Shoxruh Ishanov: "Jamoamiz oldida Superligaga chiqish vazifasi bor, faqat..."

  • 26 may, 2023, 10:58
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro-liganing 10-turidan o‘rin olgan “Navbahor-farm” – “Andijon-SGS” (1:0) uchrashuvidan so‘ng, mehmonlar ustozi Shohruh Ishanov jurnalistlarning savollariga javob berdi. U odatdagidek, o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.

Tecno

- Assalomu alaykum! Avvalo “Navbahor-farm” va mazkur jamoa muxlislarini bugungi g‘alaba bilan tabriklayman. Uchrashuv hujumkor va shiddatli tarzda kechdi. Ammo biz imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. Shuningdek, penaltini ham amalga oshirolmadik. Chap qanot himoyachimiz Dilmurod Abduqahhorov maydondan chetlatilganidan keyin esa biroz qiyinchilikka duch kelib, o‘z darvozamizdan to‘p olib chiqishga majbur bo‘ldik. 

- Shogirdlaringizda uchrashuvning 60-daqiqasidan so‘ng, jismoniy tarafdan muammolar yuzaga keldi. Bu nima bilan bog‘liq?  

- Qizil kartochka va penaltidan samarali foydalana olmaganligimiz yigitlarga ruhiy tarafdan ta’sir o‘tkazdi. O‘zinglar ko‘rdinglar, chap qanotni yaxshi yopa olmadik. Mezbonlar o‘sha qanotdan hujumni kuchaytirishdi. Shogirdlarimning jismoniy holatlari yaxshi. Ta’kidlaganimdek, yuqoridagi omillar yigitlarga salbiy ta’sir o‘tkazdi.  

- “Navbahor-farm” bilan o‘tgan mavsumda birinchi liga bahslarida ham raqib bo‘lgandinglar, ya’ni, jamoa sizga begona emas. Ayting-chi, o‘tgan yilgi “Navbahor-farm” bilan bu yilgisining orasida farq bormi?

- Albatta, farqi katta. “Navbahor-farm” futbolchilari maydonda bir-birlarini yaxshi tushunishyapti va murabbiyning ko‘rsatmalariga to‘liq amal qilishyapti. Biz bu o‘yinga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘rgandik. Biroq yana bir marta takrorlayman, qizil kartochka va penaltidan gol urolmaganimiz yigitlarga ruhan ta’sir qildi.

- “Andijon-SGS” pro liga jamoalari orasida o‘z darvozasidan eng ko‘p to‘p o‘tkazib yuborganBu borada ish olib borilyaptimi?

- Albatta, ishlayapmiz. Himoyachilarimiz 2005 yilda tavallud topishgan va ular o‘yindan – o‘yinga o‘z tajribalarini oshirib borishyapti. Bu borada murabbiylar shtabi birgalikda ish olib boryapmiz. Men ularni yosh deya olmayman. Chunki futbol yosh tanlamaydi hamda mazkur futbolchilar sekin-asta o‘sishga erishishmoqda. Vazifamiz – muxlislar uchun chiroyli o‘yin namoyish etib, har bir o‘yinda g‘alaba qozonish. Bugun omad “Navbahor-farm” tomonida bo‘ldi.      

- “Andijon-SGS” xususiy klub hisoblanadi. Jamoangiz misolida klublarni xususiylashtirish borasida nima deya olasiz?

- Klublarni xususiylashtirishning foydasi katta. “Shiringazservis” rahbariyati Andijon futboli rivoji uchun katta hissa qo‘shmoqda. Jumladan, bolalar futboli ham rivojlantirilyapti. Shuningdek, nafaqat futbol, balki yaqinda xalqaro kurash bo‘yicha ham musobaqa o‘tkazildi. Umuman olganda, “Shiringazservis” rahbarlari bolalar va yoshlar sportini rivojlantirish yo‘lida katta ishlarni amalga oshirishmoqda hamda buning uchun ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.            

- “Andijon-SGS” maqsadli jamoa hisoblanadi. Maqsad - viloyat futboliga mahalliy mahoratli futbolchilarni etkazib berishmi yoki jamoa oldiga Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi ham qo‘yilganmi?    

- Albatta, jamoamiz oldida ham Superligaga chiqish vazifasi bor. Faqat buni mahalliy futbolchilar bilan amalga oshirishni rejalashtirganmiz va bu yil emas, balki bir-ikki mavsum davomida pro ligada tajriba orttirib, keyin Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun kurash olib boramiz.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.    

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Bek 56
26/05/2023 13:12
Рахмат яшанг Шох,рух, Эшон жамоангиз ёмон у'йнамади бир оз тажриба етишмади Навбахор фармда супер лигада у'йнаган 5 _ 4 та футболчилар бор булар хатто Локоматиф га хам бош огрик бу'лиши мумкин мен Андижон ( ширин газ )жамоаси ва сиз Шох,рух, Жшонга келгуси у'йинларда галаба тилаюрмен
&
Bek 56
26/05/2023 13:14
Шохрух Эшон .. . дея у'к,илсин тузатиш