
Shveytsariya - Germaniya o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuvda Derdiyokning xet-trigi jamoasiga g‘alaba keltirgan (prevyu)
Kechagi uchrashuvlar bilan Millatlar Ligasi yangi mavsumining birinchi turi o‘z yakuniga etdi. Ilk turdan keyingi xulosalarni ham ayni o‘rinda aytib ketishga ijozat berasiz.
Avvalo, aksariyat jamoalar etakchilarsiz o‘ynayotgani bilinib qolyapti. Terma jamoa yig‘iniga etib kelganlarida ham ozroq charchoq alomati sezilmoqda. Germaniya - Ispaniya, Portugaliya - Xorvatiya uchrashuvlarini istisno etganda, A liganing hech bir uchrashuvi yorqin hujumlar ostida kechmadi.
UEFA mutasaddilari ushbu turnirga jahon chempionati chiptalarini tikish orqali katta revolyutsiya amalga oshirishgan. Endi jamoalar musobaqaga o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘rnini bosuvchi turnir deb emas, balki rosmana jiddiy munosabat bildirishmoqda.
Terma jamoalar o‘yinida tushunmovchilik va sustlik kuzatilayotganining yana bir sababi - uzoq davom etgan pandemiya. Klublar va milliy chempionatlar mavsumni yakunlashni bir amallashdi. Biroq bu o‘rtada qariyb yarim yil terma jamoa yig‘inlari o‘tkazilmadi. Demak, futbolchilarga biroz vaqt zarur edi. Shu tufayli, ikkinchi turda jonliroq va mazmunliroq futbol ko‘rishga umid bildirishimiz mumkin.
Jamoalarga qaytadigan bo‘lsak, ular o‘z tarixlari davomida 51 marta kuch sinashib ulgurgan. Terma jamoa miqyosida bu kabi ko‘p o‘yin o‘tkazish holatlarini kam kuzatamiz. Ammo so‘nggi yillarda ularning yo‘llari kesishmay qo‘ydi. 2012 yil Bazelda kechgan oxirgi bellashuvda mezbonlar 5:3 hisobida g‘alaba qozongan. O‘sha o‘yinda Eren Derdiyok nemislar darvozasini 3 bor ishg‘ol qilgandi.
Shveytsariya
Jamoa birinchi turda g‘oyat muhim bahsda mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. Murabbiyning ko‘rsatmasi o‘laroq, dastlabki 10 daqiqani hujumda o‘tkazgan jamoa vaziyatlardan naf chiqara olmadi. Keyin hujum qilish navbati ukrainlarga o‘tdi va Yarmolenko hisobni ochdi. O‘sha kuni har bir gol istalgan videoroliklarni bezashga qodir tarzda urildi. Zinchenkoning zarbasi esa ularning “gultoji” bo‘la oldi. Shveytsariya yomon o‘ynamadi. Biroq, “Manchester Siti” futbolchisining ushbu zarbasi ularni shok holatiga solib qo‘ydi. Futbolda bu qadar qaytarib bo‘lmas, chiroyli golni o‘tkazib yuborish maydondagilarning ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Kimni ayblashni bilmaysiz - zarba ideal!
Guruhning qolgan ikki vakili o‘zaro durang o‘ynagan paytda erishilgan g‘alabalarning qiymati birmuncha baland bo‘ladi. Bugun ikki alamzadalar kurash olib boradi.
Taxminiy tarkib: Sommer, Akanji, Rodrigez, Vidmer, Elvedi, Mbabu, Ebisher, Sou, Jaka, Zyuber, Seferovich.
Germaniya
Germaniya g‘azab otiga mingan ko‘yi Shveytsariyaga tashrif buyurmoqda. Ular Ispaniya ustidan tarixiy g‘alabani qo‘ldan chiqarishdi. 32 yildirki, rasmiy uchrashuvlarda ular “qizil furiya”ni enga olmaydi. So‘nggi daqiqada mana shunday muhim va printsipial o‘yinda gol o‘tkazib yuborish juda alamli. Biroq teng kurashlar va qarama-qarshi hujumlar ostida kechgan bahs uchun 1:1 hisobi ancha adolatli.
Bir nechta etakchilarisiz o‘ynayotgan ispanlardan 3 ochko ololmaslik esa Lyovni ranjitgani tabiiy. Ammo bugun futbolchilarda yangi mavsum oldidan yaxshi kayfiyatni ta’minlash uchun chiroyli g‘alabaga erishish imkoni mavjud.
Taxminiy tarkib: Trapp, Kox, Ginter, Zyule, Kerer, Jan, Gyundogan, Kross, Gosens, Brandt, Verner.
Murabbiylar
Vladimir Petkovich: “Germaniya so‘zsiz favorit. Nafaqat bizga qarshi o‘yinda, balki butun turnirda ular g‘oliblikka asosiy da’vogar. Biz o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishda davom etamiz. Eng yaxshi futbolimizni namoyish eta olgan taqdirda, ularni engishimiz mumkin. Har doim imkoniyatlar bo‘ladi”.
Yoaxim Lyov: “Ispaniyaga qarshi uchrashuvdagi vaziyat biz uchun og‘ir zarba bo‘ldi, ammo bu haqida ko‘p qayg‘urishni istamaymiz. Barcha futbolchilar ertangi o‘yinga tayyor. Shveytsariya 2014 yildan beri ancha yaxshi kuchaydi. Ular endi bitta futbolchiga bog‘lanib qolgan jamoa emas. Ularda taktik jihatdan o‘sish bor. Ispaniya va bugungi raqiblarimizning o‘xshash jihatlarini ko‘rmoqdaman”.
Xulosa o‘rnida
Nemislar ushbu uchrashuvda katta ustunlikka ega bo‘lishi aniq. Shveytsariya o‘zining minimal imkoniyatlaridan maksimal foydalanib ketsagina nimadir yutishi mumkin. Stadionda muxlislarning yo‘qligi ham mezbonlar zarariga ishlashi mumkin. Chunki ikkinchi davrada katta ehtimol bilan Germaniya o‘z muxlislari qarshisida o‘yin o‘tkazadi.
Germaniyaning ushbu uchrashuvda kamida 2 ta to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishini taxmin qilishimiz mumkin. Gol urgan sari “nemis mashinasi” yanada tezroq va engilroq harakatlana borishini yaxshi bilamiz.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar