
Shoxruz Norxonov: "Yana "Buxoro"ga qaytishimni bilmagandim"
Yaqinda xabar berganimizdek, “Buxoro” klubi hujumchi Shoxruz Norxonov bilan shartnoma imzoladi. Natijada u yana sobiq klubiga qaytdi.
2023 yili buxoroliklar sharafini himoya qilgan futbolchi o‘tgan yili “Neftchi” uchun to‘p surdi. Bu yil yana ustozi Ulug‘bek Baqoev qo‘l ostida o‘ynaydigan bo‘ldi. Norxonov “Buxoro”ga qaytgach, fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- "Buxoro"dan "Neftchi"ga o‘tgandingiz va yana "Neftchi"dan "Buxoro"ga qaytdingiz. Bir yildan keyin shunday qaytish haqida o‘ylaganmisiz?
- Assalomu alaykum. Yo‘q, ketayotganimda “Buxoro”ga qaytishim borasida bilmagandim.
- "Buxoro"ga qaytgach, qanday o‘zgarishlarni ko‘ryapsiz?
- Hozir jamoa ancha o‘zgargan. Klubning bugungi kundagi maqsadlari ham juda yuqori.
- Ulug‘bek Baqoev boshqalardan nimasi bilan ajralib turadi va unga 3 ta so‘z bilan ta’rif bera olasizmi?
- Ulug‘bek Baqoevni ajoyib taraflari futbolchi bilan yaxshi gaplasha olishi, futbolchiga ishonch berishi va unga o‘sishi uchun imkon yaratib beradi. Uning boshqa murabbiylardan farqi bir so‘zligi hamda futbolchini tushuna olishidir.
- "Buxoro" yangi mavsumda yana omadsizlikka duch kelmasligi uchun nimadan ehtiyot bo‘lishi kerak, deb o‘ylaysiz?
- Avvalambor yaxshi jamoa yig‘ib bir oila bo‘lishdir. Chempionat boshidan qo‘yilgan maqsad sari harakat qilish kerak.
- Oxirgi ikki mavsumda gollaringiz kamayib ketdi. Buni nima bilan bog‘lagan bo‘lardingiz?
- Ha, to‘g‘ri oldingi formamdan ancha pasayish bo‘ldi. Endi bu yog‘iga faqat oldinga qadam tashlash bo‘ladi, Xudo xohlasa.
- "Buxoro"dagi bu yilgi tarkibdan kelib chiqib aytilsa, qanday o‘rin uchun kurashadi, sizningcha?
- Tarkib yaxshi, nomdor bo‘lmasa ham bir oila bo‘lib harakat qilinsa maqsadimiz faqat yuqori o‘rinlar bo‘ladi. Bu yil “Buxoro” muxlislariga iltimosim, jamoani har doim qo‘llab-quvvatlab turishsa biz ularni xursand qilish uchun borimizni berib o‘ynaymiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar