
Sanjar Tursunov: Birinchi o‘rinmi, ikkinchimi, buni umuman farqi yo‘q!
Xabaringiz bor, bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati-2026 saralashi doirasida Eron terma jamoasi bilan o‘ynaydi. Ushbu uchrashuv oldidan futbol jamoatchiligi fikrini o‘rgandik. Terma jamoamiz sobiq futbolchisi Sanjar Tursunov bo‘lajak o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Ertangi uchrashuvda terma jamoamizni g‘alaba qozonishiga ishonyapsizmi?
- Albatta, bugun g‘alaba qozonishimizga ishonyapman. Lekin juda qiyin bo‘ladi. Eronni qanaqa kuchga ekanini hamma biladi. Bekorga guruhda etakchi bo‘lib turgani yo‘q. Bugun hech qanaqa statistika, raqamlarga qaramasdan g‘alaba qozonishimiz kerak. Yigitlarga ishonaman.
O‘yin jarayoni sizningcha qanday kechadi?
- O‘yin jarayoniga keladigan bo‘lsak, bugun Eron shoshilmasdan harakat qiladi. Chunki ular o‘z uyida o‘ynayapti. Bundan tashqari, ochkolar bo‘yicha ham oldinda. Shuning uchun Eron birinchi bo‘limda emas, ikkinchi bo‘limda ko‘proq xavf tug‘dirsa kerak.
Taxminan qanday hisob qayd etiladi va kimlar gol uradi?
- Menmcha Eron - O‘zbekiston bahsi durang bilan yakunlansa kerak. Biroq biz yigitlarimizni g‘alaba qozonishlarini istaymiz. Menimcha, Eron bilan Eron maydonida durang yomon natija emas.
Umumiyroq savol. Termamizning ikkinchi o‘rinni olib, Jahon chempionatiga chiqish imkonyatini qanday baholaysiz?
- Birini o‘rinmi, ikkinchimi, buni umuman farqi yo‘q. Eng muhimi Jahon Chempionatiga chiqishimiz. Shuning uchun Eronga qarshi o‘yin ko‘p narsani hal qiladi. Navbatdagi raqiblarimiz BAA va Qatardan ham kerakli ochkolarni olsak, Jahon Chempionatiga albatta chiqamiz.
Fikrlar