Sanjar Quvvatov: "Neftchi"da yomonlik ko‘rganim yo‘q. Ketish - bu faqat o‘zimni qarorim"

  • 6 avgust, 2024, 00:10
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Tajribali darvozabon Sanjar Quvvatov birinchi davrani “Neftchi”da o‘tkazdi va endi mavsumning ikkinchi qismini vodiyning boshqa bir jamoasi – “Navbahor” safida boshlaydi. Quvvatov esa namanganliklar a’zosiga aylangach, Sports.uz sayti uchun intervyu berdi.

Tecno

- Ikkinchi davrani “Navbahor”da o‘tkazishga qaror qildingiz. Nima uchun?

- “Neftchi” jamoasida 6 oy o‘ynadim. Har tomonlama juda yaxshi taassurotlar qoldi. Keyin “Navbahor”dan taklif bo‘ldi. U erda oldin birga to‘p surgan jamoadoshlarim bor, o‘zingi ham bilasiz, Farruh Sayfiev, Odil Hamrobekov...Shular yana birga to‘p surishimiz istagini bildirishdi. “Neftchi” murabbiy bilan gaplashdim va ketishimga rozi bo‘ldi. Do‘stona xayrlashdik.

- Yozgi transfer paytida sizga shuningdek, “Nasaf”dan ham aniq taklif bo‘lgani haqida gap-so‘zlar yo‘q emasdi...

- Bunday variant yo‘q edi. Ro‘ziqul aka bilan qishda gaplashganimizda “Neftchi”ga o‘tishimni kutmagan. Chunki shartnomam bor edi. Keyin Ro‘ziqul aka hammasidan xabar topganidan so‘ng nimaga aytmading deganida barchasi tez yuz berdi, “Neftchi” varianti paydo bo‘lgach, boshqa variantlarga qaramadim, shular bilan gaplashib hal qildik, deb aytgandim. Bu safar ham shartnomam bor edi va menga faqat “Navbahor”dan taklif bo‘lgani uchun shuni qabul qildim.  

- Klubni o‘zgartirishingiz zarurligini qachon his qildingiz?

- “Neftchi”dagi oxirgi haftamda shu qarorga keldim. “Neftchi” jamoamda yomonlik ko‘rganim yo‘q. Ketish - bu faqat o‘zimni qarorim.

- “Navbahor”da sizni nima kutayotganini bilasizmi?

- Albatta, juda mas’uliyat. Superligada qolish uchun emas, Superliga chempionligi uchun kurashadigan jamoa. Klubdagi futbolchilarni bilaman, bir nechtasi bilan birga o‘ynaganmiz. Jamoaga kirishib ketish qiyin bo‘lmadi. Vodiyda o‘ynash qiyinroq. Muxlislar juda talabchan. Nafaqat futbolchi, balki barcha sportchilar bunday narsalarni engib o‘tishi kerak. Qo‘ldan kelganicha jamoaga foydamiz tegishiga harakat qilamiz. Bizni nima maqsadda chaqirishgan bo‘lsa, shunga erishishga bor kuchimiz bilan kurashamiz.

- Yangi klubingizdagi hayotingiz qanday boshlandi?

- To‘g‘risi, dastlabki kunlari biroz qiynaldim. Chunki “Neftchi”dan ketadigan vaqtimda ozgina shamollash bo‘lib qoldi. Keyin “Navbahor”ga qo‘shilganimda betobligim bo‘lsa-da, mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborishni xohlamadim. Hozir hammasi yaxshi. Yangi murabbiylar, klub xodimlari bilan ham yaqindan tanishib oldim.

- “Navbahor”ning asosiy darvozaboni O‘tkir Yusupov Eronga ketdi. Sizlar uning o‘rnini to‘ldirish uchun chaqirildinglar. Shuningdek, bosim qaerda kuchliroq: Farg‘onadami yoki Namangandami?

- O‘tkirni ketishiga keladigan bo‘lsak, uning uchun xursandman. Har bir futbolchini birinchi orzusi milliy terma jamoa sharafini himoya qilish. ,Yusupovni birinchi orzusi ushalgan. Futbolchilarni ikkinchi orzusi legioner bo‘lib faoliyat olib borish. O‘tkir bilan yoshligimizdan tanishmiz. Unga omad tilayman. Bosimga kelsak, hali solishtirish imkoni yo‘q. U erda yoki bu erda bosim kuchliroq deb ayta olmayman. Chunki hali rasmiy o‘yin o‘ynamadik.

-  “Navbahor” baribir azaliy maqsadidan chekinmayapti va ikkinchi davra uchun ham ancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Imkoniyatni qanday baholayapsiz?

- Eldor Suyunov bilan ikkimiz “Paxtakor”da birga o‘ynaganmiz. O‘zaro gaplashganimizda ham hayron qoldik. Negaki, nima uchun bunday tarkib va bunday futbolchilar bilan jamoa ikki yildan beri chempion bo‘la olmayapti? Biz shunga hali ham hayronmiz. Chunki o‘yinchilarning darajasi chempionlikka tortadi. Mayli, darvozabonlarni hisoblamaylik. Biz endi keldik va hali jamoa uchun hech narsa qilmadik. Albatta, bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Lekin O‘tkirni oladigan bo‘lsak, u hozir O‘zbekistonda birinchi raqamli posbon hisoblanadi. Himoya, yarim himoya va hujumdagi futbolchilarning darajasi bilan qanday qilib chempion bo‘la olmaganiga hayronmiz. Jamoani ichiga kirib, har bir mashg‘ulotda har bir futbolchini individual harakatlarini ko‘rib baho bersangiz, rostdan hayron qoladigan holat. Ammo “Navbahor”da chempionlik uchun yaxshi imkoniyat bor.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!