
Shomurodov muxlislariga xushxabar!
“Roma” qiyinchiliklar bilan boshlangan mavsumni katta muvaffaqiyat bilan yakunlash imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi. Klaudio Raneri qo‘l ostida engilmas jamoaga aylangan “bo‘rilar” buning uchun Evropa kuboklariga yo‘llanma olishi kerak.
Asl maqsad – Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish. “Roma” anchadan beri qit’aning eng nufuzli musobaqasida ishtirok etishni orzu qiladi. 2025 yil davomida hali milliy chempionatda mag‘lub bo‘lmagan rimliklar bu seriyani g‘alabalarga ulashi talab etiladi.
A Seriyaning 33-turida poytaxtliklar “Olimpiko”da himoyasi eng zaif jamoa – “Verona”ni qabul qiladi.
Klaudio Raneri anchadan beri hujum chizig‘ida Eldor Shomurodov va Artyom Dovbik tandemini ilk daqiqalardan birga o‘ynatishni rejalashtirib yurgan edi. Ko‘pchilik tajribali murabbiy bu rejasini aynan “Verona”ga qarshi to‘qnashuvda amalga oshirishini kutgandi.
Biroq bu gal ham “Roma” bellashuvni yagona markaziy hujumchi bilan boshlaydi. Nufuzli manbalarning ma’lum qilishicha, bu Eldor Shomurodov bo‘ladi.
- “Roma” oxirgi ikki uchrashuvda kuchli raqiblar – “Yuventus” va “Latsio” bilan durang o‘ynab, qimmatli ochkolarni yo‘qotdi va endi qolgan uchrashuvlarda boy berilgan ballar o‘rnini to‘ldirishi kerak.
Rimliklar chempionatni kuchli to‘rtlikda yakunlash uchun kurashayotgani bois, bo‘lajak bahsda ularni faqat g‘alaba qoniqtiradi. Biroq Klaudio Raneri yana o‘yin avvalida Dovbik-Shomurodov duetidan foydalana olmaydi.
Bir necha o‘yinchilar, xususan ukrainalik forvard umumiy mashg‘ulotlarda qatnashmadi va tizzasidagi bezovtalik tufayli individual mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Dovbik bir necha kundan beri chap tizzasiga muolaja olyapti. Endi oldingi safda Eldor Shomurodov to‘p tepadi. Maydonda ikki markaziy hujumchini ko‘rmaymiz. Eldorga ikki hujumkor yarim himoyachi yordam berishi ko‘zda tutilgan. Bular Matias Sule va Tommazo Baldantsi bo‘lishi mumkin, - deb yozmoqda laroma24.it sayti.
Bu ma’lumotlarni yana boshqa manbalar ham tasdiqladi.
- “Roma”da kutilmagan o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Klaudio Raneri “Verona”ga qarshi o‘yinda hujum markazida Eldor Shomurodovni o‘ynatadigan bo‘lyapti. O‘zbek o‘yinchisi har doim o‘z mehnati bilan e’tibor qozonib kelgan. Endi u Artyom Dovbikning o‘rniga uchrashuvni boshlab berish imkoniga ega. Ukrainalik hujumchi individual mashg‘ulot o‘tkazganiga qaramay, o‘yinga zaxiradan qo‘shilishi mumkin.
Raneri bir necha marotaba jamoada asosiy hujumchi tushunchasi yo‘q ekani va kim jamoaga foyda ko‘proq foyda keltirishga tayyor bo‘lsa, aynan o‘sha o‘yinchi boshlang‘ich tarkibdan joy olishini ta’kidlagan. Bu gal ana shu imkon Shomurodovga beriladi.
Joriy mavsumda hozircha oltita to‘p kiritgan Eldor chempionat davomida atigi besh bor boshlang‘ich tarkibdan joy olgandi. Shunga qaramay, o‘zining kurashuvchanligi va intiluvchanligi bilan jamoa o‘yiniga ijobiy ta’sir o‘tkazib kelayotgan o‘zbek legioneri yaqinda klubdan yangi shartnoma olib, hamkorlikni 2027 yilning yozigacha uzaytirdi.
Endi “Roma” murabbiylar shtabi “Verona” himoyasini yorib o‘tish uchun Eldor Shomurodov boshchiligida Matias Sule va Tommazo Baldantsi hujum uchligini maydonga tashlaydi, - degan xulosa berdi tuttomercatoweb.com portali.
Vocegiallorossa sayti ekspertlari “Roma” va “Verona” uchrashuvi oldidan statistik ma’lumotlarga etibor qaratdi.
Ushbu manba bellashuvga mezbonlik qiladigan poytaxtliklar o‘tgan yilning 15 dekabridan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan va shu sanadan beri jami 16 ta uchrashuvda ijobiy natijani qo‘lga kiritganini qayd etdi.
Bu ikki jamoa A Seriya doirasida jami 67 marotaba to‘qnash kelgan va shulardan 34 tasida rimliklar, 12 tasida “Verona” zafar quchgan. 20 ta o‘yinda kuchlar teng kelgan.
Rim mezbonlik qilgan 33 ta bellashuvdan 23 tasida mezbonlarning qo‘li baland kelgan. Veronaliklar atigi ikki bor o‘z o‘yiga g‘alaba bilan qaytgan. Biroq bu muvaffaqiyatlarning oxirgisi yarim asr oldin – 1973 yilning 28 yanvarida kuzatilgan.
O‘zaro uchrashuvlar to‘purari Paulo Dibala o‘z hisobiga beshta to‘p yozdirib qo‘ygan. Lorentso Pellegrini uchta gol urgan. Hozir “Roma” tarkibida faoliyat yuritayotgan o‘yinchilardan Matias Sule ikkita, Janluka Manchini, Brayan Kristante, Stefan El-Shaaravi, Tommazo Baldantsi, Eldor Shomurodov, Artyom Dovbik bittadan gol muallifi bo‘lgan.
Italiya chempionatining 32-turidan o‘rin olgan “Roma” hamda “Verona” o‘rtasidagi muhim uchrashuv 19 aprel kuni Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi.
Fikrlar