
Rubin Xebay: "O‘zbekistonga qaytish haqida o‘ylayapman"
O‘sha barchamiz yaxshi bilgan va tanigan albaniyalik hujumchi Rubin Xebay yana O‘zbekistonga qaytishga taraddud ko‘rmoqda.
2023 yilgi mavsumda “Andijon”dagi o‘yinlari bilan Superligani “yondirgan” hujumchi o‘tgan yil boshida Saudiya Arabistonining “Al Oruba” klubiga transfer qilingandi. U erda Xebay 12 ta o‘yinda 3 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. So‘ng sentyabr oyida Tunisning “Skafsen” klubiga ko‘chib o‘tdi. U erda 7 ta o‘yinda 2 ta gol muallifiga aylandi. Solishtirish uchun aytamizki, Rubin “Andijon” tarkibida chempionat bahslarida 24 ta bellashuvda 12 ta gol urgan, Kubok musobaqasida esa 3 uchrashuvda 2 ta to‘p kiritgan.
Tunis chempionatida Xebayning klubi moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Garchi amalda shartnomasi bo‘lsa-da, ikki tomon o‘zaro kelishgan holda bitimni bekor qildilar. Natijada futbolchi 2025 yilning 1 yanvaridan erkin agentga aylandi.
Tajribali hujumchiga yurtimizda yana takliflar borligi va ayniqsa, “Nasaf”ning jiddiy qiziqayotgani xususida ma’lumotlar bor.
Sports.uz jurnalisti vaziyatga oydinlik kiritish uchun Rubin bilan bog‘landi.
- Rubin, O‘zbekistonda qishki transfer oynasi ochilgan. Yurtimizga qaytishni rejalashtiryapsizmi?
- Ha, men chindan ham O‘zbekistonga qaytish haqida o‘ylayapman.
- Sizni “Nasaf” klubiga o‘tayotganingiz to‘g‘risida gapirishyapti...
- Menimcha, shu kunlar ichida barchasi rasmiy ko‘rinish oladi. Agentim bu borada ishlayapti.
- Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, siz Tuniyada muammolarga duch kelgansiz. Ayniqsa, bir nechta oylik maoshlaringizni hali olmagansiz. Shundaymi?
- Ha, bu to‘g‘ri. Klub muammolarga duch kelayotgani sababli xanuz maoshimni ololmayapman.
- Tunisga qaytib bormasligingizni taxmin qilish qiyin emas. Sizningcha, faoliyatingizni u erda davom ettirish xatomidi?
- To‘g‘ri, men hozirda erkin futbolchiman. Umuman, bu davrni yomon o‘tdi, deya olmayman. Men yangi madaniyatlar, yangi davlatlarda tajriba orttirdim.
- Rubin, yangi mavsumni O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyormisiz?
- Aytib o‘tganimdek, yaqin kunlar ichida barchasi rasmiylashtiriladi. Shuning uchun ham kelajagim haqida ko‘p ham gapirgim yo‘q.
- O‘zbekiston chempionatidan ketganingizdan keyin Saudiya Arabistoni va Tunisda o‘ynadingiz. Biroq gol urish borasidagi sermahsulligingiz Superligamizdagi kabi bo‘lmadi. Balki yana to‘purarligingizni Superligada ko‘rsatarsiz-a?
- Umid qilaman. Men moslashishda ancha qiynaldim. O‘zbekistonda esa odamlarning menga bo‘lgan munosabati yordamida o‘z uyimdagidek his qilgandim.
- “Andijon” klubidagi faoliyatingizni ko‘pchilik eslab turadi. Sobiq jamoangizda kimlar bilan haligacha gaplashib turasiz?
- Men ko‘proq Vladimir Bubanya, Levan Arveladze, Nodari Kavtaradze, Igor Litovka, Ildar Mamatkazin va yana boshqa bir nechta futbolchilar bilan aloqada bo‘lib turaman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar