"Safarda yomon natija deb o‘ylamayman" - "Andijon" futbolchisi Namangandagi vodiy derbisi haqida

  • 30 mart, 20:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Namanganda bo‘lib o‘tgan vodiy derbisida “Andijon” tarkibida birinchi marta sardorlik bog‘ichida maydonga tushgan himoyachi Abdulvohid G‘ulomov ham o‘ziga bildirilgan ishonchni oqladi va ijobiy taassurot qoldirdi.

Tecno

Futbolchi maydonda bor kuch va imkoniyatini ishga soldi. Uchrashuvdan keyin Abdulvohid “Andijon” matbuot xizmatiga ortda qolgan uchrashuv haqida intervyu berdi.

- Abdulvohid, vodiy derbisi haqida nima deya olasiz?

- Avvalambor, barchani Ramazon hayit bayrami bilan tabriklayman. Uchrashuv qiyin bo‘lishi oldindan ma’lum edi. Chunki bu derbi. Muxlislarimizga katta minnatdorchiligimizni bildiramiz. Ular 90 daqiqa bizni yuqori tempda qo‘llab-quvvatlashdi. Ularga alohida rahmat. Biz maydonga faqat g‘alaba uchun tushgandik. O‘yin esa durang bilan yakunlandi. Buni safarda yomon natija deb hisoblamayman. Endi bor e’tiborimizni keyingi uchrashuvga qaratamiz.

- Vodiy derbisidagi o‘yinda ilk bor jamoa sardori sifatida maydonga tushdingiz. Bunday muhim bahsda buning mas’uliyati qanday bo‘ldi?

- Albatta, sardorlik bog‘ichi bilan maydonga tushish o‘ziga yarasha mas’uliyatli sanaladi. Bu o‘yinga bo‘lgan motivatsiyani yanada oshiradi. Sardorlik bog‘ichi bilan maydonga tushish, men uchun yoqimli.

- Oxirgi daqiqada “Andijon taym” bo‘ldi va gol urib hisobni tenglashtirdinglar. Vaziyat shunday tus olishini o‘ylaganmidingiz?

- Qalban sezib turgandik. Oxirigacha harakat qildik. Mehnatimizga yarasha Xudoim buning samarasi va natijasini berdi.

- Derbida katta jang kechdi va unda qayd etilgan durangdan qanchalik qoniqish hosil qildingiz?

- Ikkinchi taym o‘rtalaridan keyin maydonda bir futbolchi kam bo‘lib harakat qildik. Yana qaytaraman, safarda, derbida yomon natija deb o‘ylamayman. 

- Darhaqiqat, vodiy derbilari juda shiddatli va yuqori haroratda o‘tyapti. Bunga “Navbahor”ga qarshi o‘tgan yilgi derbilarni misol keltirish mumkin. Juda printsipial o‘yin va oxirgi paytlarda mazkur derbilarning darajasi yanada yiriklashib ketmoqda, buni endi oddiy o‘yin deb bo‘lmaydi...

- Derbi haqida oldin ham bir fikr bildirganman: derbida maydon, tarkib, muhit ta’sir qilmaydi. Derbida faqat maydonga chiqiladi va jang bo‘ladi. Qaysi jamoa tayyor bo‘lsa g‘alabani ilib ketadi.

- Keyingi turda “Mash’al” bilan o‘ynaysizlar. Derbidan keyin bo‘lajak uchrashuvga tayyorgarlik qanday kechadi?

- “Navbahor”ga qarshi uchrashuvdan so‘ng echinish xonasidayoq “Mash’al” bilan o‘yinga tayyorgarlikni boshladik. Xudo xohlasa, bundan keyin g‘alabalarimiz bilan muxlislarimizni xursand qilamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!