
Shomurodov Rimda “yo‘qolib” qoldi yoxud uni hamon kutayotgan klublar bor!
Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionati ishtirokchilari – Kamerun va Kosta –Rika terma jamoalariga qarshi o‘tkazgan o‘rtoqlik uchrashuvlarida hamon yuqori sport formasida ekanini namoyish qildi. Dastlabki bahsda golli pas uzatgan hujumchimiz keyingi bellashuvda kosta-rikaliklar darvozasini o‘zi ishg‘ol qildi.
Lekin har qanday futbolchining asosiy vaqti klubida o‘tishi hech kimga sir emas. Eldor “Jenoa”da o‘ynagan kezlari o‘zi uchun ancha qulay edi. Genuyaliklar yuqori maqsadlar uchun kurashmasada, Shomurodov muntazam o‘yin amaliyoga ega bo‘lib kelayotgandi.
“Roma”da unday bo‘lmayapti. Joze Mourino o‘tgan mavsumda o‘zbek hujumchisiga juda kam imkon berdi va shunga qaramay, legionerimiz beshta gol va olttita assist bilan o‘zini ko‘rsatdi. Bu mavsum esa, Shomurodov maydondan yanada uzoqlashtirildi.
Hujum – raqobat maydoni
“Roma”ning eng kuchli chizig‘i shubhasiz hujum. Paulo Dibala raqibga xavf soluvchi sxemalardan muntazam o‘rin egallayapti. Lekin uni Mourino qo‘llayotgan o‘yin uslubida hujum markazida ko‘rmaymiz.
Eldorning asosiy raqobatchilari Temmi Abraxam va Andrea Belotti. Angliyalik hujumchi o‘tgan mavsumda chempionatda 17 ta to‘p kiritib, portugaliyalik mutaxassis uchun alishtirilmas o‘yinchiga aylangan. Joze gol mashinasidan voz kechmaydi.
Andrea Belotti hali sport formasini to‘liq tiklab olgani yo‘q. Lekin uning A Seriyadagi tajribasi va imkoniyatlari Shomurodovnikidan yuqori baholanmoqda.
Mutaxassislar kuchli raqobatda Shomurodovga berilayotgan qisqa fursatda o‘zini ko‘rsatish deyarli imkonsiz ekanini ta’kidlamoqda.
“Roma” Shomurodov kerak ekanini ta’kidlamoqda
Rim klubi Andrea Belottini qo‘lga kiritganidan keyin Shomurodovni qo‘yib yubormagani ko‘pchilik uchun tushunarsiz holat bo‘ldi. Eldorni so‘ragan xaridorlar etarlisidan ortiq edi.
Klub Shomurodov bo‘yicha biz orqali yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri kelgan takliflarni ko‘rib chiqishdan bosh tortdi. Takliflar yuinda ham, iyulda ham, hatto transfer oynasining oxirgi kunlari va so‘nggi soatlarda ham bo‘ldi. Bizga Shomurodov ko‘proq o‘ynashi uchun ijaraga ketishi ma’qulroq tuyuldi.
Lekin “Roma” har doim Eldor loyihaning muhim ishtirokchisi ekanini ta’kidladi. Bu vaziyatning ham ijoiy tomonlarini qidiryapmiz, - dedi Shomurodov manfaatlarini himoya qilayotgan mutaxassis Qahhor Mo‘minov.
Italiya, Turkiya, Angliya
Shomurodov transferi bo‘yicha eng uzoq muddatli muzokaralar “Bolonya” bilan bo‘ldi. Tomonlar futbolchini keyinchalik sotib olish majburiyati bilan bir yillik ijara bo‘yicha bo‘ldi. “Bolonya” o‘zbek hujumchisini qo‘lga kiritish ilinjida poytaxtliklarning barcha talablariga rozi bo‘ldi.
Biroq, har ikki klub badal pulini kelisha olmadi.
- Shomurodov “Bolonya”ga o‘tishi haqida to‘liq biror nima deyolmayman, - dedi “Bolonya” sport direktori Jovanni Satori.
O‘shanda “Bolonya”ning 10 million evrolik taklifi Shomurodov uchun bir yil muqaddam 18 million evro to‘lagan rimliklarni qoniqtirmagandi.
Eldorga jiddiy qiziqish bildirgan “Beshiktosh” vakili Jeyxun Kazanchi ham shunday fikr bildirgan:
- “Roma” bilan Shomurodov masalasida iyun oyida muzokara qilgandik. Keyinchalik boshqa forvard olishimizga to‘g‘ri keldi.
Umuman olganda, Shomurodovga Italiyadan “Montsa”, “Torino”, “Sassuolo”, “Salernitina”, Turkiyadan “Galatasaroy”, “Trabzonspor”, Angliyadan “Vulverxempton”, Frantsiyadan “Nitstsa”, Germaniyadan “Shtuttgart”, Saudiya Arabistonidan “Al-Hilol” qiziqish bildirgani haqida ma’lumotlar tarqatildi.
Bu jamoalarning hamon eshigi ochiq
Rossiya premer-ligasi jamoalarining eshigi Shomurodov darajasidagi hujumchi uchun doim ochiq bo‘ladi. Rossiyalik ekspertlar Eldor kuchli beshlik uchun kurashadigan har qanday jamoani kuchaytirishga qodirligini ta’kidlamoqda.
O‘zbek hujumchisi istalgan paytda sobiq jamoasi “Rostov”ga qaytishi mumkin. TsSKAga kelib, Chalov bilan raqobatlashish imkoni bor, qolaversa, “Axmat” klubi ham Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olishga tayyor. Bu borada “Sochi”ni ham chetga surib bo‘lmaydi.
Xulosa o‘rnida
Ta’kidlash lozimki, bunday vaziyatda ko‘p narsa Shomurodovning istagiga bog‘liq. Yozda hamyurtimiz Italiyadan tashqariga chiqmasligini bildirdi. Eldor “Roma”da o‘zini ko‘rsatgan o‘yinlardan keyin ham murabbiylar shtabi unga keyingi gal imkon bermayotgani ko‘p takrorlanayotgan holat.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng muhim o‘yinchilaridan biri ko‘zdan uzoqda yurishga ko‘nikib qolmasa bo‘lgani. Chunki uning etakchiligidagi terma jamoa oldida mas’uliyatli vazifalar turibdi...
“Ural” O‘runovni “topolmay” qoldi!
Ekspertlar bahosi: Shomurodov qahramon bo‘lishi mumkin edi...
Fikrlar