
Shomurodov: Yangi formam yarashibdimi? (foto)
“Roma” yangi mavsum uchinchi formasini taqdim qildi. Odatda, rimlik “bo‘rilar” oq, qizil va sariq ranglar ishlatilgan sport kiyimdan foydalanar edi.
Bu galgi futbolkalarda qora va pushti rang ishlatilgan.
“Roma”dagi legionerimiz Eldor Shomurodov ham yangi kopmlekt formaga ega bo‘ldi va uni kiyib ko‘rdi.
“Roma” futbolchilari bugun Evropa ligasi guruh bosqichining ikkinchi turida Finlyandiyaning Xik jamoasiga qarshi o‘tkaziladigan bellashuvni aynan yangi formada boshlashi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Joze Mourino shogirdlari UEFA musobaqalari tasnifiga kiruvchi ushbu turnirni mag‘lubiyat bilan boshladi. Evropa ligasi g‘olibligiga asosiy da’vogarlardan hisoblangan “Roma” Bolgariyadagi ilk uchrashuvda “Ludogorets” jamoasidan 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
O‘sha uchrashuvda rimliklarning yagona golini zaxiradan maydonga tushgan Eldor Shomurodov kiritdi va ko‘plab mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari va muxlislar tomonidan bellashuvda qatnashgan “Roma” futbolchilari orasida eng yaxshisi, deb topildi.
Evropa ligasidagi gol Shomurodovning o‘zi uchun ham tarixiy ahamiyat kasb etdi. Hamyurtimiz klublar miqyosida o‘zi ishtirok etgan barcha nufuzli turnirlarda o‘z nomiga gol yozdirib qo‘yishga erishdi.
Professional futbolchilik faoliyati davomida “Mash’al” va “Bunyodkor”, “Rostov”, “Jenov” hamda “Roma” klublari sharafini himoya qilgan hujumchimiz O‘zbekiston Superliga, Rossiya premer-ligasi va kubogi, Italiya A Seriyasi va kubogi, xalqaro miqyosda Osiyo Chempionlar ligasi, UEFA Konferenuiyalar ligasi, Evropa ligasi kabi musobaqalarda raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Eldor umumiy hisobda o‘zi o‘ynagan klublari uchun 223 marotaba maydonga tushib, 46 ta gol va 23 ta assist qayd etgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston milliy terma jamoasida 56 ta bellashuvda qatnashib, o‘z hisobiga o‘ttizta gol yozdirib qo‘ygan.
Eldor Shomurodov jamoasi Evropa ligasida bugun muhim uchrashuv o‘tkazadi. Shomurodovning boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishi mavhum. Lekin ko‘pchilik o‘zbek hujumchisi Finlyandiyaning XIK jamoasiga qarshi uchrashuvda zaxiradan o‘yinga qo‘shilishini kutmoqda.
“Olimpiko” stadioni mezbonlik qiladigan “Roma” va XIK bahsi Toshkent vaqti bilan yarim tunda – 00:00 da boshlanadi.
Fikrlar