Sherzod Husanov: German Titov yaxshi promouter, lekin firibgar!

  • 8 oktabr, 2020, 09:21
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Farg‘onaning Quva shahrida Sherzod Husanov degan bokschi bor. Ushbu charmqo‘lqop ustasini muxlislar yaxshi biladi. Chunki, u havaskor yo‘nalishda salmoqli natijalarni qo‘lga kiritgan. Jumladan, ikki karra jahon chempionati bronza medali egasi (2001, 2003), Osiyo o‘yinlari sovrindori (2002), Osiyo chempionati kumush hamda bronza medali sohibi (2002, 2004) va bir qator xalqaro turnirlar g‘olibiga aylana olgandi. Shuningdek, ikki karra (2000, 2004) Olimpiada ishtirokchisi sanaladi. Professional yo‘nalishda esa, u yanada muvaffaqiyatli harakat qilmoqda. Bunday deyishimizning boisi, Husanov profringda 24 ta jang o‘tkazib, 22 bor g‘alaba, bir durang va bir mag‘lubiyat qayd etgan. E’tiborlisi, 40 yoshli hamyurtimiz 2018 yildan buyon ringda ko‘rinish bermayotgan edi. Roppa-rosa ikki yil o‘tib, 29 sentyabr kuni u Polshada mezbon Robert Parzachevskiga qarshi ringga ko‘tarildi. Quvonarlisi, hamyurtimiz ushbu raqibini nokaut bilan mag‘lubiyatga uchrata oldi.

Tecno

Biz ushbu yurtdoshimiz bilan so‘ngi jangiga oid va umuman faoliyatiga doir suhbat qurdik. Quyida ushbu intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.

-  Havaskor yo‘nalishda jahon chempionati, Osiyo o‘yinlari va Osiyo chempionati sovrindori bo‘lganingizdan xabarimiz bor. Ehtimol, biz bilmaydigan natijalarni ham qayd etgandirsiz?

 -  Ko‘plab xalqaro turnirlarning g‘olib va sovrindori va 8 karra O‘zbekiston chempioni bo‘lganman. Qolaversa, ikki karra Olimpiada ishtirokchisi, 2003 yil Italiyaning Sitsiliya shahrida harbiylar o‘rtasidagi Olimpiada g‘olibi bo‘lganman. Shuningdek, "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi" va “O‘zbekiston iftixori” unvonlariga egaman.

 -  Havaskor boksda qaysi vazn toifalarida harakat qilgan edingiz?

 -  Asosan, 67 kilogrammda harakat qilganman. Keyinchalik, 67 va 71 kg 69 kilogrammga aylantirilganidan so‘ng, ushbu vaznda ham faoliyat yuritgandim.

sher2

 -  Aynan 67 kg vazn toifasida sizdan avval Narimon Otaev va Quvonchbek Tayg‘onboev etakchi sanalar edi. Siz ular bilan bevosita ringda to‘qnash kelganmisiz?

 -  Hech yodimdan chiqmaydi. 1998 yil Tailandda bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati g‘olibi bo‘lib keldim. O‘sha yili dekabr oyida Urganch shahrida kattalar o‘rtasida Respublika chempionati bo‘ldi. Narimon Otaev birinchi raqamli edi. Finalda ushbu bokschi bilan to‘qnash keldim. G‘alaba qozongandim. Lekin Otaev 30 yosh edi. Narimon akaga Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun so‘nggi imkoniyatni berishga qaror qilgandilar. Juda xafa bo‘lgandim. Biroq “Har narsada hikmat bor” deganlaridek, keyinchalik ushbu musobaqalarda o‘zimni ko‘rsata olgandim.

 -  Quvonch Tayg‘onboev bilanchi?

 -  Yo‘q. Quvonch akam bilan rasmiy musobaqalarda duch kelmaganmiz. Lekin sparring janglarda ishtirok etganman. 2000 yil Olimpiadaga tayyorgarlik jarayoni AQShda bo‘lgan va o‘shanda ikkimiz birga ishlaganmiz. Quvonch akam juda kuchli bokschi bo‘lgan. Nokautchi edi. Men Quvonch akamga, Muhammadqodir akamga havas qilib, ular kabi bo‘lishga intilardim. Quvonch akam yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, juda kuchli edi. Buni tan olaman. Biroq o‘shanda ikkimiz duch kelganimizda men yutardim yoki yutqazardim, deb ayta olmayman. Sababi boksda har qanday voqea sodir bo‘lishi mumkin.

 Yana shuni qo‘shimcha qilishim lozimki, boks olamida Sherzod Husanov bo‘lishimda Muhammadqodir Abdullaevning hissasi juda katta bo‘lgan. Muhammadqodir akam bir vazn pastda 63.5 kgda harakat qilardi. Hamma bilardiki, Muhammadqordir akam o‘z vazn toifasida barchani urib tashlardi. Nafaqat o‘zini vazni, balki  67 va 71 kilodagilarni ham qiynardi. Ishonasizmi, hech kim u bilan mashg‘ulotlarda juftlik bo‘lishga, sparring tushishga rozi bo‘lmasdi. Shunaqangi qattiq urardiki, bolalarning qo‘llari ustidan urib ham jigarini ezvorardi. Odatda, men unga sherik bo‘lardim va chidab berardim. Ikkalamiz qonga belanib, juda qattiq ishlardik. Muhammadqodir akani ham o‘rtaga chiqarib, kim bilan sparring tushasan desa, doimo meni tanlardi. Chunki, unga har holda qarshilik ko‘rsata olardim. Men bu insonni bokschi va inson sifatida ham qattiq hurmat qilaman. 2001 yil to‘yimga kelgan va so‘zga chiqib, meni Olimpiada chempioni bo‘lishimda Sherzod Husanovning ulkan hissasi bor, deb aytgandi. Juda xursand bo‘lganman. Yana takrorlayman. Avvalo, Yaratganning xohishi, murabbiylar mehnati va Muhammadqodir akam tufayli boks olamida ozmi-ko‘pmi natijalar qayd etganman. Chunki, u meni mashg‘ulotlar jarayonida, sparringlarda pishitib tashlagandi.

-  Ikki karra Olimpiada ishtirokchi bo‘lgansiz. Sizga ushbu to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida sovrindor bo‘lishingizga qanday omil xalaqit bergan?

-  Birinchi Olimpiadadagi ishtirokim 2000 yilga to‘g‘ri kelgan. Unda 20 yosh edim. Terma jamoada eng yoshi bo‘lganman. Ikkita jang o‘tkazganman. Dastlabkisida g‘olib bo‘ldim. Ikkinchi jangimda esa, mag‘lubiyatga uchraganman. Sababi, biroz tajribasizligim va katta hayajon pand bergandi. 2004 yil esa tajriba yig‘ib, juda yaxshi formada edim. Ikki jangda g‘alabaga erishdim. Uchinchi to‘qnashuvda esa ikki karra Olimpiada chempioni rossiyalik Oleg Saitovga duch kelganman. U bilan jangni bevosita internet orqali tomosha qilsangiz ham bo‘ladi. Jang yaxshi bo‘lgandi. Shunchaki g‘alabani unga tortiq qilishgan. Vaholanki, 2000 yil Mosvadagi turnirda uni yaqqol ustunlik bilan mag‘lub etgandim. O‘shanda 5 raund ikki daqiqadan iborat  bo‘lardi. Shunday janglar ham bo‘lgan.

-  Havaskor boks olamida o‘zbek va qozoq bokschilari o‘rtasida, futbol tilida aytsak, o‘ziga xos derbi yoki “el-klassiko”larni ko‘rishimiz mumkin. Ya’ni, printsipiallik bor. Misol uchun, Rustam Saidov-Muxtorxon Dildabekov yoki hozirgi kunga e’tibor qaratsak, Bahodir Jalolov-Qamshibek Ko‘nkabaevni aytishimiz mumkin. Bunday misollarni juda ko‘p keltirsa bo‘ladi. Demoqchimanki, siz qaysi qozog‘istonlik bokschi bilan jiddiy raqobat olib borgansiz?

-  Qozog‘istonlik bokschilar orasida Baxtiyor Artaev bilan jiddiy janglarda ishtirok etganman. U bilan 2003 yil jahon chempionati yarim finaliga chiqish uchun shiddatli jang olib borgandim. Juda zo‘r to‘qnashuv bo‘lgan. Unda toza g‘alabani qo‘lga kiritgandim. Keyin, 2004 yil Olimpiadadan oldin Sankt-Peterburgda to‘rt davlat ya’ni, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya va Ukraina terma jamoalari ishtirokida turnir bo‘lib o‘tgan va finalda u bilan yana duch kelganmiz. O‘shanda Artaev ochkolar hisobiga ustun kelgandi. Ma’lumki, o‘sha yilgi Olimpiadada ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, 69 kgda oltin medal va “Vel Barker”ni ham qo‘lga kiritgan. Aytmoqchimanki, boksda ba’zan omad ham rol o‘ynab turadi.

Endi professional boksga o‘tishingiz tarixi haqida so‘z yuritsak, odatda, O‘zbekiston terma jamoasi etakchilari havaskorda yuksak natijalarni qayd etganidan so‘ng yoki moliyaviy yaxshi taklif tufayli, yana o‘z vazn toifasida jiddiy raqobatchi paydo bo‘lganligi va u bilan raqobatda imkoniyati pastligi sabab professional yo‘nalishga o‘tadi. Siz qaysi omil tufayli profiga qadam qo‘ygansiz?

-  27 yoshimda, 2007 yil professional boksga o‘tganman. Aslida, menda bunday niyat yo‘q edi. 2008 yil Pekin Olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rayotganimda o‘sha vaqtdagi rahbariyat meni terma jamoadan olib, o‘rnimga boshqasini yig‘inga jalb qilgan va Osiyo o‘yinlariga olib ketgan. Sababini haligacha tushunmayman. U bola Osiyo o‘yinlaridagi ilk jangidayoq xitoylik bokschiga imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. O‘shanda jahl qilib, professionalga o‘tib ketgandim. To‘g‘rirog‘i majbur bo‘lganman. Profida bitta jang o‘tkazganimdan keyin, termaga qaytarmoqchi bo‘lishgan. Lekin men rozi bo‘lmagandim. Chunki, ular 27 yosh qaridi,natija qila olmaydi, deyishgandi. 27 yosh va 40 yosh o‘rtasidagi tafovutni qarang. Men hali-xanuz jang qilyapman. Nokautlar qayd etib, g‘alaba qozonishda davom etyapman. Xullas, qaytmaganman va faoliyatimni professional boks bilan bog‘lagandim.

-  Professional faoliyatingizga e’tibor qaratganimizda, dastlabki 5 ta jangingiz O‘zbekistonda o‘tkazilgan. Demak, ilk promouteringiz o‘zbekistonlik bo‘lgan, to‘g‘rimi?

-  To‘g‘ri, dastlab “Favzul munavvar” promouterlik kompaniyasini rahbari Shuhrat Haydarovdan taklif bo‘lgan va 4 raundlik janglarni Toshkentda, Bekobodda tashkil qilib bergandi. Biroq shartnoma tuzmagan edik. Keyinchalik sharoitlar menga ma’qul kelmagan va Rossiyaga yo‘l olganman.

-  Umuman olganda qaysi promouterlar bilan hamkorlik qilgansiz?

-  Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, dastlabkisi garchi, shartnoma tuzmagan bo‘lsak-da, Shuhrat Haydarov bo‘lgan. Keyingisi ya’ni, xaqiqiy promouterim German Titov bo‘lgandi. U so‘zini ustidan chiqa olmaganidan so‘ng, faoliyatimda ikki yil tanaffus bo‘lgan. Shundan so‘ng, Kirill Pchelnikov bilan hamkorlikni boshlaganman. U bilan ham ikki yil ishladim. Biroq Pchelnikov ham yaxshi janglar qilib bera olmadi va u bilan xayrlashdim. Undan keyin Oleg Bogdanov bilan shartnoma tuzib, yaqingacha u bilan ishlab kelayotgandim. Ikki oy bo‘ldi, Bogdanov bilan shartnomam tugadi. Polshadagi jangimdan so‘ng, polyak promouterlari qiziqish bildirdi va ular bilan uchta jangga shartnoma imzoladim. Nasib qilsa, navbatdagi jangim dekabr oyida bo‘lishi kutilmoqda.

2018 yil Marg‘ilonda Otabek Ibragimov bilan jang qilgansiz. Ushbu to‘qnashuv birinchi raunddan so‘ng, to‘xtatilgan. Ya’ni, raqibingiz jangni davom ettirmadi.Shunchaki ko‘rgazmali jangga o‘xshab qolgandi. Aslida, bu jang sizga kerakmidi?

-  Bu jang arafasida promouterim Oleg Bogdanov O‘zbekistonga kelgan va o‘sha vaqtda Marg‘ilonda professional boks federatsiyasi tomonidan tashkil etilayotgan jang kechasi bo‘lishi kerak edi. Bogdanov o‘zbek promouterlariga Sherzodni ko‘rishim kerak, degan. Sababi, ikki-uch yil tanaffus qilgandim. O‘sha jangni ko‘rgan bo‘lsangiz, 76 kgda ishlaganmiz. Raqibim 80 kilo edi. Vazn tashlay olmagandi. Jismoniy holati yaxshi bo‘lmaganmidi. Xullas, maqsad meni reytingga kirgazib olish bo‘lgan edi. Aynan, Bogdanovning niyati shunday bo‘lgan.

sher_2

Ushbu jangdan so‘ng, Polshada Damian Yonakka qarshi jang qilgansiz va faoliyatingizdagi ilk mag‘lubiyatni qabul qilib olgandingiz. Bu mag‘lubiyatni qanday izohlagan bo‘lardingiz?

-  To‘g‘ri, o‘sha to‘qnashuvdan keyin Bogdanov Polshada jang tashkil qilib berdi. Biroq bizda viza muammo bo‘ldi va bu jang bo‘lmasligiga 100 foiz ishonch hosil qilgandik. 72 kg vazn qilishim kerak bo‘lgandi. Men esa 80 kgda edim. Vizani muammo qilib, xafsalamizni sovutishgan. Lekin jangga uch kun qolganda viza hal bo‘lgan va biz Polshaga yo‘l olganmiz. Ikki kunda 6 kg vazn tashlgandim. Bir so‘z bilan aytganda tayyorgarlik yaxshi bo‘lmagan. Shunday bo‘lsa-da, yaqqol ustunlik u tarafida bo‘lmagan. Bu jang ham internet tarmoqlarida bor. Ko‘rib guvohi bo‘lishingiz mumkin. Aslida, durang bersa ham bo‘lardi. Biroq mezbonlik faktori rol o‘ynagan.

Yonakka qarshi jangdan so‘ng, roppa-rosa ikki yil o‘tmoqda va siz yana ringga ko‘tarilyapsiz, ustiga-ustak 40 yoshdasiz... Bundan keyingi faoliyat sizga zarurmi?

-  Bokssiz hayotimni tasavvur qila olmayman. Qolaversa, 8 nafar farzandim bor. To‘rt o‘g‘il va to‘rt qiz. Katta o‘g‘lim 18 yosh, eng kichik qizim 1 yoshga to‘ldi. Men farzandlarim uchun yashayman. Ularni kelajagini ta’minlashim kerak. Asosiy sabab, hozirda “Fayz binokor” firmasida ajoyib inson, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi, “Shuhrat” medali sohibi Baxtiyor Vallomov qo‘l ostida ishlayman. U inson sportning haqiqiy fidokori. Meni har tomonlama qo‘llaydi. Bilasiz, bokschi uchun sharoit zo‘r bo‘lsa, barchasi yaxshi bo‘ladi. Shuning uchun, u bilan har kuni zalda mashg‘ulotlar o‘taymiz. Qisqa qilib aytganda, o‘sha inson tufayli, jismoniy holatimni yuqori darajaga ko‘tara oldim. Homiylik borasidagi barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Shuning uchun, ushbu insonga garchi, 40 yoshda bo‘lsam-da, menga ishongani va barcha sharoitni muhayyo qilganligi uchun o‘z minnatdorligimni bildirib qolaman.

-  Niyatingiz jiddiyga o‘xshaydi. Yana nechchi yil jang qilmoqchisiz?

-  Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, polyaklar bilan uchta jangga shartnoma qildim. Yanada aniqroq qilib aytganda, Mariush Grabovskiy bilan hamkorlik qilyapmiz. U bir yilda uchta jang qilib berishga so‘z berdi. Nasib qilsa, sog‘-salomat bo‘lsak, yana 2 yil uzog‘i 3 yil faoliyat olib boraman. Bu borada asosiy homiyim Baxtiyor aka bilan ham maslahatlashib oldik.

-  Meni ajablantiradigan jihat, eng “gullagan” davringizda ham jiddiy promouterlardan, demoqchimanki, amerikaliklardan taklif tushmaganmi? Sizdan keyingi avlod: Sherali Mamajonov, Ahror Muralimov va Bahodir Mamajonov okean ortiga yo‘l olganku?

-  Yaxshi savol bo‘ldi. Xabaringiz bor, 2010 yil man German Titov bilan ishlardim. U zo‘r promouter, lekin firibgar! Titov o‘sha yili AQShda 10 raundlik jang qilib berdi. Jon Berrio bilan dahshatli to‘qnashuv bo‘ldi va uni ochkolar hisobiga yutdim.Jangdan keyin italiyalik mashhur promouter Pilula bilan 5 yillik shartnoma imzoladim. Hammasi yaxshi bo‘ldi. Biroq Berrio bilan jangdan avval 8 ming dollar gonorar uchun imzo chekdim. Yutganimdan keyin German menga 3500 dollar beryapti. So‘rasam, u-bu deb gapni olib qochdi. Indamadim, Farg‘onaga qaytdim. Boksdan sovudim. Jangga ishtiyoq qolmadi. Shunchaki, firibgarga aldandim.  Keyin menga murabbiyim va Germanni o‘zi telefon qildi. Ularga qattiq gapirdim, so‘kdim. Qisqasi bormay qo‘ydim. Pilula German bilan shartnomani bekor qildi. Uni anchagina sharmanda qildi. Qisqasi, mehnat qilyotgan men bo‘lganman, hech yo‘g‘i shartnomadagi pulni to‘laganda ham bunday voqealar bo‘lmasdi.

-  Endi, so‘ngi jangingizga to‘xtalsak, 40 yoshsiz va ikki yillik tanaffusdan keyin jang qilmoqchisiz. Polshada va mezbon bokschisiga qarshi, raqibingiz WBO yo‘nalishi reytingida 6-o‘rinda borayapti. Boksni tushunadigan insonlar uchun siz shunchaki moliyaviy jihatini o‘ylab, jangga boryapsiz. Ya’ni, mag‘lubiyatini bilib borayotgan bokschi sifatida gavdalandingiz. Aslida-chi?

-  To‘g‘ri, 35-40 yoshdan keyin ko‘plab bokschilar “opponent” bo‘lib, yanada aniqroq aytsak, pul ishlash uchun jang o‘tkazadi. Men esa ham pul ishlash, ham g‘alaba qozonish uchun jang qilaman. Hech qachon pul uchun yutqazib berish xayolida bo‘lmaganman va buni qabul ham qila olmayman. Meni yutug‘im doimo, zalda Baxtiyor aka bilan mashg‘ulot olib borishim, u insonga boks sir-asrorlarini o‘rgataman, keyin tosh ko‘taramiz... To‘g‘ri, vaznim oshib ketadi. Lekin jismoniy holatim yaxshi bo‘ladi. Mana shu omil katta yutug‘im hisoblanadi. Jangdan bir yarim oy avval menga taklif keldi. Polshaliklarda men haqimda ma’lumotlar bor edi.  Murabbiyim Nodir Xolnazarovga chiqishgan ekan. Xullas, jang bo‘ladigan bo‘ldi. Niyatim shunchaki borib, boks tushib kelish emas, g‘alaba qozonish edi. Meni unga shunchaki “go‘sht” qilib tashlab berishayotganini ham bilaman. Chunki, 26 yoshli kuchli bokschi ekanligidan xabarim bor edi. Bir yarim oy mobaynida uni janglarini o‘rganib chiqdim. Ajoyib tayyorgarlik ko‘rdim. Polshaga borib, matbuot anjumanida men mag‘lub bo‘lgani emas, g‘alaba qozonish uchun keldim, dedim. Bu gaplarimga uni menejerlari, murabbiylari menga qarab miyig‘ida kulib qo‘yishdi. Barcha 100 % Parzechevskini nokaut bilan yutishiga ishonishgandi.Sababi, u yosh va nokautchi, faoliyati mobaynida 16 marotaba muddatidan avval g‘alaba qozongandi. Yaratganning inoyati bilan hamda qilgan mehnatimiz o‘z samarasini berdi va uni nokautga uchrata oldim.

sher1_1

-  Bu g‘alabangizni mahalliy muxlislar qanday qabul qilishdi. Har holda sevimli bokschilarini o‘z uyida mag‘lub etdingiz?

-  Ringga chiqib kelishimizda uni juda qo‘llab–quvvatlashdi. Baqir-chaqir bilan menga bosim o‘tkazishga harakat qildilar. Lekin men kecha ringga ko‘tarilgan emasmanu, bularga e’tibor qilganim yo‘q. Uni yiqitganimdan so‘ng, arena suv quygandek, jim-jit bo‘lib qoldi. Jangdan keyin esa, ijobiy fikrlar bildirishdi. Rasmga tushishdi. Bir so‘z bilan aytganda, yaxshi munosbat bildirdilar. Aslida, Damian Yonak bilan ishlganimdan so‘ng, polyak xalqi yaxshi ko‘rib qolgandi. Raqib Husanov ekanligini bilishganidan keyin garchi, karantin bo‘lsa-da, ko‘plab muxlislar tashrif buyurgan ekan. Har holda menga shunday, deyishdi.

-  Damian Yonakka qarshi revansh jangi o‘tkazish imkoniyati borga o‘xshaydi. Sizda bu borada xohish bormi?

-  Ochig‘i, jangdan keyin Yonak meni tabriklagan ekan. Bunga e’tibor ham bermabman. Murabbiyim bu borada aytib o‘tdi. Yonak so‘nggi jangida mag‘lubiyatga uchrabdi. Boksni tark etibdi. Formadan ham chiqib, deyarli 100 kilogramm vaznda ekan. Unga jangimizdan 6 oy o‘tganidan so‘ng, revansh taklif qilganmiz. Lekin u buni rad etgandi.

WBC Asia, WBA international, WBO Asia kamarlarini qo‘lga kiritgansiz. O‘sha vaqtda reytingda qanday o‘rinlarda qayd etilgandingiz?

-  2009 yil WBO yo‘nalishida 7, WBCda 9-o‘rinda turgandim.

Faoliyatingizdagi yagona durang Timur Nergadze bilan jangda ro‘y bergan ekan. Bu to‘qnashuvni qaysi jihatlari yodingizda qolgandi?

-  Timur bilan 2009 yil ikki marotaba ringga ko‘tarilganman. Birinchisida Moskvada “Qizil maydon”da ko‘chada jang qilganmiz. WBO Asia Pacific kamarimni himoya qilgandim.12 raundlik jang bo‘lgan. Yomg‘ir yog‘yapti. Pushkalardan otib, bulutlarni haydashgan. Yakunda, durang bo‘lgan va kamarim o‘zimda qolgandi. Oradan to‘rt oy o‘tib, yana unga qarshi WBC international kamari uchun jangda ochkolar hisobida g‘alaba qozonganman.

sher4_1

Quvadan siz va Mirazizbek Mirzaxalilov kabi xalqni e’tirofiga sazovor bo‘lgan, zalvorli natijalar qayd etgan, bokschilar etishib chiqdi. Aytmoqchimanki, Quva boksining rivojidagi asosiy omil nimada?

-  Bilasizmi, Quvada juda ko‘plab yosh bokschilar etishib chiqmoqda. To‘g‘risi, ularning murabbiylari kim ekanligini yaxshi bilmayman. Hozirda, boksdan uzoq bo‘lgan insonlar ham murabbiy bo‘lib olishgan. Lekin natijalar bo‘lyapti. Chunki, bokschining o‘zida kuchli ishtiyoq bor. Agar, bokschining o‘zida intilish bo‘lmasa, murabbiyi juda tajribali bo‘lsa ham natija qayd etishi qiyin bo‘ladi. Mirazizni murabbiyi adashmasam farg‘onalik Bahodir Erkaev bo‘lsa kerak. Albatta, murabbiyning ham ulkan mehnati bo‘ladi. Lekin, eng avvalo, bokschining ko‘zida o‘t bo‘lishi kerak. Nasib qilsa, Quvadan yana ko‘plab chempionlar chiqadi.

-  Bu so‘nggi savolimiz edi. Oldinda turgan janglaringizda omad yor bo‘lishini tilab qolamiz!

-  Rahmat katta. Kuchimiz bor ekan, yurtimiz sharafini munosib himoya qilishda davom etaveramiz!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!