Samvel Babayan: "Keyingi mavsumda jamoamizni yoshartiramiz"

  • 1 dekabr, 2023, 22:34
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 4
  • Futbol
BEPUL PROPAN

“Navbahor” klubi so‘nggi turda Namanganda “Neftchi”ni qabul qildi va unda 1:1 hisobi qayd etildi. Shu tariqa, “Navbahor” Samvel Babayan boshchiligida bronza medaliga ega chiqdi. “Neftchi”ga qarshi bahsdan keyin Babayan bir qator savollarga javob qaytardi.

- Bugun “Neftchi” bilan printsipial o‘yin bo‘ldi. Bu vodiy derbisi edi. O‘yinchilarimga minnatdorchilik bildiraman. Bunday tig‘iz grafikda o‘ynash oson emas. Chempionlar ligasida maksimal darajada harakat qilishyapti. Haqiqiy vatanparvarlik ko‘rsatishdi. Jismoniy, ruhiy va o‘yinga tayyorgarlikni futbolchilar yaxshi darajada olib bordilar. Har bir uchrashuvga jiddiy tayyorlanishyapti va bugungi o‘yinga ham. To‘g‘ri, biz bugun yutmadik. Durang ham yomon natija emas. Jamoada xarakter bor. Birinchi taymda mag‘lubiyatga uchrayotib ikkinchi taymda vaziyatni o‘zgartirib, nazoratni o‘z qo‘liga olgan yigitlarimga minnatdorchiligimni bildiraman. Shu o‘rinda jamoamiz ishqibozlariga ham alohida rahmat. O‘z vaqtida sabr qilib, bizga muxlislik qilishgani uchun juda mamnunman. Osiyo Chempionlar ligasi doirasida yana bitta o‘yinimiz bor. Shundan so‘ng mavsum yakunlari haqida to‘xtalsak bo‘ladi. Nima o‘xshadiyu, nima o‘xshamaganini yil yakunida tahlil qilsak bo‘ladi.

- Sizga va jamoangizga katta rahmat. “Navbahor” uchun oddiy mavsum bo‘lmadi. Jamoa yaxshi harakat qildi. Bugungi o‘yinda klubga nima etishmadi, deb o‘ylaysiz? Charchoqmi yoki boshqa holatmi?

- E’tibor bergan bo‘lsangiz, zaxiramizda asosiy tarkibning faqat ikkita o‘yinchisi bor edi, xolos. Bular – Azimov va Sobirjonov. Qolganlar esa yosh futbolchilar. Ular esa bunday yuqori saviyadagi o‘yinlarga tayyor emaslar. Zaxiramiz chegaralanib qolganligini ham aytib o‘tish kerak. Uchta frontda jang qilish biroz og‘irlik ham qildi. Tan olaman, bizga oxirida tajribali futbolchilar etishmay qoldi. Jamoani kuchaytiradigan, o‘z qo‘liga oladigan yigitlar kamlik qildi. Bugun Oston O‘runov jarohati bilan o‘ynadi. Echinish xonasida u hatto yura olmay qoldi. Muxlislar bizni qo‘llab turishdi. Ularning oldida mag‘lubiyatga uchramasligimiz ham kerak edi. Raqib Kubokdan chiqib ketgan, xalqaro maydonda o‘ynamaydi va shu sababli bizdan ko‘ra ancha ko‘proq dam olgan. Lekin biz “Neftchi”dan oldinda bo‘lishimiz kerak edi va buni uddaladik. Futbolchilarimizga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Muxlislarimiz esa bu jamoamizdan har qancha faxrlansa arziydi. Ular “Navbahor”ning yangi tarixini yaratishmoqda. O‘ylaymanki, xalqaro maydonlarda ham uzoqqa bora olamiz. Ishqibozlarimizni xursand qilish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz.

babayan14_6

- Namangan futbolini ko‘tarishga va mahalliy futbolchilarga ko‘proq e’tibor qaratman deb aytgandingiz. Keyingi mavsumdagi rejalaringiz qanaqa?

- Bu savolga kelsak, rahmatli ustozimiz Viktor Jalilov iqtidorlarni topish bo‘yicha ko‘p ishlarni amalga oshirdi. Akademiyamiz raisi G‘anisher Ismoilov tasdiqlaydi. U bilan ancha ishlarni amalga oshirdik. Hududlarga borib 10-11 yoshli iqtidorlarni qidirib topish bo‘yicha bir qator samarali ishlarni amalga oshirdik. Albatta, bu kelajakda o‘z mevasini beradi. Mo‘minovni jarohati bor va u Hindistonda davolanib keladi. Yana boshqa iqtidorli mahalliy yoshlar ham bor. Ular “Navbahor”ning kelajagini ta’minlab berishadi. O‘z o‘rnida ta’kidlashim kerakki, yoshlarga berilayotgan e’tibor sababli yaqinda Indoneziyadagi o‘smirlar o‘rtasidagi mundialda 4 nafar “Navbahor” tarbiyalanuvchilari bor edi. Asosiy ishlarimizdan biri Namanganda bolalar futboliga e’tiborni kuchaytirish, yangi iqtidorlarni topishdan iborat hisoblanadi. Har kuni iste’dodlarni izlab topishimiz kerak. “Navbahor”da yanada iqtidorli mahalliy futbolchilar to‘p suradi, deb ayta olaman. Klub kelajagi haqida gapiradigan bo‘lsam, kelgusidagi rejalar xususida viloyat hokimi bilan gaplashganimizda asosiy e’tiborni mahalliy yoshlarga qaratishimiz kerakligini alohida aytib o‘tdi. Kelgusi mavsumda asosan mahalliy yoshlarga e’tiborni qaratamiz. Biz kerak bo‘lsa, butun O‘zbekiston bo‘yicha iqtidorlarni izlab topamiz va ularni rivojlantirish, o‘sishi uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Terma jamoalarimizga “Navbahor” qator ajoyib o‘yinchilarni etishtirib beryapti. Shu bois bemalol ayta olamanki, jamoamiz o‘yinchilari har tomonlama rivojlanyapti. Keyingi mavumda jamoamizni yoshartiramiz.

- Endi Hindistonda “Mumbay Siti” bilan o‘ynaysizlar. Bo‘lajak uchrashuv oldidan fikrlaringiz qanday?

- “Mumbay Siti” yaxshi shakllangan. Ularga qarshi ilk uchrashuv qanday qiyin bo‘lganligini hamma ko‘rdi. Ancha shakllangan. Oxirgi turda Eronda to‘liq tarkib bilan o‘ynashmadi. Bizga qarshi barcha legionerlari maydonga tushadi. Shu sababli ancha jiddiy o‘yin bo‘ladi. Bizda yo‘qotishlar bor. Masalan, Filip asosiy futbolchimiz. Safarga bormaydi, Yo‘ldoshev ham biz bilan ketmaydi. Uni qizil kartochkasi bor. Mo‘minovni jarohati bor. Bizda yo‘qotishlar ancha ko‘p. Og‘ir bo‘ladi. Nafaqat namanganlik, balki yurtimizdagi barcha ishqibozlar bizga muxlislik qilishadi, deb o‘ylayman. Mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilishga harakat qilamiz. Shu o‘rinda futbolimizni to‘g‘ri, halol, vijdonan yoritgan barcha jurnalistlarga ham o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Кахрамонжон Сафаров
02/12/2023 12:12
Бу каламуш Баба хар сафар янги эртаклар айтиб юраверади Намонгон мухлислари кандай чидаб юрибди факат узинини чунтагини шиширяпти холоску ёки нотугри айтдимми
Akbarshox Abdulxayev
02/12/2023 00:46
Juda ajoyib fikrlar , omad Navbahor Ochl da faqat ğalaba buyogiga
&
Камбарали дехконов
01/12/2023 23:25
Баба яна коладими иштахаси баланду
Эргашев Файзулло
01/12/2023 23:19
Нефтчи про лигадан чикиб яхши уйин курсатди биз нефчидан олдин булшимиз деган гап