Shahboz Erkinov Eron-O‘zbekiston uchrashuvi haqida: "Shiddatliroq o‘yin kutgandim"

  • 12 iyun, 2024, 09:54
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

JCh-2026 saralashining ikkinchi bosqichi ham yakunlandi. Uning oxirgi o‘yinida milliy terma jamoamiz Tehronda Eronga qarshi o‘yin o‘tkazdi.

Tecno

Ko‘rgan bo‘lsangiz, “Ozodi” stadionidagi bahs golsiz durang bilan yakun topdi. Shunday qilib, milliy terma jamoamiz Eron bilan bir xil ochko to‘pladi va to‘plar nisbatiga ko‘ra ikkinchi o‘rin bilan 3-bosqichga yo‘l oldi.

Jamoamizning Tehrondagi o‘yini borasida o‘ziga yarasha fikr va munosabatlarni uyg‘otgani tabiiy. O‘z vaqtida Eron chempionatida to‘p surgan tajribali hujumchi, “Andijon” a’zosi Shahboz Erkinov vakillarimizning eronliklarga qarshi uchrashuvidan keyin taassurotlari haqida gapirdi.

- Durang o‘yin mos bo‘ldi, deb o‘ylaysizmi?

- Albatta, mos bo‘ldi. O‘yin natijasi ahamiyat kasb etganda umuman boshqacha o‘yin ko‘rgan bo‘lardik, menimcha. Uchrashuv tempi ham u qadar tezkor bo‘lmadi, ikkala jamoada ham.

- Terma jamoamizdan qanday o‘yin kutgandingiz va siz o‘ylagandek o‘ynadilarmi?

- Shiddatliroq o‘yin kutgandim. Lekin o‘yin ahamiyatidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, ikkala jamoa ham u qadar katta shiddat va xohish bilan o‘ynashmadi. Aytishim mumkinki, bu holatda normal vaziyat.

- O‘z vaqtida Eron chempionatida to‘p surgansiz. Ularni yaxshi bilasiz.  Sizningcha, Eron biz uchun noqulay raqibmi yoki...

- Shaxsan men bunday deb o‘ylamayman. Oxirgi o‘yinlarda tengma-teng o‘ynayapmiz. Ba’zi vaziyatlarda hatto ustunroqmiz. Eron bilan bizni farqimiz, ular bizga nisbatan har bir imkoniyatdan maksimal darajada siqib chiqarishga harakat qilishadi.

- Uchrashuvda siz uchun eng yaxshi futbolchi kim?

- Hujumda Oston O‘runovi yaxshi sport formasida ekanligi ko‘rinib turdi. Himoyada Abduqodir Xusanov tezligini hisobiga ancha yaxshi tozalab turdi. Butun jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsatdi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!