Samvel Babayan nega grandlarni yuta olmayotgani, bosim bor ekani va "Navbahor"dagi asosiy muammo haqida gapirdi!
O‘zbekiston Superligasi 16-turidan o‘rin olgan "Navbahor" - "Paxtakor" bahsi 1:2 hisobida mehmonlar g‘alabasi bilan yakun topdi. Mazkur o‘yindan so‘ng "lochinlar" bosh murabbiyi Samvel Babayan matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Muhim o‘yinda yutqazdik. Muxlislarimizdan uzr so‘rayman. Buning sabablarini yana o‘rganamiz.
Birinchi taymni yomon o‘tkazdik. Ikkinchi bo‘limda kerakli o‘zgarishlarni amalga oshirdik, gol urdik. Hisobni o‘nglashimiz ham mumkin edi.
Chempionlik uchun imkoniyatni kamaytirib yubordik. Nima bo‘lganda ham "Navbahor" bor. Biz bor ekanmiz, kurashdan to‘xtamaymiz!
Stadiondagi atmosfera juda zo‘r bo‘ldi. Afsuski, bizda hech narsa o‘xshamadi. Ba’zida Bekoboddagi kabi omadsizliklar uchrab turadi. Lekin futbolchilarimda o‘ziga bo‘lgan ishonch yuqori, ular sinib qolmaydi.
"Navbahor" grandlarni nega yuta olmayapti? Bu o‘rinli savol. O‘ylashimcha, bu ruhiy tomondan bo‘lsa kerak. Oxirgi 4 yilda juda ko‘p murabbiylar o‘zgardi. Tizim bo‘lmadi...
"Navbahor"da doim bosim bor va bo‘ladi ham. Chunki shunday muxlislar bor. Asosiy muammo chap qanot himoyamiz. Ha, raqib safidagi Alijonov yaxshi o‘ynadi. Bizning qanot himoyachimiz qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi va shuning uchun ular bizni jazoladi", - dedi mutaxassis.



Fikrlar