
Shunchaki “dahshat”: Palmer bu ishni uddalagan Angliyadagi yagona futbolchi bo‘ldi
Angliya Premer-ligasining oltinchi turida “Chelsi” o‘z maydonida “Brayton”ni qabul qilib, 4:2 hisobida irodali g‘alabaga erishdi.
O‘yin qahramoni Koul Palmer bo‘ldi. Bu futbolchi raqiblarning ikki goliga birinchi bo‘limning o‘zida to‘rtta aniq zarba bilan javob berdi.
Shu tariqa, Koul Palmer Angliya Premer-ligasi tarixida misli ko‘rilmagan rekord o‘rnatdi. Dunyoning eng kuchli ligasi sifatida e’tirof etiladigan Angliya chempionati yuqori divizionida hali biror futbolchi birinchi bo‘limning o‘zida poker qayd etmagan.
Palmer uchun to‘rtta gol urishga 20 daqiqa kifoya qildi. Birinchi to‘pini 21-daqiqada kiritgan Koul 41-daqiqada raqib darvozasini to‘rtinchi bor ishg‘ol qilib ulgurdi.
“Chelsi” 22 yoshli hujumkor futbolchini bir yil muqaddam “Manchester Siti”dan 47 million evroga transfer qilgandi. Yaqinda uning shartnomasi 2033 yilgacha uzaytirildi. To‘purarlik mahoratini namoyish qilib kelayotgan futbolchining transfer narxi 80 million evroga ko‘tarildi.
Fikrlar