
Shomurodovning ustozi O‘runovni “Spartak” yulduziga aylantirishi mumkin!
“Rostov” bosh murabbiyi Valeriy Karpin jamoasini o‘zgartirishi mumkinligi haqida xabarlar tarqatila boshladi. Ma’lumotlarga qaraganda, tajribali murabbiy yana “Spartak” boshqaruviga qaytishi kutilmoqda.
“Spartak”ning hozirgi bosh murabbiyi Domeniko Tedesko mavsum yakunlanishi bilan Germaniyaga qaytishga qaror qilgan. U ancha oldin klub rahbariyatini oilasi bag‘riga ketishi lozimligi haqida ogohlantirgan edi. Qolversa, bu mutaxassis o‘zi istaganidek jamoani joriy mavsumda chempionlik sari etaklay olmadi. “Zenit” Moskva klublarining hech birini uch yildan beri chempionlikka yaqinlashtirmayapti.
Ayni paytda Tedesko o‘ziga yurtidan ish qidirmoqda. Bundesligada unga ish bermoqchi bo‘lgan jamoalar ham bor.
“Spartak” esa, Tedeskoning o‘rnini bosishga qodir mutaxassis qidirmoqda. Poytaxt klubi mutasaddilari ro‘yxatida xorijdan ham, ichki chempionatdan ham nomzodlar bor. Ulardan biri jamoani 2009-2014 boshqargan Valeriy Karpindir. Karpin “spartakchilar”ni ikki marta vitse-chempionga aylantirgan. Keyinchalik 2014-2015 yillarda Ispaniyaning “Malorka”sida ham bosh murabbiylik qildi.
2017 yildan beri “Rostov”ni Rossiya premer-ligasining kuchli jamoalari qatoriga qo‘shdi. O‘zi ham murabbiy sifatida tajriba to‘plab, katta o‘sishga erishganini namoyish qilib kelmoqda.
Biz uchun ahamiyatli tomoni, Valeriy Karpin yurtimizda tug‘ilgan futbolchilarning noyob iste’dodini kashf qilishga ancha usta. Hech kimga sir emaski, Eldor Shomurodov bugun A Seriya darajasidagi hujumchi bo‘lib etishishida Karpinning xizmati katta va futbolchimiz ustozidan minnatdorligini bir necha bor ta’kidlagan. Sinchkov murabbiy o‘zbek hujumchisida hech kim payqamagan qobiliyatlarni ochib yubordi va Eldor hujum chizig‘ining istalgan nuqtasida o‘ynay oladigan forvardga aylandi.
Bundan oldin, ya’ni “Spartak”da ishlab yurgan kezlari Karpin Buxorodo tug‘ilgan futbolchi – Vladimir Obuxovni kashf qilgan edi. U 2011 yilda yosh hujumchini “Spartak” asosiy tarkibiga qo‘shgandi. Keyinchalik Rossiya yoshlar terma jamoasida ham o‘zini ko‘rsatgan asli buxorolik hujumchi Eldor Shomurodov “Jenoa”ga o‘tib ketganidan keyin, uning o‘rniga Karpin tomonidan “Rostov”ga taklif qilindi.
Xo‘sh, Karpin “Spartak”ni qabul qilib olsa nima bo‘ladi?
Biz uchun e’tiborli tomoni shundaki, Valeriy Karpin transfer huquqi “Spartak”ga tegishli bo‘lgan Oston O‘runovning ham iste’dodidagi yashirish xislatlarni ochib berishi mumkin. Chunki jamoani o‘z qo‘liga olgan har qanday mutaxassis asosiy tarkib vakillari barobarida ijarada yoki o‘rinbosarlar safida yurgan futbolchilarni ham sinchiklab o‘rganib chiqadi. Moskvaliklarning hozirgi ustozi Domeniko Tedesko Oston O‘runovda ko‘pchilik tajribali murabbiylar va mutaxassislar ko‘rgan noyob iste’dodni yuzaga chiqara olmadi va legionerimizga o‘zini ko‘rsata olishi uchun deyarli imkon bermadi.
Karpin esa, Ostondagi Tedesko ko‘rmagan jihatlarni payqay olishiga shubha yo‘q. Bu Karpinning ustun tomoni. U Rossiya futboliga ko‘plab nomlarni ochib berdi. Xususan, bugun Italiya klublari nazariga tushgan o‘zbek millatiga mansub qozog‘istonlik futbolchi Baxtiyor Zaynutdinovning ham o‘yini aynan “Rostov”da, Karpin qo‘l ostida ochildi.
Rossiya premer-ligasidagi yagona vakilimiz Oston O‘runov “Spartak”da boshlagan mavsumini “Ufa”da yakunlaydi. Ufaliklar ijaraga olingan O‘runovning kelajagi bo‘yicha qarorini yozda qabul qiladi. Buning uchun jamoa premer-ligadagi o‘rnini saqlab qolishi kerak. Ikki klub kelishuviga ko‘ra, “Ufa” Oston O‘runovni o‘z tarkibida olib qoladigan bo‘lsa, moskvaliklarga 3 million evro miqdorida badal puli to‘laydi. Aks holda, o‘zbek futbolchisi “Spartak”ga qaytadi. Chunki o‘rtada 2025 yilning yozigacha amal qiladigan professional shartnoma bor.
Buyog‘iga nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Chunki futbol kutilmagan o‘zgarishlar va voqealar bilan qiziqarlidir.
Fikrlar