Sergey Lushchan: Har uch kunda bitta tarkib bilan o‘ynash qiyin

  • 18 oktabr, 2020, 14:34
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Pro liga 12-turi doirasidagi “Dinamo” – “Oqtepa” (2:0) uchrashuvidan keyin mezbon jamoa bosh murabbiyi Sergey Lushchan o‘yin haqida to‘xtaldi.

- Eng asosiysi, g‘alabaga erishish edi. Afsuski, vaziyatlardan gol urish bobida biroz oqsayapmiz. Bu borada ishlashimiz kerak. Navbatdagi uch turda biz uchun juda muhim o‘yinlar o‘rin olgan. Uchala bahsda ham faqat g‘alaba qozonishimiz kerak. Hozirda, eng avvalo, to‘rtlikdan joy olib, keyingi bosqichda asosiy raqiblarimiz bizdan uzoqlashmasligi uchun kurashishimiz shart.

Oxirgi turlarda tarkibda katta rotatsiya qilayotganim sababi avvalgi uchrashuvlarda o‘yinimizda pasayish bo‘lgani bilan bog‘liq. Afsuski, barqaror bo‘lmagan taqvim sababli tiklanish jarayonini ham aniq reja asosida o‘tkazishning imkoni bo‘lmayapti. Bu har bir murabbiy uchun muammo. Futbolchilar robot emas, bu ularga ham ta’sir qilmay qo‘ymaydi. Oxirgi ikki o‘yinda tarkibda o‘zgarish qilgach, qaysidir jihatdan kuchaydik, qaysidir jihatdan kuchsizlandik. Ammo oxirgi ikki o‘yinda g‘alaba qozonib, natija qilindi.

Endi 8 kun davomida uchta uchrashuv o‘tkazishimizga to‘g‘ri keladi, bu oson emas. Ikkitasi safarda, bittasi uyimizda. 21 oktyabrda «Istiqlol», 24 oktyabrda «Turon» va 28 oktyabrda «Sho‘rtan» bilan. Dastlabki to‘rtlikdan joy olgan bu klublar bilan o‘yinlarda tarkibdagi barcha futbolchilardan foydalanishimga to‘g‘ri keladi. Chunki har uch kun ichida bitta tarkib bilan o‘ynash qiyin. Zich taqvim bo‘lishiga qaramay, faqat g‘alabalarni ko‘zlaymiz, - dedi “Dinamo” bosh murabbiyi klub matbuot xizmatiga.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!