon: Eldor Adhamov (“Andijon”)
PFL rasmiy sahifalari “Mash’al” - “Andijon” uchrashuvining eng yaxshi futbolchisi sifatida Rahimjon Davronovni tanlagan bo‘lsa-da, aslida bekobodliklar darvozasi biror-bir o‘ta xavfli zarba bilan nishonga olinmadi. Vodiyliklar safida ushbu uchrashuvda debyut amalga oshirgan Adhamovni esa raqib hujumchilari tez-tez bezovta qilib turishdi. Ayniqsa, “Mash’al”ning nigeriyalik hujumchisi Ifeanyi Eldordan rosa xafa bo‘lgan bo‘lsa kerak.
Himoyachi: Vladimir Kozak
“Paxtakor” jiddiy raqibga qarshi uchrashuvni ancha xotirjam o‘tkazdi. Ha, qo‘qonliklar tarkibida bir nechta etakchilar turli sabablar bilan ushbu bahsda ishtirok eta olmadi. Futbol ixlosmandlari ushbu mavsum to‘purarlari Murod Xolmuhammedov va Dragan Cheranning o‘zaro to‘qnashuvini ko‘rishni istagan edilar.
Kozak o‘yinni to‘liq o‘tkazdi va Sergeevning ikkinchi goliga assist amalga oshirdi. O‘sha vaziyatda to‘pga o‘z vaqtida tashlanib olib qo‘ymaganida “Qo‘qon-1912” xavfli qarshi hujumga o‘tib ketishi ham mumkin edi. Demakki, ushbu harakatning qiymati ikki barobar oshib ketmoqda.
Vladimir o‘yinni markazda boshlab, ikkinchi taymda Arveladze tomonidan chap qanotga qo‘yildi. Shu sababdan, uni biroz chaproqqa joydashtirishga qaror qildik.
Himoyachi: Sardor Rahmonov (AGMK)
“Lokomotiv”ning goli bilan boshlangan uchrashuv yakunda olmaliqliklar uchun xayrli yakunlandi. Bunga himoyada ajoyib harakat qilgan Rahmonovning katta mehnati singdi. U kamida 3 ta vaziyatda himoyani “tozaladi”. Standart vaziyatlarda ham bir necha bor raqib darvozasiga zarba yo‘llashga erishdi.
Himoyachi: Davron Hoshimov (“Navbahor”)
Debyutlar ancha omadli kechmoqda. Ushbu turdan e’tiboran namanganliklar sharafini himoya qila boshlagan Davron Hoshimov o‘ng qanotda ajoyib harakatlari bilan ajralib turdi. Loteral qanot himoyachi vazifasini a’lo darajada bajarishdan tashqari, raqib hujumlarini yo‘qqa chiqarishda ancha kuchli o‘yin ko‘rsatdi. Bir vaziyatda u raqibning bo‘sh darvozaga tepgan to‘pini chiziq ustidan qaytarib qoldi. Ushbu vaziyat gol bilan yakunlanganda, “Navbahor” mag‘lub bo‘lishi ham mumkin edi.
Sababi, lochinlar bahs so‘ngida 1 kishi kam bo‘lib qolishdi.
Markaziy yarim himoyachi: Oybek Bozorov (“Nasaf”)
“Ajdarlar” g‘oridan topilgan yana bir “javohir” Superliga o‘yinlarining yanada yorqin o‘tishiga yordam bermoqda. U “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yinda har erda hozir-u nozir bo‘lib turdi. “Nasaf”ning kombinatsion o‘yini barcha muxlislarga birdek yoqmoqda. Marko Stanoevich, Sharof Muhitdinov va albatta, Oybek Bozorov mana shu tomoshabop futbolning asosini tashkil etadi. Oybekning bir nechta zarbalari tur roliklarini bezashga loyiq traektoriyalarni hosil qildi. Jizzaxlik ikki futbolchining o‘rtasidan Abdixoliqovga uzatilgan to‘pga esa gap yo‘q. Gol undan ham chiroyli bo‘ldi, bu haqida keyinroq…
Markaziy yarim himoyachi: Nurillo To‘xtasinov (“Bunyodkor”)
Nurilloni na turning eng yaxshi o‘yinchisi unvoni, na ramziy terma jamoalar qiziqtiradi. Muhimi, u otasiga bergan va’dasining ustidan ikki marotaba chiqa oldi. Birinchi gol esa shunchaki shedevr. Darvozaning olis burchagiga to‘pning bu qadar mohirona tashlab qo‘yilishini har turda ham ko‘ravermaymiz.
Hujumkor yarim himoyachi: Sherzod Karimov (“Surxon”)
Vohaliklar birinchi bo‘limdan gol o‘tkazmay chiqib olgani ularga katta yordam berdi. Ikkinchi taymda biroz tempni oshirgan “Surxon” futbolchilari birin-ketin vaziyatlar yarata boshladilar. Sherzod Karimov faolligi bilan ushbu hujumlarda asosiy rollarni o‘ynadi. Haydarov jamoasining asosiy standartchisi burchakdan to‘pni to‘g‘ri darvozaga tepishini hech kim kutmadi. Biroz o‘tib, himoyachi va darvozabonning kulgili xatosi yuzaga kelmaganda, Karimovning goli jamoasiga g‘alaba keltirishi mumkin edi.
Hujumkor yarim himoyachi: Murod Toshmatov (AGMK)
Uchrashuv qahramoni bo‘lish uchun asosiy tarkibda maydonga tushish shart emasligini Toshmatov barchaga ko‘rsatib qo‘ydi. Chempionlik poygasida qoqilishiga bir bahya qolgan olmaliqliklarni 29 yoshli futbolchining ikki assisti qutqarib qoldi. Maydondagi daqiqalariga nisbatan uning foydali ish koeffitsienti ancha yuqori bo‘ldi.
Chap qanot hujumchisi: Jaloliddin Masharipov (“Paxtakor”)
Himoyaviy va jangovar futbolning ustasi hisoblangan qo‘qonliklarga qarshi har qanday hujum qiynaladi. Ularga qarshi o‘yinda uzoq masofaga dribling amalga oshirish ancha qiyin. Ammo Masharipov jamoasi gol urib olgandan keyin ancha faol to‘p nazoratini amalga oshirdi. Kezi kelsa, uning to‘p bilan amalga oshirgan xatti-harakatlari mag‘lub bo‘layotgan “Qo‘qon-1912” himoyachilarini asabiylashishga majbur etdi. Abror Ismoilovga uzatgan assistidan so‘ng urilgan gol o‘yinni toshkentliklar foydasiga hal bo‘lishiga katta hissa qo‘shdi. Sababi, uchrashuv yakuni avvalida Baxtiyor Ashurmatov shogirdlari faollikni oshirib, hisobni qisqartirishga ham erishdi.
O‘ng qanot hujumchisi: Bobir Abdixoliqov (“Nasaf”)
Bobir bir nechta golsiz va ta’bir joiz bo‘lsa, omadsiz uchrashuvlardan so‘ng o‘ziga kelgandek. Buni uning o‘ta xotirjamlik va sovuqqonlik bilan amalga oshirgan finti va zarbasidan ko‘ra olishimiz mumkin. Abdixoliqov hali yosh va faoliyati oldinda. O‘z ustida ko‘p ishlagan va shunday ishonch bilan harakat qilishda davom etgan taqdirda, “ajdarlar”ni yuqori marralarga olib chiqa oladi.
Markaziy hujumchi: Igor Sergeev (“Paxtakor”)
Sergeevning “Qo‘qon-1912”ga qarshi uchrashuvdagi harakatlarini oddiy tushuntirish mumkin: u haqiqiy hujumchilardek harakat qildi va vaziyatlaridan 100 foiz foydalandi. Uning kerakli paytda kerakli joyda paydo bo‘lganini ham e’tirof etish joiz. Igorning sovuqqonligi “Paxtakor”ga chempionlik poygasida muhim ochkolarni keltirdi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar