
Shaxmat: “Prezident kubogi” xalqaro turnirida kimlar peshqadamlik qilishmoqda?
11 noyabr kuni poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida start olgan shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnirda 6-tur o‘yinlari ortda qoldi. Ushbu musobaqada dunyoning 9ta davlatidan jami 104 nafar mohir shaxmatchilar dona surishmoqda.
“Prezident kubogi” xalqaro turnirida 27 nafar grossmeyster, 16 nafar xalqaro master, ko‘plab FIDE ustasi hamda sport ustalari ishtirok etishmoqdaki, bu musobaqaning nufuzi yuqori ekanligini anglatadi.
6-tur o‘yinlaridan keyin musobaqada 4 nafar peshqadam ajralib chiqdi. E’tiborli jihati, ulardan ikki nafari hamyurtlarimizdir.
Jumladan, hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov oq donalarda ukrainalik Aleksandr Moisenko ustidan g‘alabaga erishdi va o‘z ochkolari sonini 5taga etkazib, peshqadamlar safidan joy oldi. Nodirbek Yoqubboev esa qora donalarda boshqa bir ukrain shaxmatchisi Vitaliy Sivukni mag‘lub etdi va u ham 5 ochko bilan peshqadamlar kvartetiga qo‘shildi.
Rossiyalik xalqaro grossmeyster Sanan Syugirov esa 6-turda AQSh sharafini himoya qilayotgan shaxmatchi Timur Gareevni dog‘da qoldirib, qo‘shimcha koeffitsientlarga ko‘ra peshqadamlikni o‘z qo‘liga oldi. Shuningdek, ukrainalik Vitaliy Bernadskiy ham 6-turda amerikalik Xans Niemann ustidan g‘alabaga qozonib, o‘z ochkolari sonini 5taga etkazib oldi.
Bugungi o‘yinlarda hamyurtimiz, xalqaro grossmeyster Javohir Sindarov rossiyalik Maksim Matlakov bilan durangga erishgan bo‘lsa, hamyurtlarimiz orasida eng yuqori reytingga ega shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov FIDE ustasi, hamyurtimiz Muhiddin Madaminovni dog‘da qoldirdi. Ushbu natijalardan keyin Sindarov va Abdusattorovlar hisobidagi ochkolar soni 4,5taga etdi va ular peshqadamlarni ta’qib etishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Prezident kubogi” xalqaro turnirining umumiy sovrin jamg‘armasi 120 000 AQSh dollarini tashkil etadi va bu mamlakatimiz shaxmati tarixida eng yuqori sovrin jamg‘armasiga ega turnir sifatida tarixga kirdi.
Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.
Fikrlar