
"Siz biz uchun hamisha maydon markazida bo‘lasiz"
Har bir davr o‘z qahramonini etishtiradi. XXI asr futbolining ana shunday timsollaridan biri bu – Luka Modrich. U nafaqat maydonda yuksak mahoratini namoyon eta oldi, balki insoniy fazilatlari bilan ham millionlab yuraklarni zabt etdi.
Bugun esa biz "Real Madrid" tarixidagi eng ko‘p sovrin yutgan futbolchi bilan rasman xayrlashyapmiz. Bu shunchaki ketish emas, bu bir davrning, o‘ziga xos uslubning yakunidir.
1985 yil 9 sentyabr kuni, Yugoslaviya tarkibidagi Zadar shahrida dunyoga kelgan Luka Modrich bolaligidan qiyinchiliklar girdobida yashadi. Yugoslaviya urushi sababli u va oilasi ko‘chishga majbur bo‘ldi. O‘sha yillarda uning futboldagi iqtidori mahalliy murabbiy Tomislav Bazich tomonidan sezildi. Aynan u Lukaga futbol bilan professional shug‘ullanish yo‘lini o‘rgatgan.
Modrich dastlab "Zadar" klubida, keyinchalik esa "Dinamo Zagreb" akademiyasida to‘p tepgan. 2002 yili atigi 16 yoshida "Dinamo" bilan shartnoma imzoladi. Ijarada "Zrinski Mostar" va Inter Zapreshich" klublarida o‘ynagan davrida u jismoniy va ruhiy jihatdan pishib bordi. Aynan Bosniyada u 18 yoshida “Yilning eng yaxshi futbolchisi” unvoniga sazovor bo‘ldi.
2008 yili Modrich "Tottenxem" klubiga 16,5 mln funt evaziga o‘tdi. Bu klub tarixidagi eng yirik transfer edi. Angliya Premer-ligasidagi to‘rt yillik faoliyati unga Evropa futboliga moslashish imkonini berdi. 2010/11 yilgi mavsumda klubning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi.
2012 yil esa uning hayotidagi burilish nuqtasi bo‘ldi. "Real Madrid" uni 35 mln evro evaziga xarid qildi. O‘sha vaqtda ko‘pchilik bu transferdan shubhalandi, ammo vaqt Modrichning foydasiga ishladi.
Modrich 29 avgust kuni "Barselona"ga qarshi Superkubok bahsida debyut qildi. O‘yin 2:1 hisobida "qirollik klubi" foydasiga yakunlanib, Luka kelganining ikkinchi kunidayoq sovrin yutdi. Uning "Real" safidagi faoliyati klub tarixidagi eng yorqin sahifalardan biriga aylandi:
La Liga: 4 marta
Ispaniya kubogi: 2 marta
Ispaniya Superkubogi: 5 marta
UEFA Chempionlar Ligasi: 6 marta (shu jumladan 3 marta ketma-ket)
UEFA Superkubogi: 5 marta
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati: 5 marta
Qit’alararo kubok: 1 marta
Bu raqamlar ortida nafaqat sovrinlar, balki maydonda ko‘rsatilgan donolik, sabr va fidoyilik yotadi. Luka Modrich jamoadagi taktikaning yuragi edi. U o‘yinni boshqara oladigan, pressingdan chiqadigan, zarur pallada to‘pni ushlab turadigan futbolchi edi.
2018 yilda u nafaqat "Real Madrid" bilan Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylandi, balki Xorvatiya terma jamoasi bilan Jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi. O‘sha yili u – "Oltin to‘p" sovrinini qo‘lga kiritdi. U so‘nggi 10 yillikda Messi-Ronaldo "monopoliyasiga" barham bergan ilk futbolchi edi.
"Real Madrid"dan ketish — bu faqat klubni tark etish emas. Bu bir davrni ortda qoldirishdir. Rodrigo uning ortidan: “Dadajon, biz uchun siz hamisha maydon markazida bo‘lasiz” deya e’tirofi uni qanday o‘yinchi ekanini ko‘rsatib turibdi.
Luka Modrich — bu faqat 10-raqam emas. Bu – sabr, fidoyilik va mehr haqida yozilgan futbolchi haqidaki katta hikoya.
Maftuna Shokirova
Fikrlar