
San’at Sharipov O‘FAdan nega ketgani, ayni paytda nimalar bilan bandligi, avvalgi ishlagan joyini tanqid qilgani borasida gapirdi (1-qism)
Bir necha kun avval San’at Sharipovning o‘zbek futboliga oid ijtimoiy tarmoqdagi fikrlarini chop etgandik. Uning O‘FA va “Paxtakor” borasidagi qarashlari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Ayrim insonlar San’at Sharipov O‘FAdan ketib, tanqid qilishni boshladi degan hayolga ham borishdi.
O‘z navbatida biz San’at Sharipov bilan intervyu tashkil etdik. Mutaxassis oxirgi paytlarda ko‘tarilgan mavzular, nega O‘FAdan ketgani va boshqalar borasida gapirdi.
San’at aka ayni paytda nimalar bilan bandsiz?
- Hozirgi kunda ilm o‘rganish bilan bandman. Shu bilan birga dunyo kezish hobbiylarimdan biri. Shuning uchun mana shu ikkisi bilan mashg‘ulman. Qolaversa, sportga ixtisoslashgan kurslarda ta’lim oldim.
San’at Sharipov: Kichkina bir hodisa deb O‘zbekiston U-19 termasining murabbiyini ishdan olish bu oldindan tayyorlangan rejaga o‘xshaydi
O‘FAdan ketishingizning sababi nima?
- O‘FAdan ketishimning sababi bitta. U ham bo‘lsa, yangi rahbariyat bilan o‘rtamizda futbolga bo‘lgan qarashlarimiz to‘g‘ri kelmagani uchun. Bu erda hech qanday urush, janjal yoki ishdan haydalish bo‘lmagan. O‘z xohishim bilan ketganman. Buni tvitterda ham yozgandim. Har bir odamning ishga o‘z yondashuvi, fikri bo‘ladi. Shu bois boshqasini ko‘ngliga to‘g‘ri kelmasligi tabiiy. Shuni anglab etgan holda O‘FAdan ketishimni o‘zim uchun to‘g‘ri qaror deb bilganman.
O‘zbek futbolidan ketib ozgina tanaffus qildingiz. Odamlarning nazdida qaytishingizni O‘FAni tanqid qilish bilan boshladingiz.
- Men unday demagan bo‘lardim. Masalan, men o‘zbek futbolidan ketdi degan gapga qo‘shilmas edim. Sababi men yoshligimdan o‘zbek futbolida bo‘lganman. Esimni taniganimdan beri otam meni “Paxtakor” stadioniga olib borgan. U erda Yanovskiy, Pyatnitskiy, Oganesyan kabi futbolchilarning o‘yinlarini ko‘rib katta bo‘lganman. “Paxtakor”ga ishqibozlik qilganman. Aytmoqchimanki, o‘sha paytdanoq o‘zbek futboliga kirib kelganman. Shu futbolda katta bo‘ldim.
O‘FAni tanqid qilish? Yo‘q, men o‘zi shunaqa tarbiya olganman: oqni oq, qorani qora deyman. Bu erda qanaqadir tanqidiy ruhdagi maqola, chiqishlar yo‘q. Agar siz tvitterdagi Otabek G‘ulomxo‘jaev haqidagi tvitni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, u shaxsiy fikrim va bunday gaplar O‘FAda ishlaganimda ham uchrab turgan. Faqat farqi shundaki, hozir biz ijtimoiy tarmoqlar orqali fikrlarimizni bildiradigan bo‘lsak, avvallari ichki majlislarda o‘zaro xuddi shunday fikrlarni aytardik. Hech qanday o‘zgarish yo‘q. Shuning uchun bu fikrga shaxsan men qo‘shilmayman.
Nega birdan o‘zingiz yaqindagina faoliyat yuritgan joyni tanqid qildingiz? Gap so‘zga qolib ketishingizni bilardingiz...
- Shaxsan men O‘FAga kelib San’at Sharipov bo‘lib tunilmaganman. Bu bor gap. Umrimning qariyib 20 yilini xorijda o‘qib, ilm bilan shug‘ullanib, undan tashqari futbol tashkilotlarida ishlab sarfladim. Atiga yarim yilgina O‘FAda faoliyat yuritdim. Ko‘pchilik aytadi, assotsiatsiyadan ketganingizdan keyin tanqidiy fikrlar bildiryapsiz, shu paytgacha bular haqida gapirmayotgandingiz vahokazo. Men esa baraka topkurlar, bir narsani tushuninglar, men O‘FAga yarim yilga keldim xolos. Shunda ham o‘zim futbolimizni ichkarisidan, ya’ni oshxonasidan bilishni xohlagandim. Doim uni atrofida, tashqarisida yurardim. Shuning uchun ko‘p savollarim bor edi xuddi muxlislarga o‘xshab: nega terma jamoalarimizning o‘ynash darajasi risoladagidek emas, klublarimiz yoki chempionatimizning darajasi kutganimizdek emas? kabi. Ko‘plab savollarimga javob olish maqsadida rahbariyatning taklifi bilan O‘FAga borgandim. Qisqa muddatli faoliyatimdan xursandman. Ko‘p savollarimga javob topdim. Bu ham men uchun o‘ziga yarasha hayot darsi bo‘ldi.
San’at Sharipov Adebayorga qiziqayotgan "Paxtakor" borasida: Nahotki, tarix dars bo‘lmasa
Men o‘zimni birovlarning nazdida xattoki tanqidiy fikr bildiradigan inson emas, bor gapni gapiradigan odam sifatida bilaman. Bu birovlar uchun tanqid, kimningdir orqasidan yomonlab, shikoyat qilayotgan bo‘lishim mumkin. Lekin aslida unday emas. Men shunchaki, fikrimni bildiraman va balki gaplarim futbol jamoatchiligining qarashlariga to‘g‘ri kelmagani uchun ham ularning nazdida go‘yoki ko‘rolmayotgan, hasad qilayotgandek tuyularman. Biroq meni yaqindan taniydiganlar aslida unday inson emasligimni juda yaxshi bilishadi.
Jurnalistlarning ichida ham o‘z fikriga ega insonlar bo‘lishi kerak. Chunki o‘zim ham jurnalistlik hayotni bosib o‘tganman. Shuning uchun qachonki, jurnalistlar o‘zining fikriga, mustaqil pozitsiyasiga ega bo‘lsa, ularni futbolchilar ham, murabbiylar ham xurmat qiladi. Shu ma’noda aytishim kerakki, assotsiatsiya meni San’at Sharipov qilgani yo‘q. Bu darajaga chiqishimda ota-onam, men bilan birga xorijda ishlagan, o‘qigan juda tajribali odamlarning hissasi katta, aynan ulardan o‘rganib, shu mavqega chiqdim. Hayotiy maktabni otamdan o‘rganganman. Mening ustozim aynan otam.
Fikrlar