Shohruh Gadoev: "Yana "Nasaf"dan taklif bo‘lsa, rozi bo‘lardim"

  • 25 dekabr, 2021, 22:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu yil AGMK tarkibida mazmunli o‘yin ko‘rsatgan futbolchilardan biri Shohruh Gadoev bo‘ldi. Iste’dodli yarim himoyachi mavsum boshida olmaliqliklar safiga qo‘shildi va Superligada 23 ta o‘yinda 3 ta gol urdi.

Tecno

Qizig‘i, Gadoev gol urgan o‘yinlarda AGMK g‘alaba qozongan. Sports.uz muxbiri ushbu o‘yinchi bilan joriy yildagi ishtiroki, futbolchilik faoliyati va keyingi rejalari haqida suhbatlashdi.

- Yil boshida har doim Mirjalol aka Qosimov yuqori maqsadlarni qo‘yadi, - deya gap boshladi Gadoev. - O‘tgan yili ham AGMK uchinchi o‘rinni olgan, u paytda men yo‘q edim. Bu yil esa jamoa chempionlik uchun kurashishga kirishgandi. Biroq “Paxtakor” ancha ilgarilab ketdi. Shu bois ikkinchi o‘ringa harakat qildik. Chempionatning qiziqligi shunda bo‘ldiki, ushbu o‘rin uchun oxirgi turgacha jiddiy kurash kechdi. Kubokda ham yaxshi imkoniyatimiz bor edi. Chempionatning oxirgi turida “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuvda yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. O‘shanda ularga qaraganda, bizda golli imkoniyatlar ko‘proq bo‘lgandi. Masalan, men ham ikkita vaziyatga ega bo‘lgandim, Husniddin G‘ofurov ham. Menimcha, bizga omad etishmadi. O‘shanda bizning kun bo‘lmagan, deb o‘ylayman. Ya’ni, bizga nasib qilmagan ekan, “So‘g‘diyona” ikkinchi o‘rinni oldi. Ular ham yaxshi harakat qilishdi.

- O‘sha o‘yin faoliyatingizdagi eng alamli mag‘lubiyat bo‘ldimi yoki bundan ham qayg‘uga soladigan mag‘lubiyatlar yuz berganmi?

- Alamli mag‘lubiyat demasa ham bo‘ladi. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Hali alamli mag‘lubiyatni ko‘rmadim. Biz boy berilgan o‘yinni to‘g‘ri qabul qildik. Ochig‘ini aytganda, “So‘g‘diyona” ham munosib kurashib kelayotgandi. Balki biz to‘rtinchi o‘rinni olishimiz ham mumkin edi. Lekin “Lokomotiv” “Nasaf”ni yutib qo‘ydi. Bular futbolda bo‘ladigan holatlar.

gadoev_1

- Mirjalol Qosimov bilan “Bunyodkor”da ham, terma jamoada ham birga ishlagansiz. Fikringizcha, uni boshqalardan ajralib turadigan hislati nimada?

- O‘zbekiston chempionatida ko‘p murabbiylar bilan ishlamadim, faqat sanoqli mutaxassislar bilan ishladim. Ro‘ziqul Berdiev, Mirjalol Qosimov, Ulug‘bek Baqoev va Vadim Abramov. Mirjalol Qo‘shoqovichga kelsak, murabbiy sifatida juda talabchan. Mashg‘ulotlarda ham, o‘yinlarda ham yuqori maqsadni qo‘yadi. Menimcha, Mirjalol Qosimov AGMKda uchinchi yil ishlayapti. Bu erda ham faqat katta maqsadlar uchun kurashyapti. Professional sifatida ham o‘rnak bo‘la oladi. Hayotda ham ko‘p maslahatlar beradi.

- Adashmasam, AGMK bilan bir yillik shartnoma imzolagandingiz. Klubda qolasizmi yoki ketish taraddudidamisiz?

- 31 dekabrgacha shartnomam bor. AGMK bilan yig‘inda qatnashyapmiz. Hozircha aniq rejalarim yo‘q. Qolamanmi yoki ketamanmi, hammasini vaqt ko‘rsatadi.

gadoev5

- Sobiq jamoangiz - “Nasaf”ning bu yilgi natijalari sizni xursand qildimi?

- Ro‘ziqul Berdiev “Nasaf”da har doim katta maqsadlarni qo‘yadi. Ularda poydevor bor. Bosh murabbiy doim akademiya tarbiyalanuvchilariga katta e’tibor beradi. Ular bu yil yaxshi qatnashishdi. Kubok finalida bir kishi kam bo‘lib ham “Paxtakor”ni yutdi. Fikrimcha, ijobiy taassurot qoldirishdi. “Nasaf” har doim yaxshi jamoa bo‘lib kelgan.

- Agar imkon bo‘lsa, yana “Nasaf”ga qaytishingiz mumkinmi yoki hozir buning mavridi emasmi?

- Nimaga? “Nasaf” taklif bilan chiqsa qaytaman. Men o‘sha jamoadan chiqqanman, “Nasaf” doim yuragimda. Katta futbolga kirib kelishimga sababchi bo‘lgan. Shunday ekan, yana chaqirishsa, rozi bo‘lardim.

gadoev3

- “Nasaf”dan ketgan ayrim o‘yinchilar keyinchalik biroz chetga chiqib qolgandek taassurot qoldirishyapti. Klub esa o‘z yo‘lida davom etyapti. Bu haqida munosabatingiz qanday?

- U erdan ketgan futbolchilar klubga foydasi tekkach, keyin legioner bo‘lishni istagani uchun klubni tark etishgan. Lekin bu bilan “Nasaf” kuchsizlanib qolmaydi. Yuqorida aytganimdek, jamoaning poydevori bor. O‘rnini to‘ldiradigan futbolchilar etishib chiqaveradi.

- Siz “Nasaf”dan Bahraynga ketgansiz. Qachondir Qarshidan bekor ketibman, degan xayol qalbingizdan o‘tganmi?

- Yo‘q, unday hayol hech qachon bo‘lmagan. “Nasaf”dan ketishim – bu oldinga qadam bosish. Har qanaqa futbolchi ham legioner bo‘lishni xohlaydi. Buning mas’uliyatini qandayligini his qilish uchun ham chetda o‘ynashni istaydiganlar juda ko‘p. Chunki xorijda ikki barobar kuch sarflashingiz shart. Sizni chaqiryaptimi, mahalliy o‘yinchilaridan kuchli bo‘lishingiz kerak.

- Bahrayn, Janubiy Koreya va Ozarbayjon chempionatlarida to‘p surdingiz. Xo‘sh, legioner sifatida to‘p surishning gashti qanday ekan? Hammasi o‘zingiz kutgan darajada kechdimi?

- Baribir mas’uliyat ko‘proq tushadi. Sizni chaqirdimi, ko‘p narsa kutishadi. Ustun tomonlaringizni ko‘rsatishga majbursiz. Yo‘qsa, o‘z o‘yinchilariga imkoniyat berishadi. Ozarbayjonga borganimda pandemiya tufayli ko‘p ham o‘ynay olmadik. Masalan, bitta turda o‘ynasak, keyin bir-ikki oylab o‘ynamagan paytlarimiz bo‘ldi. Oilam bilan o‘sha erda qolib ketdik, qaytishga ulgurmadik. Deyarli yarim yil o‘ynay olmadik.

gadoev2_1

- O‘sha paytda klub sizlarning xolingizdan xabar olib turdimi?

- Ha, jamoa qarab turdi. Uyda qolganimizda ham klub bizga shug‘ullanishimiz uchun maxsus dastur berardi. Faqat pandemiya sababli oylik maoshlarni kamaytirish holati kuzatildi. Ko‘p joylarda shunday bo‘ldi. O‘shanda biz ham maoshlarimiz kamayishiga rozi bo‘ldik. Xohlasak-xohlamasak xo‘p, deyishga majbur edik.

- 2022 yilda qaerda o‘ynashni xohlayapsiz? Yangi mavsumdan nima kutyapsiz?

- To‘g‘risi, buni hali o‘ylab ko‘rmadim. Takliflar bo‘lsa, ko‘ramiz. Avvalo, 2022 yil barchaga omadli bo‘lsin.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!