
Shveytsariya nashri Derdiyokni O‘zbekiston chempionligi bilan tabrikladi (to‘liq intervyu)
Shveytsariyaning nufuzli nashrlaridan biri “Luzerner Zeitung” “Paxtakor” futbolchisi Eren Derdiyokni klubi bilan erishgan chempionlik bilan tabriklab, O‘zbekistondagi hayoti haqidagi savollar bilan murojaat qildi. Quyida ushbu suhbatni to‘liq tarzda e’tiboringizga havola etamiz.
O‘zbekistonda o‘zining ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgan futbolchi O‘zbekiston, “Bazel” va “Sion”ga uni hanuz nima bog‘lab turishini aytdi. Toshkentdagi hayoti haqida gapirishni boshlar ekan, yonidagi sherigi undan oldin javob berib yubordi. Demak, Erenga u erdagi hayot yoqmoqda. Toshkent - Markaziy Osiyo mamlakatlaridan biri hisoblangan O‘zbekistonning poytaxti. Bu haqida futbolchining o‘zi shunday deydi:
“Evropadan boshqa davlatga safar qilar ekansiz, katta qiyinchiliklar bo‘lishini kutasiz. Ammo bu erda men o‘ylaganimdan kamroq noqulayliklarga duch keldim. Toshkentda o‘z qit’amdagi kabi restoran va kafelar mavjud. Zamonaviy shaharda yashash qulayliklar taqdim etishi aniq”.
U Toshkentda yanvardan buyon yashamoqda. “Go‘ztepa”dan “Paxtakor”ga ko‘chib o‘tish u uchun yaxshi qaror bo‘ldi, deya olamiz. Oilasi (xotini va 2 ta qizi) ham eng avvalidan u bilan birga yashamoqda. Katta qizi xalqaro maktabda o‘qiydi.
Til bo‘yicha Eren Derdiyokda muammo bo‘lishi mumkin emas. U nemischadan tashqari, turk, ingliz va rus tillarida gapira oladi. Futbolchining o‘zi aytib o‘tishicha, o‘zbek tili turkchaga juda ham o‘xshab ketadi. Ba’zi paytlarda jamoadoshlari bilan muloqotga kirishish uchun ushbu til ham qo‘l kelar ekan. O‘zbekiston chempionatida legionerlar u qadar ko‘p emas. Umumiy 341 futbolchining 36 tasigina legionerdir. “Paxtakor”da ham atigi 2 ta xorijlik futbolchi bor. Erendan tashqari, “sherlar” safida serbiyalik legioner Dragan Cheran ham harakat qiladi.
Uning sobiq murabbiyi o‘zi uchun noma’lum bo‘lgan O‘zbekistonga borishida asosiy figura bo‘ldi. Ammo qilingan tavakkal o‘zini oqladi: Osiyo markazidagi hayotga u ancha ko‘nikib qoldi. U Toshkentda emin-erkin yashayotganining yana bir sababi, bu davlatda koronavirus pandemiyasi u qadar chuqur ildiz otmaganida. Eren virus yuqtirib olishga ham ulgurdi. Biroq undan ancha engil qutuldi.
U o‘zbek stadionlari haqida faqat jamoadoshlaridan eshitgan gaplar orqaligina biladi. Bu haqida u: “Men yigitlardan, bu stadionlar avval qanday bo‘lgan, deb so‘rayman. Ularning gaplariga qaraganda, yaxshi darajadagi o‘yinlarga 20-30 ming muxlis kiradi. Lekin bu har doim ham kuzatiladigan holat bo‘lmagan”.
Futbolchi o‘zi harakat qilayotgan mamlakat futbolini Evropaniki bilan solishtirar ekan shunday deydi: “Men jamoaga yangi kelgan paytlarimdayoq, ularning futboli juda ko‘p jihatdan sekin ekanini aytganman. Ular rivojlanish tomon borayotgan bo‘lsalar-da, amalda ko‘p narsa Evropadagidan keskin farq qiladi.
“Shota Arveladze meni Germaniyadagi faoliyatim omadsizlikka yuz tutgach, “Kasimpasha”ga taklif qilgandi. Ammo Turkiyaga borganimdan so‘ng, 2 hafta ham o‘tib ulgurmay, jiddiy jarohat oldim. 6 oy mobaynida tiklanishga majbur bo‘ldim. Afsuski, u klubdan ketib ulgurgandi. Men faoliyatimni “Galatasaray” va “Go‘ztepe”da davom ettirdim. Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, Shota men bilan bog‘landi. Uning jamoasiga men kabi strayker kerakligini aytdi. Men u bilan to‘liq ishlab ko‘rish baxtiga muvaffaq bo‘lmagandim va ushbu taklifni qabul qildim.
“Sion” bilan hamon aloqalarni saqlab qolganmiz. Ammo “Bazel” haqida bunday deya olmayman. Demakki, Shveytsariya bilan aloqalarim hanuz mavjud. O‘z vaqtida Murat Yakin mening xizmatlarimga qiziqish bildirayotgani haqida eshitdim. Ammo barchasi o‘tmishda qolib ketdi va u bugun “Sion” bosh murabbiyi emas. Umuman, Shveytsariyaga qaytish terma jamoa eshiklarini ham men uchun yana bir marotaba ochishi mumkin edi. “Bazel”ga o‘tish men uchun yaxshiroq variant bo‘lish ehtimoli bor edi. Timm Kloze (“Bazel” futbolchisi) bilan do‘stona aloqalarimiz saqlanib qolgan. Biz tez-tez bog‘lanib turamiz. U bilan bolalikdan do‘stmiz. Yaqinda Marko Shtreller bilan ham gaplashgandim”.
Shveytsariya klublari tomonidan nazarga ilinmagan futbolchi “Paxtakor” bilan O‘zbekiston chempionligiga erishdi. U kiritgan 9 ta gol klubining muvaffaqiyatlarida muhim o‘rin tutdi. Osiyo Chempionlar Ligasining chorak finalidagi mag‘lubiyatni Eren shunday esladi:
“Hammamiz shokda edik. Biz potentsialimiz finalgacha etishini bilardik. Shunday bo‘la turib, bu bosqichda turnirdan chiqib ketish og‘ir. Barchamiz eng kuchga to‘lib turgan paytda musobaqani tark etdik. Osiyoda yaxshi klublar ko‘p va buni to‘g‘ri qabul qilish ham lozim.
Guruh bosqichida “Al-Hilol”ga qarshi o‘tkazgan o‘yinimizni ko‘rdingiz. Biz yuqori saviyali o‘yin namoyish etdik. Osiyoda Xitoy va arab klublari ancha yaxshi darajada. Chunki, ularning ortida juda katta mablag‘ turadi”, - dedi hujumchi.
Derdiyok chempionlikni nishonlashga hali erta deb hisoblaydi. Sababi, hali oldinda kubok bahslari ham bor. “Ushbu titulni ham o‘ziniki qilib olgan taqdirda, bemalol tantana qilsak bo‘laveradi”, - deydi Eren.
Hozirda, O‘zbekiston va Shveytsariya o‘rtasida aviaqatnovlar bo‘lmayapti. Shu sababdan, yanvar oyidan buyon Derdiyok Shveytsariyaga kela olmayapti. Hozircha, hech bir klubdan takliflar yo‘q. Ammo uning fikricha, bir kun yana o‘z vataniga qaytadi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar