
Sandro Tonali: "Bu illatdan qutulganimga shukur"
10 oylik diskvalifikatsiyadan so‘ng yana maydonga qaytgan futbolchi Sandro Tonali qimor o‘yinlariga qaramlikni davolash haqida gapirib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, italiyalik futbolchi uzoq tanaffusdan so‘ng kecha Angliya Liga kubogi doirasida "Nottingem Forest"ga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. U o‘tgan yozda "Milan"dan "Nyukasl" safiga ko‘chib o‘tgan edi. U APLga kelishdan oldin Italiyada o‘yinlarga pul tikkani uchun salkam 10 oylik taqiqka uchragan edi. Shundan so‘ng, u oktyabr oyidan beri katta futboldan chetda qoldi.
Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, reabilitatsiyaning bir qismi ana shunday muammodan aziyat chekayotgan boshqa odamlar bilan uchrashib, muloqot qilishni ham o‘z ichiga olgan.
“Gaplashish ko‘p yordam beradi. Dastlabki uch oyda men oddiy kasb egalari bilan uchrashdim. Mening muammom ommaga oshkor bo‘lgach, ular ham yordam so‘rashga, ham yordam berishga va o‘zlarini qiynayotgan muammolarni yashirishni to‘xtatishga qaror qilishdi. Bu meni juda xursand qildi.
Men hayajondaman, chunki o‘zimni yangi o‘yinchi, yangi xarid kabi his qilyapman. O‘tgan mavsumda men bor-yo‘g‘i sakkizta o‘yin o‘tkazdim va bu men uchun juda qiyin bo‘ldi. Men boshqa joyda emas, balki aynan Nyukaslda ekanligimdan xursandman. Chunki mening yuqori saviyali jamoam, eng yaxshi muxlislarim mavjud. Bunday sharoitda maydonga qaytishni sabrsizlik bilan kutyapman.
O‘n oy uzoq vaqt, chunki futbolchi futbol uchun yashaydi. "Nyukasl"da ishlayotganlarning barchasi birinchi kundanoq men bilan birga. Men bu vaqt ichida hech qachon yolg‘iz qolmaganman. Bu juda muhim. Oktyabr, noyabr va dekabr oylarida men juda og‘ir vaqtlarni boshdan kechirdim. Endi men yangi davr kelganini his qilyapman. Bu mening hayotimning yangi bosqichi.
Eddi Hou mening APLdagi birinchi do‘stim edi. Men u bilan taqiq davomida har kuni gaplashdim. Qolaversa, "Vulverxempton"ga qarshi o‘ynay olmagan birinchi o‘yinga ham jamoa bilan chiqdim. Bruno Gimaraesh va Joelinton o‘yindan oldin butun kecha menga yordam berishdi. Ular mening yonimda edi. Ular buyuk insonlar. "Men murabbiyim, jamoam va muxlislarga rahmat aytmoqchiman", - dedi yarim himoyachi.
Fikrlar