
Siz “Ayaks”ni kutganmidingiz? “Tottenxem”nichi?
16-17 aprel kunlari EChLda chorak final javob bahslari o‘tkazildi. Ushbu bosqichda ham kutilmagan natijalar qayd etildi. Bular balki kimlar uchundir odatiy hol. Ammo qur’adan so‘ng kimdir “Ayaks” yarim finalga chiqadi desa, siz bunga ishonarmidingiz? Yoki Xarri Keyn jarohat olganidan so‘ng “Tottenxem” keyingi bosqichga chiqishinichi? Keling, yaxshisi hammasini bir boshidan boshlaymiz.
Sulsherning “Kamp Nou”ga “o‘xshamagan” tashrifi
Shu kuni aksariyat ishqibozlar ekran qarshisida “Yuventus”ning g‘alaba qozonishiga ishonib, “Barselona” – “Manchester Yunayted” uchrashuvini tomosha qilishdan boshlashgani aniq (uchrashuvni “Kamp Nou”dan 96 708 nafar muxlis kuzatib bordi. E’tiborlisi, bu joriy mavsum doirasida rekord ko‘rsatgich hisoblanadi. Bungacha esa eng yaxshi ko‘rsatgich La Liganing 10-turidan o‘rin olgan “Real”ga qarshi o‘yinda qayd etilgan edi. O‘shanda “Barselona”ning uy stadioniga 93 265 nafar ishqiboz tashrif buyurgan). Mankunianliklar ularning ishonchini oqlashmadi. Ole Gunnar Sulsherning Kataloniyaga safari ijobiy chiqmadi. Mutaxassis futbolchilik paytida “Kamp Nou”dan boshini tik ko‘tarib, g‘alaba bilan chiqib ketgandi. Shu bois manchesterliklar dastlabki to‘qnashuvdagi mag‘lubiyatga uchragan bo‘lishsa-da, MYu muxlislarida umid bor edi.
Lekin tezkor gollar tomoshabinlarning nigohini Turinga qaratdi. Televizorning kanallari “Yuventus” – “Ayaks” o‘yiniga almashtirildi. U erda hammasi endi boshlangandi...
Bilasizmi? Messi 2013 yildan buyon ilk bor EChL chorak finalida gol urdi. 31 yoshli argentinalik futbolchining EChLda ingliz klublari darvozasiga kiritgan gollari soni 24taga etdi. Bu esa musobaqa rekordi hisoblanadi. Boisi, hozircha hech bir futbolchi APL jamoalariga bu qadar ko‘p gol urmagan.
Messi eng ko‘p ranjitgan jamoa bu "Arsenal". U “kanonirlar” darvozasiga naqd 9ta gol urgan. Keyingi o‘rinlarda esa "Manchester Siti" (6), "Manchester Yunayted" (4), "Chelsi" (2) va "Tottenxem" (2) bor.
Shu kuni kataloniyaliklar EChL doirasida o‘z maydonlarida urgan gollari sonini 100tadan oshirib olishdi. Aniqrog‘i, ularning “Kamp Nou”da kiritgan gollari 102taga etdi. “Barselona” bu ko‘rsatkich bo‘yicha ilk jamoaga aylandi.
“Ayaks” – musobaqa kashfiyoti
“Ayaks” nimchorak finalda amaldagi chempionni nima kuyga solganini barcha ko‘rdi. Ko‘zlariga ishonmadi madridlik muxlislar. Ammo bu haqiqat edi. Ayrimlar hozirgi kunda “qirollik klubi”ga gol urmagan va yutmagan jamoa qolmagandi, “Ayaks” bundan foydalanib qoldi qabilida gapirishdi. Amsterdamliklarning shashtlari ancha balandligiga ko‘pchilik baribir ishonmadi. Natija nima bo‘ldi? Ronaldusi bor “Yuventus” ham musobaqa bilan xayrlashdi.
Gollandiyadagi o‘yinda turinliklar Krishtianuning golidan boshqa hech narsa qila olishmagandi. Italiyadagi javob bahsida ham huddi shu stsenariy takrorlandi. “Yuve”ga bu bosqichda Mario Manjukich, Duglas Kosta va pleymeyker etishmadi. Boz ustiga, tarkibning qari ekanligi shu kuni bilinib qoldi. Go‘yoki, qayd etilayotgan 1:2 hisobidagi mag‘lubiyat Massimilliano Allegri shogirdlarini qanoatlantiradigandek tuyuldi. Vaholanki, yoshlardan iborat “Ayaks” tinmadi, Turinda xohlagan kombinatsiyasini amalga oshirdi. Balki keyingi bosqichda ko‘rsatadigan o‘yinini ham sinovdan o‘tkazib olgandir. Chunki mezbonlar umuman qarshilik ko‘rsatishmadi. Raqibga to‘g‘ri baho bermagan “Yuventus” shu pallada to‘xtadi va uning ushbu mag‘lubiyati klub aktsiyalarining tushib ketishiga olib keldi.
Krishtianu Ronaldu 2010 yildan buyon ilk bor EChL yarim finalida ishtirok etmaydigan bo‘ldi. “Ayaks” evrokuboklarda noyob natija sohibiga aylandi. Boisi, shu kungacha hech qaysi klub bir mavsumda ham “Real”ni, ham “Yuventus”ni safarda mag‘lubiyatga uchratmagan ekan. Amsterdamliklar 1997 yilgi mavsumdan buyon ilk bor EChLda 1/2 finalga yo‘l olishdi. Yana bir qiziq tomoni, “Ayaks” o‘shanda yarim finalda “Yuventus”ga to‘qnash kelgan va imkoniyatni boy berib, musobaqadan chiqib ketgan edi.
Safari qariyotgan Pep!!!
Aftidan Xosep Gvardiolaning APLdagi “sarguzashtlari” yakunlanish arafasida. Ispaniyalik murabbiyga “Manchester Siti” klubi rahbariyati barchasini muhayyo qilishdi: pul, istalgan futbolchi, sharoit. Ammo EChLda natija yo‘q. Pepning o‘zi esa “Manchester Siti”ga aynan ushbu sovrinni yutish uchun kelmaganini “Tottenxem”ga qarshi javob bahsidan avval aytib o‘tdi. To‘g‘ri, ba’zi muxlislar Angliya chempionligini EChL g‘olibligidan ustun qo‘yishadi. Qisman to‘g‘ridir. Lekin “ko‘xna qit’a”ning eng nufuzli musobaqasida birinchi bo‘lish har kimga ham nasib etavermaydi. Buni finallardan qaytadigan “Atletiko”dan so‘rang.
“Tottenxem” ajoyib o‘yin namoyish etadigan, raqibdan qo‘rqmay o‘ynaydigan jamoa. Xarri Keyn jarohatlanib, safdan chiqqanidan so‘ng ham, hisobda ortda qolayotganda ham ruhini cho‘ktirmagan “shporlar” iroda evaziga Manchesterda mag‘lubiyatga uchragan taqdirlarida ham gollar urishdi va yarim finalga chiqishdi. Buni “Tottenxem”cha iroda deydilar.
Bizni ranjitgan voqea
Son Xin Min ushbu uchrashuvda dubl qayd etdi. 26 yoshli koreyalik futbolchi EChLda kiritgan gollari sonini 12taga etkazib oldi. E’tiborlisi, Son bu bilan Chempionlar ligasida eng ko‘p gol urgan osiyolik futbolchiga aylanib oldi. Bungacha ushbu nom hamyurtimiz Maksim Shatskixga tegishli edi.
“Liverpul”dan oson g‘alabalar
“Liverpul” va “Portu” to‘qnashuviga ortiqcha izoh berishning hojati yo‘q. Chunki bu qarama-qarshilikda avvlagi yillari ham angliyaliklar ustun kelishgan va bu gal ham portugaliyaliklar raqibni yirik hisobda dog‘da qoldirildi.
Klopp bu bosqichda muhim o‘yinlar uchun taktikalar, futbolchilarning joylashuvi va har xil rejalarni sinovdan o‘tkazib olganligi aniq.
"Liverpul" endi yarim finalda "Barselona" bilan kuch sinashsa, "Ayaks" raqibga tik boqishdan choqmaydigan "Tottenxem"ga qarshi maydonga chiqadi.
Fikrlar