
Shomurodov Germaniyada o‘ynaydi!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodovning “Roma”dagi kelajagi hamon mavhum bo‘lib turibdi.
29 yoshli hujumchi atrofidagi vaziyat juda tez va kutilmagan tomonga o‘zgarmoqda. Aslida Eldor yozgi transferlar yakunlanishi arafasida boshqa klubga o‘tishi kutilgandi. Unga AQSh va Italiyaning jamoalaridan aniq takliflar bo‘lgandi.
Mavsum startida “Roma”ning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Daniele de Rossi o‘zbek futbolchisi haqidagi fikrini o‘zgartirib, uni jamoada olib qolishga qaror qildi. Biroq keyinchalik klubda ikki marta bosh murabbiy o‘zgardi.
Bu orada Shomurodovga etarli darajada o‘yin amaliyoti berilmadi. Klub rahbariyati yangi markaziy hujumchi olish maqsadida Eldor Shomurodovni boshqa jamoaga o‘tkazishga urinmoqda.
O‘zbek forvardi uchun “Empoli”, “Kalyari” va “Venetsiya” jiddiy kurash olib boryapti. Ayniqsa, venetsiyaliklar Eldorni qo‘lga kiritish uchun “Roma” qo‘ygan talabni qabul qilib, o‘yinchini keyinchalik sotib olish majburiyati bilan ijarada o‘ynatishga ko‘ngani bu klubni favoritga aylantirdi.
“Roma”ning “Udineze” maydonidagi uchrashuvning ikkinchi bo‘limi Shomurodovning kelajagiga ta’sir qilmoqda. Rim “bo‘rilari”ning hujumiga etakchilik qilgan Eldor yana poytaxt klubiga kerak bo‘lib qoldi.
Bosh murabbiy Klaudio Raneri bu bahsdan keyin o‘zbek futbolchisining imkoniyatlarini yaxshi bilishi, uning ishga sadoqati va layoqati unga ma’qul kelayotgani, transfer haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkinmasligi, Shomurodovga imkon berishga tayyorligini ta’kidladi.
“Roma” faoliyatini yoritib borayotgan siamolaroma.it nashri Klaudio Raneri Shomurodovni “Venetsiya”ga qo‘yib yuborishga shoshilmayotganini ma’lum qildi.
- Eldor Shomurodov atrofidagi g‘alati vaziyat hali echim topgani yo‘q. O‘zbek futbolchisi “AZ Alkmaar”ga qarshi o‘ynamadi va jamoasi yutqazdi. “Udineze” ustidan qozonilgan g‘alabada u muhim rol o‘ynadi.
O‘zbek hujumchisi doim klubdan ketish ostonasida yuradi, lekin uning transferi surilishi odat bo‘lib qolmoqda.
“Roma” payshanba kuni Evropa Ligasi doirasida “Ayntraxt” bilan kuch sinashadi. Eldor Shomurodov Frankfurtdagi o‘yinda Klaudio Raneri jamoasiga kerak. U Germaniyada o‘ynashi kerakligi bois, bu transfer vaqtinchalik bo‘lsa-da, kechiktiriladi, - deb yozdi siamolaroma.it nashri eksperti Federiko Tonini.
Yana bir nufuzli manba – Corriere dello Sport gazetasi ham bu ma’lumotlarni tasdiqladi.
- “Venetsiya” asosiy hujumchisi Poxyanpalo ketishi bilan, Eldor Shomurodovni kutib olishga tayyor. Shunga qaramay, o‘zbekistonlik legioner hozircha Trigoriyada qoladi. “Roma” hali Artyom Dovbikka munosib o‘rinbosar olib kelinmagani uchun Shomurodovni qo‘yib yubora olmaydi.
Qolaversa, bosh murabbiy Klaudio Raneri Eldorning ishga munosabatini maqtab turibdi. Tez orada tajribali forvardning kelajagiga oydinlik kiritilishi kutilyapti, - deb yozdi Corriere dello Sport gazetasi.
Eldor Shomurodov joriy mavsumda barcha turnirlarda 16 marotaba maydonga tushib, ikkita gol va bitta assist muallifi bo‘ldi. Transfermarkt portali o‘zbekistonlik forvardning transfer summasini 4 million evroga baholanmoqda.
Fikrlar