
Shomurodovning faoliyatida katta o‘zgarish!
Klaudio Raneri bosh murabbiy etib tayinlanganidan bir necha oy o‘tib, “Roma” Italiya chempionatining qudratli jamoalaridan biriga aylandi.
Chempionat boshida autsayderlar qatoriga tushib qolgan rimliklar nihoyat 26-turga kelib, Evropa miqyosidagi musobaqalarga yo‘llanma beradigan kuchli oltilikka yaqinlashib oldi. Ayni paytda oltinchi o‘rinda borayotgan “Fiorentina” bilan to‘qqizinchi pog‘onaga ko‘tarilgan “Roma” o‘rtasidagi farq ikki ochkoni tashkil qilmoqda. O‘rtada rimliklar bir ochko ko‘p to‘plagan “Milan” va “Bolonya” bor.
Bundan tashqari, “Roma” Evropa Ligasida bosh sovrin uchun kurashni davom ettirayotgani ham poytaxtlik futbol ishqibozlarini xursand qilyapti.
Ahamiyatli tomoni shundaki, “bo‘rilar”ning so‘nggi paytlardagi muvaffaqiyatlarida Eldor Shomurodov juda katta rol o‘ynamoqda. Legionerimiz o‘z gollari, assistlari va o‘yin natijasiga harakat qilayotgan harakatlari bilan jamoasi muvaffaqiyatini ta’minlab kelmoqda.
Italiya futboli afsonalaridan Anjelo Di Livio Klaudio Raneri qo‘l ostida “Roma” qayta shakllanayotgani va bu jarayonda Eldor Shomurodovning roliga baho berdi.
- Menga “Roma”ning “Montsa” bilan o‘yinda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi, o‘ziga xos o‘yini va yondashuvi juda ma’qul kelganini aytishim kerak. Jamoa uchrashuvni zo‘r o‘tkazdi va bundan hamma rohat oldi.
Mavsumning birinchi qismida inqirozni boshidan o‘tkazgan futbolchilar endi maydonda yana javlon urmoqda. Bunda ajoyib murabbiy Klaudio Ranerining hissasi katta. Bu mutaxassis menga “Lester”ni qanday qilib tarixda ilk bor Angliya chempioniga aylantirganini tushuntirib berishi kerak.
“Roma”ning hozirgi tarkibi A Seriya jadvalida yanada yuqoriga ko‘tarilishga va Evropa ligasida bosh sovrin uchun kurashishga qodir.
Keyingi uchrashuvlarda hujum chizig‘ida Eldor Shomurodovning o‘ynayotgani juda to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Agar men Klaudio Ranerining o‘rnida bo‘lganimda o‘zbek futbolchisini muntazam boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirgan bo‘lardi, - dedi Anjelo Di Livio.
Eldor Shomurodovning jamoadagi ahamiyati va roli oshib borayotganini Italiya futbolini tahlil qilib borayotgan boshqa manbalar ham e’tirof etmoqda.
- Shomurodov “Roma” tizimida ideal darajadagi muhim figuraga aylandi. Bu futbolchini yozda va yanvarda sotib yubirmoqchi bo‘lishgan edi. Endi u Artyom Dovbikning asosiy tarkibdagi joyini olib qo‘ymoqda.
Kuni kecha o‘zbek futbolchisi “Montsa”ga qarshi “Olimpiko”dagi faoliyati davomida eng zo‘r o‘yinini o‘tkazdi. Aleksis Salemakersga golli pas uzatdi va o‘zi ham raqib darvozasini ishg‘ol qilib, amalda o‘yin taqdirini hal etdi.
Jamodoni doim qo‘lida bo‘lgan va ketishga tayyor turgan Shomurodov o‘ziga berilgan kichik imkoniyatlardan unumli foydalanib, endi o‘rinbosar tamg‘asidan qutilib, “Roma” murabbiylari va muxlislari ishonchini qozondi, - deb yozmoqda Corriere dello Sport gazetasi.
Darhaqiqat, Eldor Shomurodov joriy mavsumda barcha turnirlar – A Seriya, Italiya kubogi va Evropa ligasida 23 marotaba maydonga tushib, to‘rtta gol va uchta assist muallifi bo‘ldi.
Fikrlar