Sport TV jurnalisti: "Jahon chempionatida O‘zbekistonning guruhdan chiqa olishini kutyapman"

  • 5 dekabr, 15:41
  • Muhammadqodir Ruzmatov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabarangiz bor, bugun 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati uchun qur’a tashlanadi.

Tecno

Sports.uz sayti mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasining ishtirok etishi mavzusida Sport TV jurnalisti Zuhriddin Qilichev bilan qisqa intervyu uyushtirdi.

O‘zbekistonning guruh bosqichidagi raqiblari kimlar bo‘ladi?

"Assalomu alaykum. O‘zbekiston uchun tarixiy Jahon chempionatiga qur’a tashlanmoqda. Albatta, milliy terma jamoamizning qaysi guruhdan o‘rin olishi juda qiziqarli.
Taxminlarimcha, 1-savatchadan mezbon jamoalardan biri hisoblanmish AQSh, Kanada yoki Meksikadan biri. 2-savatchadan esa Janubiy Amerika terma jamoasi — Urugvay. So‘nggi savatchadan Kyurasao terma jamoasini kutyapman.
Mabodo mazkur qur’a o‘xshasa, O‘zbekiston terma jamoamiz guruhdan chiqa olardi, deb o‘ylayman. O‘zi guruhdan chiqish uchun 1 ta g‘alaba ham etarli bo‘lishi mumkin. Albatta, vaziyatga qaraladi, sababi 3-o‘rin sohiblari ham keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi."

Mundialda qaysi bosqichgacha etib bora olamiz?

"1-savatchadan judayam kuchli terma jamoalardan biri, 2-savatchadan esa Xorvatiya bilan tushsak, so‘nggisida pley-off bosqichi orqali yo‘llanma olgan terma jamoalar bizga raqib bo‘lsa, guruhdan chiqish imkoniyatimiz pasayadi. Lekin men O‘zbekiston terma jamoasining aynan shu formatda Jahon chempionatida guruhdan chiqa olishini kutyapman. Qaysi bosqichga etib borishini taxmin qiladigan bo‘lsam — 1/16. Biz uchun shu oxirgi nuqta bo‘ladi."

Sizningcha, Jahon chempionatida tarkibimizdagi futbolchilardan kimlar porlab, kuchli chempionatlarga yo‘l olishi mumkin?

"Birinchi navbatda etakchilarimiz o‘zlarini ko‘rsatishlari kerak. Jahon chempionati — katta maydon. Oston O‘ro‘nov jarohat olmay, sog‘-salomat bo‘lib tursa, formasini yanada yaxshilasa, yorqin nom qoldirib porlashini kutyapman. Shuningdek, Eldor Shomurodov, Abbosbek Fayzullaev va Abduqodir Husanov Jahon chempionatida eng kamida o‘z darajasida o‘ynab berishlari kerak bo‘ladi.
Xullas, biz uchun tarixiy bo‘lgan Jahon chempionatining boshlanishiga oz qoldi. O‘ylaymanki, o‘zbek futboli uchun aynan shu Jahon chempionati katta burilish nuqtasi bo‘ladi va ko‘plab iqtidorli futbolchilarimiz Evropaning top klublariga yo‘l oladilar. Eng muhim yutug‘imiz — iste’dodlarimizning dunyoning top klublariga o‘tishi
."

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!