
Shomurodovga yangi vazifa yuklandi...
“Roma”da ijobiy o‘zgarishlar davom etmoqda. Mavsum boshida Daniele de Rossi va Ivan Yurich qo‘l ostida autsayderlar darajasiga tushib qolgan “bo‘rilar” jamoani Klaudio Raneri qabul qilib olganidan keyin yana jonlana boshladi.
Mavsumning hal qiluvchi pallasiga kelib, “Roma” A Seriya musobaqa jadvalida to‘qqizinchi o‘ringa ko‘tarildi va Evropa kuboklarga yo‘llanma beradigan kuchli oltilikka kirish uchun juda yaxshi imkoniyatga ega.
Bundan tashqari, “bo‘rilar” Evropa ligasida bosh sovrin uchun asosiy da’vogarlar qatoriga qo‘shildi.
Klaudio Raneri qo‘l ostida avvalgi murabbiylar foydalanishni istamagan bir necha o‘yinchilar yana mavsum qahramoni darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, so‘nggi bir necha uchrashuvda Matias Sule va Eldor Shomurodovning o‘yini yuqori darajaga ko‘tarilgani bu futbolchilarni muhim figuraga aylantirdi.
- Eldor Shomurodov jamoani Klaudio Raneri qabul qilib olguniga qadar barcha musobaqalarda jami 253 daqiqa o‘ynab, o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ygandi. Biroq tajribali mutaxassis ishonch bildira boshlagan o‘zbek hujumchisi bugungi kunda samarali harakatlari sonini to‘rtta gol va uchta assistga etkazib oldi, - deb yozmoqda laroma24.it sayti.
Italiya futboli ekspertlari Eldor Shomurodov markaziy hujumchi sifatida gollarni qalashtirib tashlamayotgan bo‘lsa-da, “Roma” o‘yiniga jiddiy ta’sir o‘tkazayotganini e’tirof etmoqda.
- Jamoa etakchisi Paulo Dibala har doim ham o‘yin taqdirini hal qila olayotgani yo‘q. Biroq jamoada Eldor Shomurodov va Matias Sulening o‘yini ochilib borayotgani bu kamchilikni yuvib yubormoqda. Xususan, “Parma” va “Montsa”ga qarshi bahslarda bu ikki hujumchi o‘z gollari va assistlari bilan hal qiluvchi rol o‘ynadi.
Sule “Parma” bilan bo‘lgan o‘yinda Eldor Shomurodov bilan hamkorlikda samarali o‘ynash mumkinligini ko‘rsatdi. Matias Eldorning uzatmasidan keyin jarima zarbasi ishladi va undan gol urdi. “Montsa”ga qarshi bellashuvda Shomurodov argentinalik futbolchi uzatgan to‘pni raqib darvozasiga joyladi. “Roma”da yangi tandem yuzaga keldi va u samara bera boshladi. Bu Klaudio Raneri topqirligining foydasi.
Ayniqsa, Eldor Shomurodovda jiddiy o‘zgarishlar ketayotganiga e’tibor qaratish lozim. Bu hujumchining gollar va assistlar bo‘yicha statistikasi hayratlanarli bo‘lmasa-da, jamoa o‘yiniga ta’siri bilan Raneri ishonchini oqlab kelmoqda. Eldor “Milan”, “Napoli”, “Portu”, “Parma” va “Montsa”ga qarshi muhim uchrashuvlarda boshlang‘ich tarkibda harakat qildi. Bu yaqinda zaxiraga mixlangan va klubni tark etishi kutilgan o‘yinchi uchun juda katta o‘sish.
“Roma”da ichki raqobat oshib bormoqda. Paulo Dibala va Artyom Dovbik tandemiga Matias Sule va Eldor Shomurodov dueti qo‘shildi. Eng muhimi, hal qiluvchi pallada katta sahnaga chiqayotgan Sule va Shomurodov o‘sishdan va jamoaga foyda keltirishdan to‘xtamasligi kerak, - deb yozdi siamolaroma.it sayti eksperti Olga Novella.
Endi “Roma” A Seriyadagi navbatdagi uchrashuvini 2 mart kuni “Komo”ga qarshi o‘tkazadi. “Olimpiko”ga mehmonga keladigan “Komo” o‘tgan turda “Napoli”ni engib, bu jamoaning birinchi o‘ringa ko‘tarilib olishiga yo‘l qo‘ymagan edi.
“Roma” muxlislari bo‘lajak bellashuvda yana Eldor Shomurodov boshlang‘ich tarkibda maydonga tushib, jamoa g‘alabasiga katta hissa qo‘shishini kutmoqda.
Fikrlar