
“Siti” yulduzi faqat “Real”dan cho‘chiyapti
“Manchester Siti”ning yangi sardori Bernardu Silva joriy mavsumda eng kuchli raqib qaysi jamoa ekani haqidagi savolga javob qaytarishiga to‘g‘ri keldi.
Bu mavsum Xosep Gvardiola shogirdlari Evropa Chempionlar ligasida ishtirok etmoqda. Bernardu Silva aynan qit’a miqyosidagi xalqaro turnirda “shaharliklar”ga ro‘baro‘ keladigan jamoa nomini aytdi.
- Eng qiyin raqib Evropa Chempionlar ligasida to‘qnash keladi. Bu “Real”, Vinisius Junior va Rodrigo, - dedi portugaliyalik hujumkor futbolchi.
Ta’kidlash joizki, “Manchester Siti” Chempionlar ligasida muntazam madridliklarga duch kelyapti. O‘tgan mavsumda ilk bor yangi formatda o‘tkazilgan musobaqaning pley-offida “Real” futbolchilari ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, Gvardiola shogirdlarini musobaqadan chiqarib yuborgan edi.
Bu gal har ikki jamoa umumiy bosqichda kuch-sinashadi. Bu uchrashuv musobaqaning oltinchi turida – 10 dekabr kuni “Santyago Bernabeu” stadionida bo‘ladi.
Fikrlar