"Shu paytgacha legioner bo‘lishga qiziqmaganman, ammo endi..." - Murod Xolmuhammedov qachon bir qarorga kelishini aytdi
Futbolchilarni u klubdan, bu klubga ko‘chib o‘tishi odatiy hol, to‘g‘rimi? Hozir esa rosa o‘yinchilarni bozori chaqqon bo‘ladigan payt. Klublar bilan o‘yinchilar o‘rtasidagi bitimlar esa nari borsa bir yillikni tashkil qilyapti. Natijada mavsum tugagach, yana boshqa chaqiruvlar sari oshiqadilar. Biz bunday jarayonda futbolchilarni ayblamoqchi emasmiz. Shunchaki, mana shunday pallada bir yoki ikki yil emas, balki bir necha yil mobaynida bir klubda to‘p surib kelayotgan o‘yinchilar ham borligini eslatib qo‘ymoqchimiz.
Ana shunday futbolchilardan biri Murod Xolmuhammedov bo‘lib, u “Qo‘qon-1912” jamoasida 2016 yildan beri to‘p surib kelmoqda. Ungacha “Paxtakor”, “So‘g‘diyona” kabi klublardagi faoliyati orqali yaxshi bilardik. To‘g‘ri, orada qisqa muddat ijara asosida “Bunyodkor”da ham o‘ynadi va yana tezda “Qo‘qon-1912”ga qaytganini yaxshi eslaymiz.

Qo‘qonga kelib Murod futbolchi sifatida yanada o‘sdi, milliy terma jamoa darajasigacha ko‘tarildi. O‘z navbatida uni Qo‘qonda juda ardoqlashadi. O‘z o‘yinlari bilan muxlislarning mehridan joy oldi va asosiy tarkibning almashtirib bo‘lmas o‘yinchisiga aylandi. Qiziq, Xolmuhammedovni shuncha yildan beri “Qo‘qon-1912”da nima ushlab turarkin-a?
“Yaxshi savol bo‘ldi. Meni “Qo‘qon-1912”da jamoaning ahilligi, bir oila ekani va rahbariyatdagi yaxshi insonlarning mehnati ushlab turadi. Qolaversa, men futbolchi sifatida aynan ushbu jamoada yaxshigina o‘sishga erishdim”, - deya javob qaytardi, Xolmuhammedov.

U himoyachi, lekin gollar urishni ham kanda qilmaydi. Har mavsum hatto bir qancha hujumchilar eplay olmagan ishlarni ham bajaradi. Murod standartlar ustasi. Bu borada unga gap bo‘lishi mumkin emas. Joriy mavsumda futbolchi qo‘qonliklar safida 21 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 marta gol urdi. Aslida gollari va o‘yin soni ko‘proq bo‘lishi kerak edi. Biroq jarohat tufayli bir qancha bahslarni o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri keldi. Tabiiyki, bunday etakchi bo‘lmagan paytda jamoasi ham qiyinchiliklarga duch keldi. Yakuniga etgan mavsum haqida gap ketar ekan, bu xususida Murod Xolmuhammedov shunday dedi:
“Bu yilgi mavsum oxirigacha juda qiziqarli hamda shiddatli tarzda kechdi. Shu bilan birga bizning jamoaga ham qiyin bo‘lganini aytishim kerak. Umuman olganda, bu yilgi mavsumdagi ishtirokimizni o‘rtacha ritmda o‘tkazdik, degan bo‘lardim. Endi o‘zimga to‘xtalsam, hech bir futbolchi o‘z o‘yinidan to‘liq qoniqish hosil qilmasa kerak. Shu qatori men ham shundayman. Buning ustiga chempionat mobaynida ko‘p jarohat oldim. Bunaqasi hali bo‘lmagandi”.

Ha, biz ham uni ilgari bu kabi jarohatlar girdobiga tushib qolganini eslay olmaymiz. Lekin hammasi ortda qoldi va u hozirda o‘zini juda yaxshi his qilgan holda yangi mavsum haqida o‘ylayotgan bo‘lsa ajab emas. Bizni yana bir jihat qiziqtiryapti. Ya’ni, Qo‘qondagi besh yillik faoliyatidan keyin Murod endi nima qilmoqchi? Bu erda qoladimi yoki...
“Qo‘qondagi faoliyatimga bu safar beshinchi yil bo‘ldi. 31 dekabr kuni shartnomam o‘z yakuniga etadi. Hozircha keyingi taqdirim masalasida sizga aniq nimadir deb ayta olmayman. Ha, menga takliflar bo‘lyapti va ularni ko‘rib chiqyapman. Yanvar oyining boshlarida qaysi jamoada bo‘lishim aniq bo‘ladi. Allohga shukr, har yili menga yaxshi takliflar bo‘lib kelyapti. O‘ylaymanki, bunday e’tibordan har bir futbolchi xursand bo‘lsa kerak. Boya aytganimdek, ayni paytda muzokaralar olib borilyapti. Ammo hali bir to‘xtamga kelganimiz yo‘q. Tez orada hammasi hal bo‘ladi. Lekin men shu paytgacha yaxshi takliflarga qaramasdan “Qo‘qon-1912” jamoasini tanlab keldim va bu qarorimdan xato qilmadim, deb hisoblayman”, - deya javob berdi.

Ko‘rib turganingizdek, u bir necha kundan keyin erkin agentga aylanadi. Tabiiyki, “Qo‘qon-1912” klubi o‘z etakchisi va sardori bilan hamkorlikni davom ettirish istagida ekanligi turgan gap. Ammo shartnomasi tugayotganidan boshqa jamoalar ham foydalanib qolish payida yuribdilar. O‘zidan eshitdingiz, takliflar etarli. Bu yog‘i futbolchining o‘z tanloviga bog‘liq. Kelasi yili 32 yoshga qadam bosadi. Bunday saviyadagi o‘yinchi bemalol yaxshi chempionatlarda legioner maqomida ham o‘ynashga qodir. Ammo nima uchundir Xolmuhammedov chetga ketishni istamadi. Hozir ham bunday niyati yo‘qmikin?
“To‘g‘risini aytsam, legioner sifatida xorijda to‘p surishga shu kungacha qiziqmaganman. Shuning evaziga doimo chetdan tushgan yaxshi-yaxshi takliflarni rad qilib kelganman. Lekin hozirgi kunga kelib agar yaxshi taklif bo‘lsa, ko‘rib chiqaman”.

Demak, Xolmuhammedov takliflarga ochiq va uni balki legioner sifatida ko‘rib qolsak ham endi ajablanmaymiz, shekilli. Yuqorida o‘zi ta’kidlaganidek, barchasi yanvar oyida hal bo‘ladi. Yana Qo‘qonda qoladimi yoki qarorini o‘zgartiradimi? Voqealar rivojini kuzatib boramiz.



Fikrlar