Rustamjonov qahramon! O‘zbekistonning qiyin g‘alabasi qanday baholandi?

  • 16 noyabr, 00:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Qatarda 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirok etayotgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli yurishini davom ettiradigan bo‘ldi.

Tecno

Islom Ismoilov shogirdlari guruh bosqichini ikkinchi o‘rinda yakunlaganidan keyin pley-offning birinchi uchrashuvida kuchli raqib – Xorvatiya bilan kuch sinashishiga to‘g‘ri keldi.

Evropa vakili guruh bosqichida tartibli, hujumkor va mustahkam himoyalangan o‘yini va futbolchilarining yuqori jismoniy tayyorgarligi bilan ajralib turgandi.

O‘zbekiston va Xorvatiya o‘rtasidagi bahsda har ikki tomon o‘zining ustun jihatlaridan kengroq foydalanishga harakat qildi. O‘yinda hisobni ochish hamyurtlarimizga nasib qilgan bo‘lsa-da, xorvatiyaliklar o‘yin yakunlanishiga o‘n daqiqa qolganida mag‘lubiyatdan qutilib qoldi.

Musobaqa qoidasiga ko‘ra, g‘olib jamoa penaltilar seriyasida aniqlandi. O‘yin yakunlanishidan avval Islom Ismoilov darvozabonni alishtirib, Ibrohim Shokirov o‘rniga Ne’matulloh Rustamjonovni maydonga tushirdi. Bu taktika ish berdi va futbolchilarimiz penaltilar seriyasida 4:3 hisobida zafar quchdi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi jahon chempionatida qit’a chempioni sifatida ishtirok etayotgan O‘zbekiston U-17 terma jamoasi g‘alabasiga munosabat bildirdi.

-  O‘zbekiston Qatarda davom etayotgan jahon chempionati 1/16 finalida Xorvatiya futbolchilariga qarshi maydonga tushdi. Har ikki terma jamoa uchrashuvni xavfli zarbalar bilan boshladi. Raul kumarning bosh bilan darvoza to‘g‘ri yo‘llagan zarbasini Ibrohim Shokirov qaytardi. Abdumalik Anvarov yo‘llagan to‘pni qaytarish uchun Matey Graxovats akrobatik harakatlarni amalga oshirishiga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekiston 24-daqiqada Sayfiddin Sodiqovning o‘ng qanotdagi ajoyib o‘yini samarasida hisobni ochdi. Sodiqov uzatgan to‘pni Sadriddin Hasanov boshi bilan darvoza to‘riga joyladi.

Ikkinchi bo‘limda Asilbek Aliev yo‘llagan jarima zarbasini raqib posboni Matey Graxovats katta mahorat bilan qaytardi. Ustunligini golga aylantira olmagan o‘zbekistonliklar tez orada  buning jabrini ham ko‘rdi.

Xorvatiya o‘yinning asosiy vaqti tugashiga o‘n daqiqa qolganida hisobni tenglashtirdi. Shokirov to‘pga chiqishda xato qildi, Gabriel Slivak jamoadoshi Tino Kusanovichni pas bilan ta’minladi va hujumchi gol urib, g‘oliblik masalasini penaltilar seriyasiga o‘tkazdi.

Penaltilar O‘zbekistonga xursandchilik keltirdi. Zaxiradan maydonga tushgan darvozabon Ne’matulloh Rustamjonov qahramonga aylandi. Har ikki jamoa futbolchilari birinchi zarbalardan foydalana olmadi. Rustamjonov seriya davomida Kumarning zarbasini qaytargan bo‘lsa, Hasanov hal qiluvchi zarbani aniq yo‘lladi.

Endi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi seshanba kuni 1/8 finalda Evropaning amaldagi chempioni Italiya terma jamoasi bilan o‘ynaydi, - deb yozdi the-afc.com rasmiy sayti.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!