
Server Jeparov: "Birinchi bo‘limda hisob 5:0 bo‘lishi mumkin edi"
O‘zbekiston kubogi guruh bosqichidan o‘rin olgan "Olimpik" - "Lokomotiv BFK" (4:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar murabbiyi Server Jeparov matbuot anjumanida qatnashdi va o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Bugun alo darajadagi o‘yin o‘tkazdik. Raqib yosh bo‘lishiga qaramasdan munosib harakat qildi. Yigitlar ularga imkon qoldirishmadi, pressing qilib, hujumlarni tezda rivojlantirishdi. Oldimizda guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqish vazifasi turibdi. Shu bois bugun yirik hisobda yutishimiz shart edi. Birinchi bo‘limda hisob 5:0 bo‘lishi mumkin edi. Hujumchilar vaziyatlardan foydalanishda yanada aniqroq xarakat qilishlari kerak. Futbolchilarga rahmat aytaman. Umumiy planda ular ko‘rsatmalarni bajarishdi.
- Rian Islamovni o‘smirlar terma jamoasida o‘ynayotgan vaqtidan bilamiz. Unga katta futbolda nima etishmayapti?
- Rian juda yaxshi futbolchi. Faqat unga vaqt kerak. Jarohatdan so‘ng tiklanish jarayonini o‘tkazdi. O‘yin amaliyoti etarli bo‘lmayotgandi. Rian bugun ikkinchi 90 daqiqalik o‘yinni to‘liq o‘tkazdi. 80 daqiqalarda almashtirishni o‘ylagandik. Unda katta salohiyat bor. Shu bois oxirigacha imkon berdik. Kuchli tomonlarini ko‘rsata oldi. Aytganimdek vaqt va o‘yin amaliyoti zarur.
- OTJ tarkibiga kira olmaganlar uchun kubok bahslari qanchalik foydali bo‘lyapti?
- Kubok bahslarida o‘zini ko‘rsatishi uchun barchada imkon bor. Ularga doim buni aytib kelaman. Shu orqali sport formalarini ushlab turishadi va o‘yin amaliyoti olishadi", - dedi Jeparov.
Fikrlar