
Shomurodovni Evropada ham tan olishmoqda!
A Seriyaning 16-turida “Sassuolo” va “Jenoa” o‘rtasidagi uchrashuvda sassuololiklar darvozasini ishg‘ol qilgan Eldor Shomurodov uchrashuvda faol harakatlari bilan ajralib turdi.
Italiyaning mashhur nashrlaridan biri La Gazzetta dello Sport o‘zbek legionerining o‘yinini yuqori baholab, Eldor Shomurodovni mazkur uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etdi.
Avvarloq, futbolchilarning o‘yinini baholab boradigan Whoscored sayti ham Eldor Shomurodovga eng yuqori – 7,8 ball bergandi.
Eldor Shomurodov “Sassuolo” bilan o‘yinda uchrashuvda gol urishdan tashqari, raqib darvozasi tomon uch marta aniq zarba yo‘lladi. Shuningdek, jamoadoshini qulay pozitsiyaga olib chiqdi, raqiblarni muvaffaqiyatli aldab o‘ta oldi. O‘zbek hujumchisi havodagi kurashlarda uch bor g‘olib chiqdi va gol ham ana shunday vaziyatda kiritildi. Uning 20 ta pasidan 70 foizi manzilga aniq bordi. Bu hujumchi uchun yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Mutaxassislar Shomurodovning himoyachilarga yordam berayotganini ham alohida ta’kidlamoqda. U ikki marta raqib hujumi vaqtida ulardan to‘pni olib qo‘ydi.
Umumiy hisobda genuyaliklar tarkibida A Seriyada 11 ta o‘yin o‘tkazgan Shomurodov ikkita gol va bitta golli uzatma muallifi bo‘ldi.
Fikrlar