
Sardor Rahmonov: "Al Hilol" bilan Saudiya Arabistonida durang o‘ynash yomon natija emas
AGMK himoyachisi Sardor Rahmonov "Al Hilol" bilan kechgan uchrashuvdan keyingi fikrlarini bildirib o‘tdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
- O‘yin murakkab o‘tishini bilardik va shunga yarasha bahsga taraddud ko‘rgandik. Murabbiylarimiz raqibning kuchli va kuchsiz taraflarini o‘rganib chiqib, tegishli ko‘rsatmalarni berishdi. Ko‘rsatmalar asosida harakat qildik va o‘ylashimcha, kuchli raqibga nisbatan munosib qarshilik ko‘rsatdik. Hech bir jihatdan ulardan qolishganimiz yo‘q. Vaziyatlar yaratishda ham nisbatan golli imkoniyatlar bizda ko‘proq yaratildi. G‘alabaga ham yaqin kelgandik. Lekin murosasiz o‘tgan bahs jangovor durang bilan tugadi. Raqib safida jahon darajasidagi legionerlar to‘p tepdi. Ularda kuchli nomlar bor va "Al Hilol"ning o‘yinini aynan legionerlar belgilab beradi. Bizda esa ahil jamoa shakllangan va birlashib har qanday raqibga qarshi o‘ynash mumkinligini isbotladik. Adashmasam, Ar-Riyodda "Al Hilol"dan ochko olgan ilk o‘zbek jamoasiga aylandik. "Al Hilol" bilan Saudiya Arabistonida durang o‘ynash yomon natija emas. Lekin biz har bir uchrashuvga g‘alaba ilinjida maydonga tushamiz.
Katta musobaqadagi ilk o‘yin o‘tdi. Hali hammasi oldinda va bizni muhim bahslar kutmoqda. Maqsadimiz guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tish va bu yo‘lda bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Shu o‘rinda bizni qo‘llab-quvvatlab turgan o‘zbekistonlik barcha futbol ishqibozlariga minnatdorchilik bildiraman va kelgusi o‘yinlarda ularni yanada xursand etishga urinamiz, - dedi futbolchi.
Fikrlar