
Shomurodov uchun 10 million evro sanaydigan ikkinchi klub chiqdi
“Roma” qishki transferlar vaqtida Eldor Shomurodovni qo‘yib yuborishga tayyorligi haqida xabarlar tarqala boshladi.
Rim klubi o‘zbek hujumchisi uchun badal puli puli miqdorini pasaytirib, uni 10 million evro miqdorida belgilaganidan keyin A Seriya klublaridan aniq takliflar kela boshladi.
Birinchilardan bo‘lib, “Torino” Eldor Shomurodov uchun katta xarajat qilishga tayyorligini bildirdi. Turinliklar legionerimizni avval ijaraga olib, mavsum davomidagi natijalari va ko‘rsatkichlari tahlili asosida rimliklarga ular talab qilayotgan summani o‘tkazib berish variantini taklif qilmoqda.
Il Messaggero nashrining ta’kidlashicha, yana bir klub – “Kremoneze” hujum chizig‘iga Shomurodovni olib kelishga bel bog‘lagan. Aslida kremoneliklar anchadan beri Eldorga qiziqish bildirib kelayotgan edi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi etakchisi yaqinda autsayder jamoaning chorlovini qabul qilmagandi. “Kremoneze” keyinroq, Shomurodovdan umidini uzib, “Verona” hujumchilari - Tomas Anri va Kevin Lazanyadan birini olib kelishga qaror qilgani ma’lum qilindi.
Biroq, “Kremoneze” rahbariyati “Roma” Shomurodovga aniq narx qo‘yganidan keyin rejasini amalga oshirib ko‘rish uchun yana bir bor harakat qiladigan bo‘ldi.
Demak, qishki transferlar oynasi ochilishiga bir necha kun qolgan pallada “Torino” va “Kremoneze” poytaxt klubi o‘zbek forvardi uchun talab qilayotgan narxni to‘lashga qarshi emas. Bu ro‘yxat yana kengayishi kutilmoqda. Chunki bu ikki klubdan tashqari “Montsa”, “Sampdoriya”, “Spetsiya”, “Sassuolo” va “Fiorentina” ham hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun Eldorni kuzatib borayotgani xabar qilingan.
“Roma” Eldor Shomurodovni 2021 yilning yozida “Jenoa”dan 18 million evroga transfer qilgan edi. Soha mutaxassislar o‘zbek futbolchisi “bo‘rilar”ga qimmatga tushganini, klub o‘sha paytda jamoani qabul qilib olgan Joze Mourinoning talabini amalga oshirish uchun shoshilib qaror qilganini ta’kidlab keladi.
Shunga qaramay, portugaliyalik murabbiy bir yarim mavsum davomida bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan hujumchiga etarli imkoniyat bermadi. Statistikada Eldor rimliklar safida 48 ta uchrashuvda oltitadan gol va assist qayd etgani ko‘rsatilgan. Lekin bu o‘yinlarning aksariyatida hamyurtimiz bir necha daqiqadan o‘ynagan xolos.
Eldor O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibidagi o‘yinlarda doim yuqori sport formasida ekanini namoyish qilib kelgan. Xususan, yakunlanayotgan yilda terma jamoa uchun o‘nta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini o‘n bir marotaba ishg‘ol qildi.
Demak, 27 yoshli hujumchimizning faoliyatida yangi davr boshlanishining ehtimoli juda katta. Yanvarda Eldor o‘ziga muntazam o‘yin amaliyoti beradigan klublardan birini tanlashiga umid qilib qolamiz. Zero, u aynan o‘ynaydigan yoshda va zaxirada o‘tiraverish O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardoriga to‘g‘ri keladigan ish emas.
Mashhur klub Shomurodovni olishga tayyor, faqat bir sharti bor!
Bu klubga Shomurodov armon bo‘lib qoldi!
Shomurodov “maxsus” terma jamoaga tushdi!
Shomurodov oldida yana bir yangi variant paydo bo‘ldi!
Shomurodovga qaysi jamoaga o‘tishni aytishdi!
O‘zbek to‘purarini Polshada kutishyapti!
Fikrlar