
Shomurodov Messi boshchiligidagi superto‘purarlar bilan birga!
Futbol tarixi va statistikasi xalqaro federatsiyasi – IFFHS 2022 yil davomida xalqaro maydonda eng ko‘p to‘p kiritgan to‘purarlar reytingini e’lon qildi.
Xalqaro federatsiya mutaxassislar ro‘yxatga o‘z milliy terma jamoalari va klublarining qit’a miqyosidagi rasmiy uchrashuvlarida raqiblar darvozasini eng ko‘p ishg‘ol qilgan futbolchilar statistikasini hisoblab chiqdi.
Yakunlangan yil davomida xalqaro bahslarda Lionel Messi hammadan ko‘p gol urishga muvaffaq bo‘lgan. 35 yoshli hujumchi Qatarda o‘tkazilgan jahon chempionatida ettita gol urib, Argentina terma jamoasining bosh sovringa ega chiqishini ta’minladi. Leoning o‘zi mundialning eng yaxshi futbolchisi sovriniga ham sazovor bo‘ldi.
Lionel Messi Argentina terma jamoasidan tashqari PSJ safida ham Evropa Chempionlar ligasida raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bir yil mobaynida Messi xalqaro maydonda o‘z nomini 22 marotaba tabloga yozdirib qo‘ydi.
Kuchli uchlikning ikkinchi pog‘onasini xalqaro uchrashuvlarda Lionel Messidan bitta kam to‘p kiritgan Kilian Mbappe egalladi. 24 yoshli hujumchi jahon chempionatida sakkizta gol urib, to‘purarlar poygasida g‘olib chiqdi.
Uchinchi o‘rin Argentina terma jamoasining yangi yulduzi – Xulian Alvaresga nasib qildi. “Manchester Siti” hujumchisi hisobida xalqaro o‘yinlarda kiritilgan 15 ta to‘p bor.
Superto‘purarlar kiritilgan reytingdan O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov ham o‘rin egalladi. “Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino klub miqyosidagi musobaqalarda ishonch bildirmayotgan legionerimiz o‘tgan yilgi gollarining deyarli barchasini Srechko Katanets boshchiligidagi milliy terma jamoamizga kiritgan.
Futbol tarixi va statistikasi xalqaro federatsiyasi – IFFHS reytingida Shomurodov xalqaro maydonda jami 12 ta gol urgani ko‘rsatilgan. Shulardan bittasi “Roma” safida Evropa ligasi guruh bosqichida Bolgariyaning “Ludogorets” jamoasi darvozasiga kiritilgan to‘p hisoblanadi.
Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida o‘tgan yil davomida o‘n marta maydonga tushib, raqiblar darvozasini o‘n bir marotaba ishg‘ol qilgan.
Terma jamoamiz etakchisi xalqaro uchrashuvlarda Uganda va Maldim orollari terma jamoasiga uchtadan, Janubiy Sudanga ikkita, Qirg‘iziston, Kosta-Rika va Qozog‘iston futbolchilari darvozasiga bittadan gol urdi.
Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodov xalqaro miqyosdagi to‘purarlar reytingiga kiritilgan Osiyo qit’asining yagona futbolchisi hisoblanadi.
Futbol tarixi va statistikasi xalqaro federatsiyasi – IFFHS reytingidan joy olgan futbolchilari ro‘yxati quyidagicha ko‘rinish hosil qildi:
- Lionel Messi (Argentina) – 22 ta gol
- Kilian Mbappe (Frantsiya) – 21 ta gol
- Xulian Alvares (Argentina) – 15 ta gol
4-5. Erling Xoland (Norvegiya) – 14 ta gol
4-5. Sadio Mane (Senegal) – 14 ta gol
6-7. Robert Levandovski (Polsha) – 13 ta gol
6-7. Pedro (Braziliya) – 13 ta gol
8-11. Eldor Shomurodov (O‘zbekiston) – 12 ta gol
8-11. Risharlison (Braziliya) – 12 ta gol
8-11. Muhammad Saloh (Misr) – 12 ta gol
8-11. Karim Benzema (Frantsiya) – 12 ta gol
Fikrlar