
Shomurodov g‘azabda bir zarba bilan darvoza to‘rini teshmoqchi bo‘ldi!
Eldor Shomurodov mavsumning eng qizg‘in pallasida “Roma”ning asosiy figurasiga aylanib bormoqda. Klaudio Raneri keyingi paytda o‘zbek legionerini boshlang‘ich tarkibda o‘ynatyapti.
29 yoshli forvardimiz Rim klubida asosiy hujumchi Artyom Dovbikning o‘rinbosari legan tamg‘adan qutilib, uning raqobatchisiga aylandi.
“Empoli”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda Shomurodov ilk daqiqalardan maydonga tushdi va o‘yin davomida darvozaga ikkita xavfli zarba berdi. Biroq birinchi gal to‘p darvoza to‘sini tegib qaytdi, keyingisida darvozabon zarbani qaytardi.
“Roma” sardori Lorentso Pellegrini bu vaziyat Eldorning g‘azabini keltirganini aytdi.
- Shomurodov gol urganida ishlarimiz yanada yaxshi bo‘lardi. Eldor o‘sha vaziyatda biroz jumbushga keldi, men unga yana gol urishimiz mumkinligini aytib, tinchlantirishga harakat qildim.
Shoma qattiq g‘azablandi. Menga kuchli zarba bilan darvoza to‘rini yirtib yubormoqchi ekanini aytdi. Biroq ba’zan xotirjam holda aniqroq o‘ynagan ma’qul, - dedi Pellegrini.
Oldinda “Roma”ni yanada muhim va murakkab bahs kutib turibdi. Rim “bo‘rilari” Evropa ligasi doirasida Bilbaoga safar qilib, “Atletik” bilan javob o‘yinida to‘qnash keladi. Rimdagi uchrashuvda Eldor Shomurodovning so‘nggi soniyadagi goli “Roma”ga g‘alaba keltirib, minimal ustunlikni ta’minlab turibdi.
Mutaxassislar orasida Klaudio Raneri bo‘lajak bellashuvda o‘zbek futbolchisini ilk daqiqalardan o‘ynatishi lozim, degan fikrni ilgari surayotganlar ko‘p.
- Ispaniyadagi uchrashuvda asosiy hujumchi sifatida Eldor Shomurodovni tanlagan bo‘lardim. U ko‘p yuguradi, doim kurashadi, hatto gol urmagan taqdirda ham jamoa uchun bor kuchini beradi.
Eldor har doim ham hujumni samarali yakunlay olmaydi. Masalan, “Empoli” bilan bo‘lgan o‘yinda Lorentso Pellegrinidan pasni qabul qilib olganidan keyin to‘pni zarbaga moslashtirib, darvozaga joylash o‘rniga, bor kuchi bilan tepdi. Shunga qaramay, Shomurodov jamoaviy o‘yinning muhim ishtirokchisi bo‘lib, zarur paytda kerak joyda paydo bo‘lishni biladi, - dedi ayni paytda futbol sharhlovchisi bo‘lib ishlayotgan “Roma”ning sobiq hujumchisi Chichcho Gratsiano.
Futbol murabbiyi va eksperti Andrea Stramachchoni jamoada o‘zbek legionerining ahamiyati oshib borayotganiga e’tibor qaratdi.
- Eldor Shomurodovning “Olimpiko”da “Atletik” darvozasiga kiritgan goli juda muhim ahamiyatga ega. Ilgari bu futbolchi o‘yin davomida kiyim alishtirishga ham ulgurmas edi. Bilbaoliklarga qarshi bellashuvda zaxiradan maydonga tushgan bo‘lsa-da, rimliklar uchun muhim o‘yinchiga aylandi. Dastlab, raqibning qizil kartochka olishiga sababchi bo‘ldi, keyin jamoasiga 2:1 hisobida g‘alaba keltirgan golni urdi. Mana shu aynan Klaudio Ranerining katta ko‘lamdagi ishlari samarasidir, - dedi Andrea Stramachchoni.
Evropa ligasining chorak finaliga chiqish uchun o‘tkaziladigan javob uchrashuvi 13 mart kuni Ispaniyada bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 22:45 da boshlanadi.
Fikrlar