Shomurodovning sensatsion seriyasi to‘xtadi, raqobatchilar jim...
Turkiya Superligasining 15-turida eng keskin va murosasiz kurashlardan biri “Istanbul Bashakshehir” va “Fenerbahche” o‘rtasidagi uchrashuvda kuzatildi.
Mamlakatning grand klublari sirasiga kiruvchi “Fenerbahche” katta shahar derbisidan odatdagidek uch ochko olib ketish uchun maydonga tushgan edi. Tarkibida Jon Duran, Milan Shkrinyar, Ederson, Nelson Semedu, Fred, Taliska, Yussuf En-Nesiri, Marko Asensio kabi yulduzlarni jamlagan jamoa mezbonlarning qattiq qarshiligiga duch keldi.
Garchi Milan Shkrinyar 64-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa-da, “Bashakshehir” ikkinchi bo‘limda Abbosbek Fayzullaevning o‘rniga maydonga tushgan Bertug O‘zgyurning goli evaziga hisobni tenglashtirdi.
Uchrashuv 1:1 hisobida durang natija bilan yakunlandi. Eldor Shomurodov raqib darvozasiga yo‘l topolmagan o‘yinda “Bashakshehir” g‘alaba qozona olmadi.
Shu tariqa, Superliga “Oltin butsa”si uchun kurashayotgan o‘zbek to‘purarining golli seriyasi oltinchi uchrashuvda to‘xtadi.
Ma’lumki, Eldor Shomurodov joriy mavsumda o‘nta gol bilan to‘purarlar poygasida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Bu gal hamyurtimiz o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘yolmadi. Quvonarli tomoni, “Oltin butsa” uchun kurashayotgan asosiy raqobatchilar ham bu turda o‘zini ko‘rsatolmadi.
Xususan, reytingda 11 ta gol bilan birinchi o‘rinni egallab turgan nigeriyalik forvard Pol Onuachu “Trabzonspor” safarda “Gyoztepe”ni 2:1 hisobida yutgan o‘yinda gol urolmadi va uning statistikasi ham o‘zgarishsiz qoldi.
Adolat yuzasidan shuni aytish kerakki, Pol Onuachu jami gollaridan to‘rttasini penaltidan kiritgan. O‘yindan gol urish bo‘yicha Eldor undan yaxshiroq natija qayd etmoqda. 30 yoshli hujumchimiz o‘yindan to‘qqizta gol urgan bo‘lsa, bir marta penaltini golga aylantirgan.
To‘purarlar poygasida Pol Onuachu va Eldor Shomurodovni ta’qib qilib kelayotgan va hozirgacha ettitadan to‘p kiritgan ikki qudratli klubning mashhur hujumchilari – Mauro Ikardi (“Galatasaroy”) va Yussuf En-Nesiri (“Fenerbahche”) ham bu turda maydonni quruq tark etdi.
Faqatgina “Konyaspor” hujumchisi Umut Nayir “Rizespor” darvozasiga bitta to‘p kiritib, jamoasiga durang taqdim etish barobarida gollari soni bo‘yicha Ikardi va En-Nesiriga etib oldi.
Turkiya chempionatida to‘purarlar poygasida kurash avjiga chiqishi kutilyapti. Superliga kashfiyotiga aylangan Eldor Shomurodov bugunga qadar “Beshiktosh”, “Alanyaspor”, “Konyaspor”, “Galatasaroy”, “Kojaelispor”, “Genchlerbirligi”. “Trabzonspor”, “Kasimpasha” darvozalariga bittadan to‘p kiritgan bo‘lsa, “Antalyaspor” jamoasi darvozasini ikki bor ishg‘ol qilgan.
Endi “Istanbul Bashakshehir” Turkiya chempionatidagi navbatdagi uchrashuvini 14 dekabr kuni safarda “Samsunspor”ga qarshi o‘tkazadi. Eldor Shomurodov bo‘lajak uchrashuvdan yana gol urishni boshlashiga umid qilamiz.



Fikrlar