"Shartnomani Toshkentda imzoladim" yoxud yana bir futbolchimiz legionerga aylandi! Uning yangi klubi...

  • 5 may, 2022, 15:24
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Navbahor”, “Bunyodkor” hamda “Andijon”dagi faoliyati orqali muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan himoyachi Nodir Mavlonov so‘nggi yillarda chempionatimizda ko‘rinish bermayotgandi. Bunga sabab u o‘z omadini legioner sifatida chetda sinab kelmoqda.

Tecno

Bangladesh chempionatida to‘p surgan futbolchimiz endi boshqa mamlakatda to‘p suradigan bo‘ldi. Bu haqda Sports.uz muxbiri bilan suhbatda aytdi.

- Nodir, avvalo Bangladeshdagi faoliyatingiz qanday o‘tgani haqida qisqacha to‘xtalsangiz?

- Oxirgi paytda 6 oy Bangladesh chempionatida bo‘ldim. Sababi, o‘tgan yili 8 oy mobaynida oilaviy muammo sababli futbol o‘ynay olmagandim. Shuning uchun o‘sha paytda Bangladeshdan tushgan taklifni qabul qilgandim.

NODIR3

- Eshitishimcha, endi Indoneziya chempionatida to‘p surishga rozi bo‘libsiz...

- Ha, bu rost. Bangdladeshda o‘ynab yurgan chog‘imda Indoneziyaning “Persik Kediri” jamoasidan taklif bo‘lib qoldi. Ushbu variantni ko‘rib chiqdim va rozilik berdim. Yaqinda Toshkentga qaytdim va shartnomaga imzo chekdim.

- Nima uchun bunday qarorga keldingiz?

- Indoneziya chempionatini yaxshi deb o‘ylayman. Menga Bangladeshning yana boshqa klublaridan takliflar tushgandi. Ammo qabul qilmagandim. Chunki chempionati yaxshi emasdi. Biroq Indoneziyani bilaman. Shu bois bu chaqiruvga rozi bo‘ldim.

- Xizmatingizga yana boshqa jamoalardan, aytaylik Superligamizdan ham qiziqishlar bormidi?

- Menga o‘zimizni chempionatda bir jamoa aloqaga chiqdi. Ammo menga legioner bo‘lib to‘p surish ko‘proq yoqadi. Indoneziyaga borib futbolchi sifatida yanada o‘sishga erishaman. Albatta, moliyaviy tarafi ham yomon emas.

NODIR1

- Baribir Bangladeshdan ko‘ra Indoneziya futboli saviyasi haminqadar yaxshiroq. U erda to‘p surib qanchalik qoniqdingiz?

- Umuman olganda, chempionat saviyasini past deb o‘ylamayman. Lekin menga gollar urib tramplin bo‘lgandek bo‘ldi. Shu bois barchasi yaxshi bo‘ldi deb hisoblayman. Bundan keyin ham yanada samarali kechadi, degan umiddaman.

- Yangi jamoangizdagi vazifa qanday? Klub bilan tanishishga ulgurdingizmi?

- Indoneziyada faqat Superliga klublar legioner olishga haqli. Albatta, mening yangi jamoam ham Superligada ishtirok etadi va yaxshi klub. Biroq hali yangi jamoam bilan uchrashganim yo‘q. Shartnomaga imzoni Toshkentda qo‘ydim. Hozir uyda dam olyapman. Balki shu oyda Indoneziyaga ketarman.

- Yangi chorlov borasida darhol qaror qabul qildingizmi yoki uzoq o‘ylanishingizga to‘g‘ri keldimi? Balki Indoneziyada to‘p surayotgan hamyurtimiz Javlon Guseynov bilan gaplashgandirsiz?!

- Bu taklif ustida agentim bilan maslahatlashdim. Natijada bu men uchun yaxshi taklif ekanini bildim. Shartnomada hammasi yozilgan va meni to‘liq qoniqtirdi. Ha, u erda hamyurtimiz Javlon Guseynov “Borneo” jamoasida to‘p surib kelyapti. Borsam u bilan albatta uchrashaman.

NODIR2

- Faoliyatingizni chetda legioner sifatida davom ettirish orqali ko‘proq nimalarni o‘rganyapsiz va o‘zingizda qandaydir o‘zgarishlar sezilyaptimi?

- O‘zimni erkin his qilaman. Baribir legioner sifatida to‘p surishning o‘rni boshqa bo‘ladi. Jamoada ham doimo ishonch bildirishadi. Sharoitlari ham zo‘r.

- Qachon chempionatimizga qaytmoqchisiz?

- O‘zimizni chempionatga qaytish niyatim yo‘q emas. Biroq hozircha legioner sifatida to‘p surish menga yoqyapti.

- Baribir Superligani kuzatayotgan bo‘lsangiz kerak?

- Albatta, Superligamizdagi har bir uchrashuvni ko‘raman. Bu yil juda kuchli bo‘lyapti. Har bir klub yaxshi saviyada. Bilishimcha, moliyaviy imkoniyatlari ham yaxshilanyapti. Lekin “Navbahor”ning chempion bo‘lishi uchun muxlislik qilaman. Chunki Namangan mening shahrim.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!