
Shomurodov buni 834 kun kutdi!
Eldor Shomurodov A Seriyaning ikkinchi turidan o‘rin olgan “Roma” va “Empoli” uchrashuvining 77-daqiqasida zaxiradan maydonga tushib, uch daqiqa ichida Rim qahramoniga aylandi.
29 yoshli hujumchi havodan uzatilgan to‘pga baland sakrab, boshi bilan mehmonlar darvozasini ishg‘ol qildi. Kiritilgan to‘p “Roma”ning yangi mavsumdagi birinchi va hozircha yagona goli bo‘lib turibdi.
- “Roma” va “Empoli” bahsining oxirida Eldor Shomurodov kutilmaganda maydonda paydo bo‘ldi va gol urib, mezbonlarni yana kurashga qaytardi. Uning goli rimliklarda mag‘lubiyatdan qutilib qolish umidini uyg‘otdi.
O‘zbek hujumchisi “Roma” safida A Seriyada 834 kunlik tanaffusdan keyin to‘p kiritmoqda. U oxirigi golini 2022 yilning 14 mayida “Venetsiya”darvozasiga urgan edi, - deb yozmoqda nufuzli nashrlardan biri Corriere dello Sport.
Sports.uz portali Eldor Shomurodovning navbatdagi muvaffaqiyatini inobatga olgan 29 yoshli forvardning A seriyadagi gollarini qaysi jamoalarga urgani haqidagi ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
Ma’lumki, Eldor Shomurodov Italiyadagi faoliyatini 2020 yilning oktyabrida ushbu mamlakatning eng qadimiy jamoasi “Jenoa”da boshlagan. Legionerimiz debyut mavsumida Genuya shahri klubi safida sakkizta gol urgan.
Eldor birinchi golini 2020 yilning 30 noyabrida “Parma” darvozasiga kiritdi. Keyinchalik “Sassuolo”, “Verona”, “Spetsiya”, “Latsio”, “Kalyari”ga bittadan, “Atalanta” bilan bo‘lgan bahsda ikkita gol urdi.
Bu gollar uni “Roma”ga etakladi. “Bo‘rilar” safida Joze Mourino hujumchining o‘yin vaqtini qisqartirdi. Uchrashuvlarda bir necha daqiqadan o‘ynagan Eldorning samaradorligi pasaydi. Hamyurtimiz Rim klubi futbolchisi sifatida “Venetsiya” darvozasini ikkita uchrashuvda bir marotabadan ishg‘ol qilgan, yana bir zarbasi “Sampdoriya” to‘ridan joy olgan.
“Empoli”ga kiritilgan to‘p Shomurodov uchun “Roma” safida Italiya chempionatidagi to‘rtinchi gol sifatida qayd etilgan.
Tajribali legionerimiz “Spetsiya”da o‘tkazgan yarim mavsum davomida faqat bir marotaba o‘yin qahramoni bo‘ldi. Eldor “Salernitana”ga qarshi bahsda mashg‘ur darvozabon Gilermo Ochoaga supergol urdi.
O‘tgan mavsumda “Kalyari”da ijarada o‘ynagan hamyurtimiz yana “Salernitana”ni qaqshatdi. Eldor bu gal meksikalik golkiper Ochoani o‘z ortidan ikkita to‘p olib chiqishga majbur qildi. Mavsumdagi uchinchi golini amaldagi va bo‘lajak chempion “Inter” darvozasiga joyladi.
Shu tariqa, Eldor A Seriyada 103 ta uchrashuvdagi gollari sonini 16 taga etkazib oldi. Uning hisobida 9 ta assist ham bor.
Bundan tashqari, legionerimiz “Roma” safida Italiya kubogida “Lechche”ga, UEFA Konferentsiyalar ligasi saralash turnirida Turkiyaning “Trabzonspor” jamoasiga va Evropa ligasida Bolgariyaning “Ludogorets” klubiga bittadan gol urishiga muvaffaq bo‘lgan.
Eldor Shomurodov Italiyadagi faoliyati davomida bitta sovrin – Konferentsiyalar ligasi kubogini qo‘lga kiritgan.
Gol Shomurodovning kelajagiga qanday ta’sir qiladi? Eldor faoliyatini qaysi jamoada davom ettiradi?
Supergol urib, sensatsiya ko‘targan Shomurodovning o‘yini qanday baholandi?
Abduqodir Husanov endi Gretsiyada o‘ynaydi!
Fikrlar