
Shomurodovning o‘zi “Roma”ga o‘tgani haqida nimalar dedi?
Nihoyat, ko‘pchilik kutgan yangilik – Eldor Shomurodov “Roma” fubolchisiga aylangani rasman e’lon qilindi.
Ayni paytda xorij ommaviy axborot vositalarida murabbiylar, agentlar, mutaxassislar va ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda, bu transfer keng muhokama qilinyapti.
“Roma” hujumchisiga aylangan Eldor Shomurodov ham faoliyatidagi yangi bosqich haqida o‘z qarashlarini aytib o‘tdi.
- “Roma”ga o‘tish – faoliyatimdagi oldinga tashlangan katta qadam bo‘ladi. Men bu imkoniyatga loyiq ekanimni isbotlash uchun qo‘limdan kelgan maksimum harakatlarni amalga oshiraman. Dunyoning eng buyuk klublaridan birida o‘ynab, o‘zimning nimalarga qodirligimninamoyish qilmoqchiman.
Bu transferning tez amalga oshgani mening yangi jamoa, yangi futbolchi va murabbiylarga tezroq qo‘shilib ular bilan birga tezroq ish boshlashga bo‘lgan ishtiyoqimdan dalolat berib turibdi, - dedi Eldor Shomurodov.
“Roma” va “Jenoa” rahbariyatlarining Eldor Shomurodov transferi bo‘yicha kelishuviga ko‘ra, hamyurtimiz bir mavsum davomida ijara asosida to‘p suradi. Buning uchun rimliklar Genuya klubiga 2,5 million evro miqdorida ijara puli to‘laydi. “Roma”da o‘zbekistonlik hujuchining transfer huquqini 17,5 million evroga sotib olish imkoni bor.
Shomurodov ma’lum miqdordagi o‘yinlarda ishtirok etsa yoki “Roma” yangi mavsum oxirida Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kirita olsa, bu transfer avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Ya’ni, Shomurodov “Roma”ning to‘laqonli a’zosiga aylanadi.
Umumiy hisobda bu transfer “Roma”ga 20 million evroga tushgani aytilmoqda.
“Jenoa” Shomurodovning keyingi transferidan ham 10 foiz ulush olishi belgilangan.
“Roma” va Shomurodov o‘rtasida 2026 yilning yozigacha amal qiladigan shartnomaga ko‘ra, legionerimiz poytaxt klubida bir mavsum uchun 2 million evro maosh olishi kelishilgan.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov 2020 yilning 1 oktyabr kuni Rossiya premer-ligasi vakili “Rostov”dan “Jenoa”ga ko‘chib o‘tgan edi. Bu transfer uchun genuyaliklar 7,5 million evro to‘lagan. Shuningdek, keyinchalik rostovliklar Shomurodov 10 ta samarali harakatni amalga oshirgani uchun bonus oldi va “Roma”ga transfer qilingani uchun ham ulushga ega bo‘ladi.
Shomurodov “Jenoa” tarkibida A Seriyada ham to‘purarlik mahoratini namoyish qila oldi. Italiya chempionatida “Parma”, “Sassuolo”, “Verona”, “Spetsiya”, “Latsio”, “Kalyari” darvozasini bir marotabadan aniq nishonga olgan bo‘lsa, “Atalanta” darvozabonini ikki bor o‘z darvozasi to‘ridan to‘p olib chiqishga majbur qildi.
Endi hamyurtimiz Joze Mourino qo‘l ostida “Roma” sharafini himoya qiladi. Yangi mavsumda ham legionerimizga yangi jamoasida muvaffaqiyatli to‘p surib, ko‘p gol urishini va yana oldinga intilishi va yanada yuksak cho‘qqilarni ni tilab qolamiz!
Fikrlar