
Sher Mamazulunovning navbatdagi jang sanasi va raqibi ma’lum bo‘ldi
Yurtimizning eng mashhur K-1 ustalaridan biri Sher Mamazulunovning navbatdagi jang sanasi ma’lum bo‘ldi.
Yurtdoshimiz 28 avgust kuni Rossiyaning Ekaterinburg shahrida tashkil qilinadigan ”Fair Fight “ turnirida ringga ko‘tariladi. Unga Belarus vakili Evgeniy Volchek raqiblik qiladigan bo‘ldi.
Biz Sher Mamazulunovning ushbu jang borasidagi fikrlari bilan qiziqdik.
- Tayyorgarliklar yaxshi ketmoqda. May oyidan buyon hozirlik ko‘rib kelmoqdamiz. Avval jismoniy holatga ishladik. Keyin sparringlar va boshqa jihatlarga e’tibor qaratmoqdamiz. Dastlab raqibim rossiyalik Sergey Veselkin bo‘lishi kerak edi.
Biroq, u jangda ishtirok eta olmasligini bildirganidan so‘ng, Belarus vakiliga qarshi ringga ko‘tariladigan bo‘ldim. Volchek ham anchagina tajribali sanaladi. Havaskor va professional faoliyati mobaynida yaxshi natijalar qayd etgan. Umuman olganda, bu yurt vakillari ushbu yakkakurash turida kuchli hisoblanadi. O‘ylaymakni, murabbiylarim yordamida jangga yaxshi darajada etib boramiz va ijobiy natija qayd etamiz.
Darhaqiqat, belaruslik K-1, kikboksing ustalari jahonda o‘z o‘rniga ega. Yurtdoshimiz bu mamlakat vakillari bilan bir necha bor to‘qnash kelgan. Ayniqsa, u so‘ngi janglarida Nikita Shostak, Dima Valent bilan shiddatli jang olib borib, ajoyib g‘alabalarni qo‘lga kiritgandi. Bu safar ham hamyurtimiz g‘alabali odimini davom ettiradi, degan fikrdamiz va unga omad tilab qolamiz!
Fikrlar